Azon News'ning «Savol-javob» loyihasida «Islom moliyasi va halol tijorat» mavzusida suhbat tashkil etildi. Unda «Islom moliyasi» loyihasi mualliflari – Xondamir Nusratxo‘jayev va Muzaffar Husniddinovlar islom moliyasiga oid ko‘plab savollarga javob berishdi.
– Islom moliyasi nima? U nimaga asoslanadi? Islom moliyasining oddiy moliyadan farqini tushuntirib bersangiz.
Muzaffar Husniddinov:
– Islom moliyasi bu – boshqa moliya tizimlari kabi faoliyat yuritadigan, ya'ni pul bilan bog‘liq amaliyotlarni bajaradigan moliya tizimi. Bu tizimda ham banklar, sug‘urta kompaniyalari, turli moliyaviy tashkilotlar bo‘ladi. Farqi – mamlakat qonunchiligidan tashqari, islom moliyasi, ya'ni fiqh qoidalariga ham javob berishi talab qilinadi.
Bu yerdagi asosiy talab – nimaga suyanadi deyilganida, islom dinining manbalariga suyanadi. Ya'ni asosiy manbalar – Qur'on, sunnat, undan tashqari fiqh manbalaridagi ijmo, qiyos usullaridan foydalaniladi.
Islom moliyasining asosiy tamoyillaridan eng birinchisi bu – riboning taqiqlanganligi. Islom moliyasi bilan shug‘ullanadigan islom banklari yoki takoful kompaniyalari riboga oid amaliyotlarni bajarmaydi, ya'ni qarz beradigan bo‘lsa, uning ustiga qo‘shimcha foiz olmaydi. Uning o‘rniga boshqa oldi-sotdi, sherikchilik bitimlarini taklif qiladi.
Ikkinchi tamoyil g‘arar deb ataladi. Ya'ni yuqori darajadagi noaniqlik, mavhumlik, turli spekulyatsiya o‘yinlarini islom moliyasi amalga oshirmaydi.
Bundan tashqari, faoliyatning o‘zi. Masalan, islom dinida taqiqlangan faoliyatlar – spirtli ichimliklar, qimor, ribo yoki turli buzuq sohalarga investitsiya kiritmaydi. Qisqacha shunday ta'rif berishimiz mumkin.
– Islom moliyasi va halol tijorat doirasida faoliyat yuritish uchun ta'lim oladigan talabalarga qandaydir grantlar, ilm olish imkoniyatlari bormi? O‘qishni tamomlagach, qayerdan ish topish mumkin, to‘liqroq ma'lumot bera olasizmi?
Xondamir Nusratxo‘jayev:
– Bu savolni ko‘pchilik so‘raydi. Avvalambor, bir narsani tushunish kerak: islom moliyasida islom va moliya degan so‘zlar bor. Buning uchun albatta moliya, iqtisodni tushunish kerak. Iqtisod o‘zi nima, qanday ishlaydi, vazifalari nimalardan iborat? Moliya, davlat moliyasi, korxonaning moliyasi nima degani, qanday tamoyillarga suyangan – bu narsalarni albatta bilish kerak.
Odamda albatta umumiy ilm bo‘lishi lozim. Ana undan keyin islom moliyasini o‘rganish uchun fundamental bilimni, birinchidan, onlayn kurslardan olish mumkin.
Islom moliyasi – bu juda ham katta narsa. Kimdir bu bo‘yicha olim bo‘lishni istaydi. Har bir islom bankining shariat departamenti bor. Xohlasa, o‘sha yerda, xohlasa masalan islom g‘aznachiligida ishlashi mumkin. Har biri uchun o‘ziga xos bilimlar kerak.
Islom moliyasi bu – umumiy tushuncha. Fundamental bilimni universitetlarda olish mumkin. Malayziya, Turkiya, Buyuk Britaniya universitetlari – islom moliyasi bo‘yicha eng yaxshi universitetlar hisoblanadi.
Agar odamlarda imkoniyat bo‘lmasa, 1-2 yillik yaxshi kurslar bor. O‘shalarda o‘rgansa bo‘ladi. Lekin unda fundamental asoslarni o‘rganadi. Uning asosida hozirda bo‘layotgan juda ham ko‘p jarayonlarni chuqur anglay olmaydi. Chunki hozir moliyaviy dunyo juda ham murakkablashib, ilgarilab ketgan. Shuning uchun kitobning vazifasi – asoslarni tushuntirib berish. Hamma narsa asoslardan boshlanadi. Undan keyin tajriba zarur bo‘ladi.
Islom moliyasining farqi nima deganda, asosiy farqi – islom moliyasi tushunchasida pul bu – o‘z-o‘zidan boylik emas va pul o‘zidan o‘zi pulni, boylikni yaratmaydi.
Masalan, aytishim mumkin, banklar bitta tugmani bosib, yo‘q joydan milliard-milliardlab dollarni yaratishi mumkin. Bu shunday tezlikda real aktivlarni yarata olamizmi, yo‘qmi? Albatta, yo‘q. Misol uchun, bir milliard dollarga, deylik, yuzta uy qursa bo‘ladi. Uni bir zumda qura olamizmi? Albatta, qura olmaymiz. Iqtisodda umuman hech nima bo‘lmasdan, faqat pul bo‘lsa, puldan pul ko‘payaversa, boylik ko‘payadimi, yo‘qmi?
Islom moliyasi aytadiki, pulning vazifasi bu – o‘lchov. Real aktivning o‘lchovi va ayirboshlash vositasi. Vosita bo‘lganidan keyin o‘z-o‘zidan maqsad bo‘lishi mumkin emas. [Shunchaki, hech qanday risksiz] 10 so‘m berib, muayyan vaqtdan keyin 12 so‘m qilib olish mumkin emas.
Agar islom moliyasi to‘g‘ri ishlasa, inqiroz degan narsa bo‘lishi mumkin emas. Chunki pul o‘z-o‘zidan ko‘payib keta olmaydi. Pul, albatta, yo ishlab chiqarishda, yo oldi-sotdida ishlashi kerak. Ana shunda pul miqdori ham, real iqtisodiyot hajmi ham oshadi.
To‘liq suhbatni Azon News`ning Youtube`dagi kanali orqali tomosha qilish mumkin.