Toshkent shahar hokimligi Yashnobod tumanidagi Pahlavon Mahmud ko‘chasi, 25, 27, 8, 8a uylarda yashovchi aholi videomurojaati yuzasidan izoh berdi. Murojaatda issiqlik ta'minoti bilan bog‘liq muammolar ko‘tarilgan.
Poytaxt hokimligi xabariga ko‘ra, murojaat chiqishidan avval mazkur turar-joy uylari “O‘zdonmahsulot” AJga tegishli qozonxonadagi issiqlik energiyasi bilan ta'minlangan edi. “O‘zdonmahsulot” AJ texnologik jarayonlari ta'mirlanganligi bois, ushbu uylarda issiqlik ta'minoti to‘xtatildi.
Vujudga kelgan vaziyatni hal qilish uchun Toshkent shahar hokimligi va “Toshissiqquvvati” DUK tomonidan yangi issiqlik trassasini qurish va ushbu uylarni “Aviashaharcha-22” lokal qozonxonasiga ulash bo‘yicha ishlar boshlandi.
“Yuqorida ko‘rsatilgan uylarning qozonxonaga ulanishi “Aviashaharcha-22” qozonxonasiga ulangan turar-joylarning issiqlik ta'minotiga salbiy ta'sir ko‘rsatmasligi uchun lokal qozonxona uskunalarining quvvatini oshirish ishlari olib borilmoqda va uzunligi 384 p/m bo‘lgan yangi issiqlik trassasi qurilmoqda”, - deyiladi ma'lumotda.
Bildirilishicha, lokal qozonxona uskunalarini rekonstruksiya qilish uchun 95 mln. so‘m va yangi issiqlik trassasi qurilishi uchun 1015 mln. so‘m mablag‘ ajratilgan.
Ishlar 24 avgust kuni boshlanib, 10 kun ichida yakunlanadi.