Doiradan tashqaridagi uch soat: Uchquduqning olis ovuliga safar taassurotlari (ocherk)

O‘zbekiston 18:05 / 11.09.2020 24493

Xizmat safarlarimizning navbatdagisida Navoiy viloyatining eng olis tumani – Uchquduqda, tumanning olis ovullarida bo‘ldik. Safarimiz davomida ovul odamlarining turmush tarzi, urf-odatlari, orzu-armonlari bilan qiziqdik.

Uchquduq – viloyatning hududiy jihatdan eng yirik tumani. Tuman asosan konchilik va chorvachilikka ixtisoslashgan. Aholisi 37 ming, shundan 4,7 ming kishi qishloq, ya'ni ovullarda yashaydi. Taqqos uchun aytish mumkinki, 1,12 ming kv.km. yer maydoniga ega Urgut tumanida yarim million aholi yashaydi. Uchquduqning umumiy yer maydoni esa 46,63 ming kv.km.ni tashkil qiladi.

Bu faktni keltirishimizning boisi – Uchquduqda odamlar tiqilib qolmagan, yer ko‘p. Urgut tumanidan 46 barobar katta. Mashhur qiziqchining ta'biri bilan aytganda, yugurib charchagach, do‘ppini otib, yana bir necha gektar yer o‘lchash o‘sha yoqlarga to‘g‘ri keladi. Urgutning dalasida mol boqsangiz, sigiringning dumi bizni chegaraga o‘tmasin, deyishadi. U yoqda esa ot va tuyalar, qo‘y-qo‘zilar ixtiyorida – adog‘i yo‘q kengliklar.

Bu yerda birov qurilish qilay, deb yer talashmaydi.

Nega Uchquduq? Aytishlaricha, Buyuk ipak yo‘lida joylashgan bu manzilda qadimdan uchta quduq bo‘lgan va nomlanishiga ham shu quduqlar asos bo‘lgan. Ochig‘ini aytish kerak, bu manzilda quduq – hayotning yagona manbayi. Joy nomlari ham shunga monand: Mingbuloq, Uzunquduq, Qulquduq...

«Qulquduq»: o‘zini, o‘zligini yo‘qotmay yashayotganlar ovuli

«Altintau» ovul fuqarolar yig‘ini «Qulquduq» ovulida bo‘ldik. Ovuldagilar internet nashrlar, xususan Kun.uz degan saytni juda kam eshitishgan. Qishloq ahlining OAVga ishi tushmaydi: ularda, misol uchun, yer talashish, uy buzish, kompensatsiya ololmaslik, degan muammolar yo‘q...

Darvoqe, bu ovulda jinoyat ham bo‘lmaydi. Bo‘lmasin ham. Hamma bir-birini taniydi. O‘g‘ri ham yo‘q. U yerlarda o‘ldi-so‘ydilarni eshitmaysiz. Chaqaloqlar dalaga tashlab ketilmaydi, pullanmaydi, bolafurushlik yo‘q. Oriyat bor, xotinini bo‘ldi-bo‘lmadiga «qo‘yib yubormaydi»...

«Altintau» ovulida asosan qozoq millatiga mansub do‘stlarimiz yasharkan. Jami 134 xonadon, 664 nafar aholi istiqomat qilarkan.

Ovul raisini ko‘pchilik «ota» deb chaqirarkan. Jomart Abdiramanov – oqsoqol. Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Farrux Bafoyev hamda Jomart og‘a hamrohligida ovul oraladik.

«Xudoga shukur, odamlarimiz oriyatli, mehnatdan qochmaydi. Tasavvur qiling, ovulimiz tuman markazidan 50-60 km olisda. Oraliqda hech narsa yo‘q, qip-qizil cho‘l. Shu ovulda bir hovuch bo‘lib yashaymiz. Ishlamaslik, harakat qilmaslik mumkinmi? Yo‘q, albatta. Birov kelib non-osh bermaydi.

Shundayiga ham kambag‘alimiz yo‘q deyolmayman. Bor. Lekin ularni yolg‘izlatib qo‘ymaymiz, hamma bir-biriga qarindosh. Sanoqligina kambag‘alimiz bor edi, ularga qo‘y olib berdik. Ovulda boshqa ish qilish osonmas. Asosan chorva bilan shug‘ullanamiz. Davlatning yordami sifatida kambag‘allarga naqd pul ham tarqatdik», deydi Jomart og‘a.

Biz ehtiyojmand oila vakillarida biri Sohiba Nurullayeva bilan suhbatlashdik.

Uning turmush o‘rtog‘i bolalikdan nogiron; o‘zi esa hozirgi vaqtda jamoat ishiga jalb qilingan, 750 ming so‘m oylik olayotgan ekan. Aytishicha, unga kredit asosida 12ta qo‘y olib berilgan. «Ayni kunda qo‘ylarim soni 20 bosh bo‘ldi. Nasib qilsa, yana ko‘payadigan bo‘lib turibdi. O‘zim Xatirchi tumanidan kelin bo‘lib tushganman, o‘zbekman. Xudoga shukur, shu yerga el bo‘lib ketdim», deydi Sohiba.

Oilaning biroz qo‘li kaltalik qilayotgani sababli o‘g‘liga sunnat to‘yi qilishga qiynalayotgan ekan. Ovul oqsoqoli va hokim o‘rinbosari bu savobli ishga o‘zimiz bosh bo‘lamiz, deyishdi.

Jomart og‘aning aytishicha, ovulda o‘n nafar o‘zbek kelinchak yashab kelayotgan ekan. «Ikki millat aralashib ketganmiz, ayirmachilik yo‘q» deydi og‘a.

Shundan so‘ng Aytuar Alimbayevning xonadonida bo‘ldik. Ular yosh oila ekan.

Ota hamrohligida Aytuarning hovlisiga kirib borarkanmiz, uning turmush o‘rtog‘i Nazerkening salomlashishi e'tiborimizni tortdi. Qozoq ayollari hurmat yuzasidan o‘zidan kattani ko‘rganda, chap qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, o‘ng qo‘lini tizzadan pastga qadar tushirarkan. Xullas, o‘ziga xos tarbiya va latiflik bor.

Aytuar yo‘l qurilishida, Nazerke jamoatchilik ishida ishlar ekan. Ularning ham o‘n chog‘li qo‘yi bor. Ammo Uchquduq sharoitida yigirmata qo‘yi bor odam o‘zini boyman, demaskan...

Aytuarning aytishicha, tuman markaziga bir oyda nari borsa ikki marta ehtiyoj uchun chiqib keladi. Hech qachon internetga kirmagan, boshi og‘rimagan. «Ovulim bo‘ladi, shaharga borgim kelmaydi, sira qiziqmaganman», deydi u. Jo‘ralari shu yerda, shaharga sig‘may ketadi.

Ovulning chashmasi qurimaydi

Umuman, bu ovulda odamlar yashab qolganining sababi ma'lum: sira qurib qolmaydigan chashmasi bor ekan.

Butun ovul shu chashma suvidan ichadi. Ariqdan oqib turgan suvni kaftingizga olib ichishingiz mumkin. Suvning qadri juda baland bu yerda, muzdek va totli.

Quduqlar – hayot manbayi

Ovulda hammaning o‘tovi bor. Jomart og‘aning aytishicha, yozning kunida o‘tov – jonning huzuri. Hech qanday zamonaviy sovitkichga ehtiyoj yo‘q.

Ovulboshi bilan suhbatimizni o‘tovda davom ettirdik.

«Bir paytlar Uchquduq tumanining o‘zida yuzdan ortiq quduqlar bo‘lgan. Birgina bizning ovulimizda yigirmata quduq bor edi. Hozirgi vaqtda tuman bo‘yicha qirqta quduq qolgan. Ko‘pi qurib, ko‘milib ketgan. Nima uchun bu gapni aytyapman? Chunki cho‘l hududlarda quduqning ahamiyati beqiyos. Chorvamiz suv bilan. Odamlarimiz chorvani ko‘paytira olmayotgani, shuncha yerdan to‘liq foydalana olmayotgani sababi ham shunda.

Ko‘rib turibsiz, avval ovulimiz ancha katta bo‘lgan, hozir ko‘pgina uylar bo‘shab qolgan. Yillar davomida ayrimlar katta shaharlarga ko‘chib ketdi, yurtdan chiqib ketganlar ham bo‘ldi. Masalan, 90-yillarda ovul maktabida mingdan ortiq o‘quvchi ta'lim-tarbiya olgan bo‘lsa, hozirgi kunda 140 nafar o‘quvchi o‘qiydi.

So‘nggi yillarda ovulimiz ancha obod bo‘ldi. «Obod qishloq» dasturi asosida fuqarolar yig‘ini, maktab, bog‘cha, vrachlik punkti rekonstruksiya qilindi. Yoshlarimiz uchun sun'iy qoplamali sport maydonchasi qurildi. Umuman olganda, sharoitimiz ancha yaxshi bo‘ldi. Natijada o‘zini shaharga, chetga uradiganlar kamaydi.

Mening esa bobom, otam shu yerda tug‘ilgan, yashagan. Ovulimdan ketmayman. Millatim qozoq bo‘lsa-da, O‘zbekistonni vatanim, deb bilganman», deydi «Altintau» ovul fuqarolar yig‘ini oqsoqoli Jomart Abdiramanov.

Jomart og‘a tuman kengashi deputati ham ekan. Suhbatidan sezdikki, ovulida odamlarning muammosini yaxshi biladi. O‘zi aytganidek, hammasini qondoshim, deb hisoblaydi.

Shahar va ovul o‘rtasida tafovut bor

Shu o‘rinda bir mulohaza. Uchquduqda hech kimning dehqonchilik qilishi mumkin bo‘lgan tomorqasi yo‘q. Qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas.

Tuman bo‘yicha jami issiqxonalarni sanasangiz, barmoqlaringiz ortib qoladi. Intensiv bog‘lar yo‘q. Chorvani ko‘paytirish ham o‘lda-jo‘lda. Sababi – suv muammosi.

Tumanda doimiy ish bilan band bo‘lgan aholining yetmish foizdan ortig‘i «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» davlat korxonasi Shimoliy kon boshqarmasida ishlaydi. Juda ozchilik maktab, shifoxona kabi davlat tashkilotlarida band.

Aytish lozim, hududda havoning ifloslanishi, aholiga yetkazadigan zarari hisobiga boshqa viloyatlarga qaraganda oylik maosh baland. Xodimning yillik tajribasiga qarab ustama ham ortib boraveradi. Masala shundaki, Uchquduq tumanida bu me'yor, ya'ni oylikka ustama qo‘shilishi faqat shahar hududidagina amal qilarkan.

Masalan, tumanning shahar qismida o‘n yil ishlagan o‘qituvchi o‘rtacha 3,8 mln so‘m oylik olsa, ovul o‘qituvchisi 2,4 mln oladi. QVP shifokori shaharda o‘rtacha 2,5 mln so‘m, ovulda 2,1 mln oladi. Vaholanki, tumanda jami 9 ta maktabgacha ta'lim muassasasi, 12 ta maktab, 7 ta QVP ovullarda joylashgan.

Demoqchimizki, ovullarda yashash ham oson emas. Ayniqsa, Uchquduq sharoitida. Shunday ekan, imtiyoz barchaga birdek qo‘llanilsa, odamlarning turmush sharoiti yana ham yaxshilanardi.

***

Darvoqe, nafaqat bu ovul, balki tumandagi deyarli barcha ovullar «Obod qishloq» dasturi doirasida obod bo‘layotgan ekan.

«Qulquduq»dan qaytarkanmiz, ovul odamlariga ma'nan yaqinlashganimizni, ularning turmush tarzidan nimadir olganimizni his etdik. Uzoqdan ovul tobora kichrayib borardi.

Minglab qo‘ylar, otlar uyuri va cho‘l kemasi bo‘lgan tuyalar yakkam-dukkam adirlarda, qip-qizil yalanglikda qolaverdi. Ovulning odamlari bizdan ko‘ra chidamliroq, hayotga bardoshliroqdek, degan taassurot bilan qaytdik.

Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri.
Suratlar muallifi – Jahongir Aliboyev.

Ko‘proq yangiliklar: