Navoiy shahar 2-sonli IIB JQB hamda Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash otryadi xodimlari tomonidan tadbir o‘tkazilgan. Bu haqda Navoiy viloyati IIB axborot xizmati xabar bermoqda.
Tadbir davomida, 1978 yil Navoiy viloyati Navoiy tumanida tug‘ilgan, NKMK DK kon boshqarmasida Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash otryadida nazoratchi, Karmana tumani “Qahramon” mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro N.M. o‘zi ishlab kelayotgan kon boshqarmasidan narxi qariyb 42 million 275 ming so‘mlik qiymatdagi og‘irligi 3800 gramm bo‘lgan oltin qum zarralarini yashirin ravishda o‘g‘irlab ketayotgan vaqtida, qo‘riqlash xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Natijada, fuqaro N.M.ning jinoiy xatti-harakatlari yakuniga yetmay qolib, ashyoviy dalillar xolislar ishtirokida rasmiylashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan qoidabuzar N.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,169-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.