Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari, iqtisod fanlari doktori, professor Odil Olimjonov Kun.uz bilan suhbatda tashqi qarz tushunchasi, undagi qoidalar va xatarlar, shuningdek, tashqi qarzni boshqarish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.
Olimjonovning aytishicha, qarz olingan mablag‘lardan to‘g‘ri foydalanish masalasida muammo bo‘lishi mumkin.
«Mutaxassis, rahbar, elim va yurtim deb ishlaydigan odam bu pullardan to‘g‘ri foydalanadi. Ming afsuski, tan olish kerak: ichimizda olchoqlar, vatan manfaatlarini bir chetga surib, faqat o‘z cho‘ntagini o‘ylaydiganlar hali bor. Shunday hodisa bo‘lishi mumkin. Bunday holatlar hujjat bo‘yicha tekshiriladi. Kimdir shu kabi ahmoqona ish qilsa, sal keyin ma'lum bo‘ladi. To‘g‘ri, Moliya vazirligining maxsus tashkiloti bor, Hisob palatasi mavjud, ular vaqti-vaqti bilan pullardan oqilona foydalanishni nazorat qilib turadi.
O‘ylaymanki, davlat tashqi qarzini hamma olyapti, deb hisoblash maqsadga muvofiq bo‘ladi. Qaysidir qishloqda yashayotgan shaxs o‘sha yerda bo‘layotgan qurilishdan bo‘layotgan o‘zlashtirishni payqasa, jamoatchilikka xabar berishi kerak», — deydi u.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov Kun.uz'ga bergan intervyusida «korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni yo‘q qilish uchun shaffoflikni oshirish zaruriyati» haqida gapirgandi.
Moliya vazirligi avgust oyi yakunida, asosan tashqi qarz hisobidan shakllantirilgan, Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi mablag‘larining sarflanishi bo‘yicha ma'lumotlarni ochiqlagandi.