1 sentyabrdan boshlab obektlarni qo‘riqlash tizimiga yangi mexanizm tatbiq etiladi

O‘zbekiston 07:24 / 22.08.2020 40747

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash bosh boshqarmasining faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

2020 yil 1 sentyabrdan boshlab:

a) obektlarni qo‘riqlash tizimiga, quyidagilarni nazarda tutuvchi, Qo‘riqlash bosh boshqarmasi faoliyatni tashkil etishning mutlaqo yangi mexanizmi tatbiq etiladi:

bir qator obektlarning qo‘riqlash funksiyalarini shahodatlangan tarkibdan Qo‘riqlash bosh boshqarmasining harbiylashtirilgan bo‘linmalariga o‘tkazish;

maqbullashtirilgan aralash qo‘riqlash turlarini joriy qilish;

zamonaviy texnik qo‘riqlash vositalarini joriy etish orqali jismoniy qo‘riqlashdan voz kechish;

b) jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini hisobga olgan holda, ayrim toifadagi obektlarni bosqichma-bosqich qo‘riqlashning yuqorida qayd etilgan yangi mexanizmlarini joriy etish orqali Qo‘riqlash bosh boshqarmasining ko‘rsatilayotgan qo‘riqlash xizmatlarini takomillashtirish bo‘yicha, 2022 yilning 1 yanvariga qadar yakunlanishi ko‘zda tutilgan quyidagi bosqichlar belgilanadi:

birinchi bosqich – vazirlik, davlat qo‘mitalari, idoralar, hokimiyatlarning ma'muriy binolari, o‘quv va madaniy muassasalar, chakana amaliyot kassalar, bank xizmatlari markazlari;

ikkinchi bosqich – ishlab chiqaruvchi obektlar, bozorlar, savdo markazlari, teleradiouzatuv obektlari, suv inshootlari;

uchinchi bosqich – sudlar va bank binolari;

v) “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklarni barvaqt bartaraf etish tizimida, mahallalarda Qo‘riqlash bosh boshqarmasining shartnoma asosidagi statsionar postlari va tezkor harakatlanuvchi guruhlarning patrulligi joriy etiladi.

Qo‘riqlash bosh boshqarmasi kuch va vositalarini boshqarishning sifat jihatidan yangi tizimi joriy etilib, bunda quyidagilar nazarda tutiladi:

bo‘linmalarning kuch va vositalarini boshqarishni takomillashtirish, iqtisodiy samaradorlikni ta'minlash maqsadida hududiy bo‘linmalarni maqbullashtirish;

saf bo‘linmalarini shahar, tuman qo‘riqlash bo‘limlari sifatida qayta tashkil etish;

qo‘riqlash xizmati ko‘rsatilayotgan obektlar va shaxsiy tarkib sonini inobatga olgan holda tumanlararo qo‘riqlash bo‘limlarini tashkil etish.

Belgilanishicha, 2020 yilning 1 sentyabridan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchi va xodimlari lavozimlarini jamlash ustuvor tarzda Qo‘riqlash bosh boshqarmasi harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalarining tegishli kasbiy tayyorgarlikka ega, tayyorgarlik mashg‘ulotlari va tanlov bosqichlaridan o‘tgan ishchilari orasidan tanlab olish orqali amalga oshiriladi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra:

Qo‘riqlash bosh boshqarmasining shahodatlangan tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining xodimlari hisoblanib, huquqiy maqomi bo‘yicha ichki ishlar organlari xodimlariga tenglashtiriladi;

qayta tashkil etilishi munosabati bilan va moddiy qo‘llab-quvvatlash, maqsadida Qo‘riqlash bosh boshqarmasi xodimlariga ularning lavozim maoshidan 20 foiz miqdorda oylik ustama belgilanadi;

yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga ko‘ra, Qo‘riqlash bosh boshqarmasi ishchi va xizmatchilarining lavozim maoshlarini belgilashda tarif koeffitsiyentlari o‘rtacha ikki barobargacha oshirilgan miqdorda qo‘llaniladi.

Ko‘proq yangiliklar: