O‘zbekistonda Xalqaro avtomobil transporti sohasida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha mintaqaviy o‘quv markazi tashkil etiladi. Bu «O‘zbekiston transport-logistika tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» prezident qarorida belgilangan.
Markaz Transport vazirligi va O‘zbekiston xalqaro avtomobilda tashuvchilar uyushmasining Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi bilan hamkorlikda yuqori malakali va tajribali xorijiy o‘qituvchi va instruktorlarni jalb etgan holda tashkil etiladi.
Quyidagilar o‘quv markazi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:
O‘zbekiston xalqaro avtomobil transporti sohasida ishtirok etayotgan ko‘p tomonlama xalqaro konvensiya va bitimlarga muvofiq menejerlar va professional haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash;
xalqaro avtomobil transporti sohasida kadrlar tayyorlovchi ta’lim muassasalari, shu jumladan, Markaziy Osiyodagi ta’lim tashkilotlari pedagog xodimlarining malakasini oshirish;
transport-logistika tashkilotlariga avtomobil transportida yuklarni yetkazib berishning samarali yo‘nalishini aniqlash va zanjirlarini shakllantirish bo‘yicha konsalting xizmatlarini ko‘rsatish;
avtotransport vositalari xavfsizligini ta’minlash, diagnostika qilish va standartlashtirish bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish.
O‘quv markazi avtomobilda yuk va yo‘lovchilarni xalqaro tashish sohasida malakali kadrlar va professional haydovchilar tayyorlovchi nodavlat ta’lim tashkiloti hisoblanadi.
O‘quv jarayonlari Yevropa ta’lim standartlari asosida ishlab chiqilgan va Transport vazirligi tomonidan tasdiqlangan o‘quv reja va dasturlariga muvofiq tashkil etiladi.
O‘qishni muvaffaqiyatli yakunlagan soha menejerlari va haydovchilarga umume’tirof etilgan xalqaro sertifikatlar (guvohnomalar) beriladi hamda ular avtomobilda xalqaro tashish sohasida litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillaridan o‘tishda qabul qilinadi.
O‘quv markazi Toshkent avtomobil va yo‘llar texnikumining Toshkent shahri Chilonzor tumani Zavqiy ko‘chasidagi bino va inshootlariga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi. Bunda ushbu obektda qurilish-ta’mirlash ishlari O‘zbekiston xalqaro avtomobilda tashuvchilar uyushmasi tomonidan Toshkent avtomobil va yo‘llar texnikumi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.