Bojxona qo‘mitasi boshqarmasi boshlig‘i Farhod Olimjonov bojxona tizimida yangi ishga tushiriladigan «Bojxona auditi» dasturi haqida axborot berdi.
«2021 yil 1 yanvardan «Bojxona auditi» axborot tizimi joriy etiladi. Bu bojxona nazoratining yana bir shakli hisoblanadi. «Bojxona auditi» tizimi ishga tushirilishi va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish tadbirkorlar uchun muhim ahamiyatga ega. Ushbu masalada prezidentning 5 iyunda qabul qilingan farmonida aytilganidek, bojxona organlari xizmatiga bojxona nazorati shakli sifatida tovarlarni chiqarishga ruxsat berilgandan keyin tashqi faoliyat ishtirokchisi ishini baholash va ularning tovar va transport vositasini chiqarib yuborilgandan keyin hisobini tekshirishni nazarda tutuvchi bojxona auditini amalga oshirish vazifasi yuklandi.
Bojxona tizimida ham mazkur amaliyotning joriy etilishi natijasida yuklarni yalpi bojxona nazoratidan o‘tkazishga asoslangan tekshirishlardan butkul voz kechiladi. Ya'ni, «Xavfni boshqarish» avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali “ko‘k yo‘lak”ka yo‘naltirilgan hamda shartli ravishda erkin muomalaga chiqarilgan tovarlar ustidan samarali nazorat amalga oshiriladi.
Bu esa tovarlar chiqarib yuborilganidan keyin, xavf prinsiplari doirasida ularni kompleks tekshirish imkoniyati mavjudligi, tovarlarni bojxona chegarasiga kirib kelishi va bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish jarayonidagi nazorat tadbirlarini qisqartirishga olib keladi», deya axborot berdi Farhod Olimjonov.