Shvetsiyaning Klarna onlayn-banki ma'lumot berishicha, pandemiyaga qadar uning mijozlari 63 foiz holatda kontaksiz to‘lovdan foydalangan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 73 foizga yetgan.
Koronavirus pandemiyasi sababli Shvetsiya naqd pul muomalasidan butunlay voz kechishi mumkin, deb yozmoqda Bloomberg.
Agentlikning qayd etishicha, Shvetsiya shundoq ham naqd pul muomalasi bo‘yicha dunyoda eng past ko‘rsatkichga ega. Xalqaro hisob-kitoblar bankining 2018 yilgi ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakat YaIMning 1,3 foizi naqd pulga to‘g‘ri kelgan. Taqqoslash uchun, AQShda bu ko‘rsatkich 8,2 foizni, Yevrohududda esa 10,9 foizni tashkil etgan.
Raqamli pullarga o‘tishda ko‘plab ustunliklar mavjud bo‘lishi bilan birga, muammolar ham yuzaga kelishi mumkin, deb yozadi Bloomberg. Agentlik raqamli tarmoqlarda uzilishlar sodir bo‘lib, eski tizimga qaytish uchun naqd pul yetarli bo‘lmagan holda nima bo‘lishi mumkin degan savolni beradi. Agentlik shuningdek, kiberhujumlar xavfiga ham e'tibor qaratgan.
Shvetsiyaning Klarna onlayn-banki ma'lumot berishicha, pandemiyaga qadar uning mijozlari 63 foiz holatda kontaksiz to‘lovdan foydalangan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 73 foizga yetgan.
«Odamlar pul ushlashni xohlashmayapti», — dedi bankning mijozlar bilan ishlash bo‘yicha menejyeri Viveka Soderbak.
Qayd etilishicha, kunlik xarajatlar uchun ota-onalaridan pul oladigan bolalar soni ham ko‘p emas. Iyunda o‘tkazilgan so‘rovlardan ma'lum bo‘lishicha, faqat 16 foiz bolalargina ota-onalaridan naqd pul olishadi. O‘z navbatida Shvetsiyaning eng yirik Svenska Handelsbanken banki bolalar smartfon orqali boshqarishi mumkin bo‘lgan raqamli hamyonlarni taklif etmoqda.