Xitoyliklar o‘zbekistonlik shifokorlarga xalq tabobati usulida tayyorlangan dorilarni yetkazib beradi

Jamiyat 16:17 / 24.08.2020 8586

Ayni vaqtda Xitoyning Beizhong Yilin Pharm Tech (Beijing) Co. Ltd. farmatsevtika kompaniyasi hamda Tszyansi an'anaviy xitoy tabobati universitetining 10 nafar shifokor va mutaxassislaridan iborat guruh O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.

«Xitoylik mutaxassislarning fikriga ko‘ra, an'anaviy xitoy tabobati G‘arb tibbiyoti bilan birgalikda Covid-19’ni oldini olish, uni davolash va reabilitatsiyasida muhim ahamiyat kasb etadi. Buni mamlakatning bir qator viloyatlarida, birinchi navbatda, yangi koronavirus tarqalishining markaziga aylangan Xubeyda o‘tkazilgan klinik kuzatishlar ham tasdiqlamoqda», deyiladi vazirlik xabarida.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Xubey provinsiyasida koronavirusga chalingan bemorlarning 91,6 foizi va mamlakat bo‘ylab esa ularning 92,4 foizining sog‘ayishida an'anaviy xitoy tabobati ham alohida ahamiyat kasb etgan.

«Eng qizig‘i, koronavirusga qarshi kurashish uchun Uhan shahriga 42 ming nafar xitoy xalq tabobati vakillari safarbar qilingan bo‘lsa, ularning birortasi ham infeksiyani yuqtirib olmadi.

Buning sababi, birinchidan, himoya vositalaridan to‘g‘ri foydalanishganida bo‘lsa, ikkinchidan, xalq tabobati usulida tayyorlangan dori vositalarini qabul qilganlaridadir. O‘zbekistonda Covid-19 bilan oldingi saflarda kurashayotgan tibbiyot xodimlari uchun ham ushbu dori vositalarini yetkazib beramiz», deydi Beizhong Yilin Pharm Tech (Beijing) Co. Ltd. farmatsevtika kompaniyasi prezidenti Syuejun Lin.

O‘z o‘rnida Syuejun Lin O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov bilan muloqot davomida 4 yo‘nalishda an'anaviy xitoy tabobati usulida tayyorlangan dori vositalarini qo‘llagan holda koronavirus infeksiyasi bilan kurashishni taklif qilgan. Birinchisi – kasallik profilaktikasida, ikkinchisi – koronavirusni yengil shaklda boshdan o‘tkazayotgan bemorlarni davolashda, uchinchisi – yengil shakldagi bemorlarning holati og‘ir va o‘rta og‘irga o‘tib ketmasligi uchun parvarish qilishda va oxirgisi – Covid-19’dan sog‘ayganlarni reabilitatsiya qilishda. 

Eslatib o‘tamiz, Covid-19 infeksiyasiga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni kengaytirish, bu boradagi jahon tajribasini amaliyotga tatbiq qilish maqsadida prezident topshirig‘i bilan shu kunga qadar Xitoy, Rossiya, AQSh, Germaniya, Koreya Respublikasi, Turkiya kabi qator davlatlarning nufuzli mutaxassislari O‘zbekistonga tashrif buyurishgandi.

Ko‘proq yangiliklar: