Toshkent viloyat prokuraturasi Bekobodda do‘koni buzilgan yosh tadbirkor haqidagi maqola yuzasidan bayonot berdi

Jamiyat 14:38 / 21.08.2020 6595

28 iyul kuni Kun.uz saytida «Bekobodda yosh tadbirkor sindirilmoqda. Yetimlikda o‘sgan yigitning onlayn auksionda sotib olgan mulki prokurorning «tashabbusi» bilan buzilmoqda» sarlavhali maqola e'lon qilingandi.

Toshkent viloyati prokuraturasi maqola yuzasidan bayonot berdi. Bayonot matni quyida to‘liq holda keltirib o‘tiladi.

«Maqolada fuqaro G‘.Xudoyberdiyev Bekobod tumani, «Ilg‘or» MFY hududidan 0,02 gektar yer maydonini «E-IJRO AUKSION» orqali sotib olib, qurilish ishlari qilgani, biroq tuman prokurori yakka tartibdagi tadbirkor I.Suvonqulov manfaatida ma'muriy sudga noqonuniy ariza kiritgani, arizada yetarlicha asoslar ko‘rsatilmagani bayon qilingan.

Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan maqolada keltirilgan vajlar to‘liq o‘rganib chiqildi.

Aniqlanishicha, 12.12.2018 yildagi YU 1003-000005-sonli «Elektron-onlayn auksion» bayonnomaga ko‘ra, G‘.Xudoyberdiyev tumanning «Ilg‘or» MFY hududidagi 0,02 ga yer maydonini savdo do‘koni qurish uchun 15.549.391 so‘mga sotib olgan.

Shunga ko‘ra, Bekobod tuman hokimining 21.12.2018 yilda «Ilg‘or» MFY hududidan doimiy foydalanishga berish uchun auksion orqali olingan «savdo do‘koni» qurilishi uchun yer maydoni tanlash va ajratish to‘g‘risida 2635-sonli qarori qabul qilingan.

Biroq, unga ajratilgan 0,02 gektar yer maydoni «Ilg‘or» MFY xududida bo‘lsa-da, G‘.Xudoyberdiyev savdo do‘konini tumanning «Qo‘rg‘on» MFY hududidan qura boshlagan.

Bundan norozi bo‘lgan «Qo‘rg‘on» MFY hududidagi savdo do‘konlari mulkdorlari Suvonqulov Ikrom va boshqalar tuman hokimi hamda prokuroriga ariza bilan murojaat qilib, G‘.Xudoyberdiyev ularga tegishli do‘kon oldidan noqonuniy qurilish ishlari olib borayotganini, do‘konga kirish yo‘li va ko‘cha yuzini yopib qo‘yganini ma'lum qilishib, qurilishni to‘xtatishni so‘ragan.

Mazkur yer maydoniga Bekobod tuman hokimi, prokurori va boshqa mutasaddilar birgalikda borishib, qurilish ishlari boshlanmasdan turib G‘.Xudoyberdiyevga vaqtincha qurilish qilmasligi, nizo hal etilgach qurilishni davom ettirishi mumkinligini tushuntirishgan.

Shuningdek, G‘.Xudoyberdiyev qurilishni to‘xtatib turish haqida tuman hokimligi tomonidan 27.11.2019 yilda 3-16/1718-sonli va 12.12.2019 yilda 3-16-1/1718-sonli xatlar bilan rasman ogohlantirilgan.

Shu bilan birga, ushbu holat tuman prokuraturasi tomonidan o‘rganib chiqilib, nizoli yerning auksion savdosida sotilishi va tuman hokimining G‘.Xudoyberdiyevga yer ajratib berish haqidagi 21.12.2018 yildagi qarori qabul qilinishida bir qator qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlanib, hokim qarori va auksion bayonnomasini haqiqiy emas deb topish haqida 19.12.2020 yilda tuman ma'muriy sudiga ariza kiritilgan.

Xususan, Bekobod tuman prokurorining arizasida, G‘.Xudoyberdiyevga ajratilgan yer maydoni Vazirlar Mahkamasining 26.12.2011 yildagi «O‘zbekiston Respublikasi hududidagi avtomobil yo‘llarida xavfsizlikni ta'minlash va tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 342-sonli qarori bilan tasdiqlangan Qoidalarning 22-bandi talablariga zid ravishda berilgani qayd etilib, unga ko‘ra, «4 va 5-toifali avtomobil yo‘llari uchun xavfsizlik mintaqasi (qizil chiziqqacha bo‘lgan masofa) qurilish uchun ajratilgan yer tasmasi chegarasidan 15 metr»ni tashkil etadi.

Shuningdek, arizada Bekobod tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasining 18.12.2019 yildagi 01/01-435-sonli xulosasiga ko‘ra, G‘.Xudoyberdiyevga do‘kon qurilishi uchun ajratilgan 0,02 gektar yer maydoni «Ilg‘or» MFY hududidan o‘tgan 4K786-sonli «Bekobod-O‘zbekiston-Mallaboy-Zafar» yo‘nalishidagi 4-toifali avtomobil yo‘lining 14-km chap tomonida joylashgan bo‘lib, ushbu joyda savdo do‘koni qurish tavsiya etilmasligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Bundan ko‘rinadiki, G‘.Xudoyberdiyevga yer ajratishda vakolatli idoralarning xulosasi to‘liq olinmasdan xatolikka yo‘l qo‘yilgan.

Ya'ni, G‘.Xudoyberdiyevga yer tanlash va ajratish jarayonida, amalda bo‘lgan Vazirlar Mahkamasining 30.06.2018 yildagi «Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berishning zamonaviy va shaffof mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 493-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 18-bandiga asosan Toshkent viloyati Avtomobil yo‘llari hududiy boshqarmasi (ekspluatatsiya qiluvchi) hamda Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining hududiy bo‘limlari (nazorat qiluvchi) bilan kelishilmagan yoki ularning ijobiy xulosasi olinmagan.

Yuqorida ko‘rsatilganidek, G‘.Xudoyberdiyev nizoli yerdan vaqtincha qurilishni boshlamasligi va xarajat qilmasligi haqida tuman hokimligi tomonidan bir necha marotaba rasman ogohlantirilishiga qaramasdan, o‘zboshimchalik bilan do‘kon qurilishini boshlab, o‘zining hamda davlat va jamoat manfaatlariga zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgan.

Mazkur ish bevosita prokuror tomonidan o‘rganilgan bo‘lib, qonun buzilish holatlari yuzasidan prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilgan.

Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 4-moddasiga ko‘ra, har qanday manfaatdor shaxs o‘zining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishga haqli.

Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda, sudga prokuror, davlat organlari va boshqa shaxslar murojaat qilishga haqli.

Bundan tashqari, mazkur holat yuzasidan Bekobod tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilib, natijasiga ko‘ra tuman prokurori tomonidan 30.07.2020 yilda Bekobod tuman hokimligi hamda tuman Yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 205-moddasi

1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Maqolada tuman prokurorining arizasi ma'muriy sudlar tomonidan asossiz qanoatlantirilgani qayd etilgan.

Izoh: Bekobod tuman prokurorining hokim qarori va auksion bayonnomasini haqiqiy emas deb topish haqidagi arizasi Bekobod tuman ma'muriy sudining 29.01.2020 yildagi hal qiluv qarori bilan qisman qanoatlantirilib, tuman hokimining 21.12.2018 yildagi «savdo do‘koni» qurilishi uchun yer tanlash va ajratish to‘g‘risida 2635-sonli hamda yer uchastkasini auksionga chiqarish haqidagi 2479-sonli qarorlari haqiqiy emas deb topilgan.

Shuningdek, auksion bayonnomasini haqiqiy emas deb topish haqidagi talab sudga taalluqli bo‘lmagani sababli ish yuritishdan tugatilgan.

Ushbu qaror Toshkent viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining 17.03.2020 yildagi qarori bilan o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Oliy sud raisi birinchi o‘rinbosarining 30.07.2020 yildagi ajrimi bilan G‘.Xudoyberdiyevning nazorat tartibidagi shikoyati Oliy sud ma'muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay'atida ko‘rib chiqish uchun o‘tkazilgan va ishni ko‘rish 20.08.2020 yilga belgilangan.

Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 249-moddasiga ko‘ra, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha sud hujjatlari ustidan ishda ishtirok etuvchi shaxslar, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida sudning hal qiluv qarori qabul qilgan shaxslar tomonidan, shuningdek Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan (tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha) nazorat tartibida shikoyat qilinishi mumkin.

Shuningdek, ushbu kodeksning 9-moddasiga ko‘ra, ma'muriy ishlar bo‘yicha odil sudlov fuqarolarning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan, yuridik shaxslarning esa mulkchilik shaklidan, joylashgan yeridan, shuningdek boshqa holatlardan qat'i nazar qonun va sud oldida tengligi asosida amalga oshirilishi, 10-moddasida, odil sudlovni amalga oshirishda sudyalar mustaqildirlar va faqat qonunga bo‘ysunishi, sudlar faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilangan.

«Kun.uz» sayti jurnalistlar tomonidan masalaning asl mohiyati yoritilmasdan, prokuratura va sud organlariga nisbatan asossiz ayblovlar qo‘yilib, fuqarolarning sud hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini so‘ndirish, sud ishlarini yuritish taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi asosida amalga oshirilishi prinsipiga zid ravishda noo‘rin fikrlar yoritilib, «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi Qonun talablari buzilgan.

Shuningdek, «Kun.uz» saytida yoritilgan video lavhada ushbu nizoli yerning auksion bayonnomasini haqiqiy emas deb topish talabi sudga taalluqli emasligi va uning huquqiy oqibatlari haqida sudga ta'sir qiluvchi fikrlar yuritilgan hamda boshqa mulkdorlarning mulk huquqiga oid ma'lumotlar ularning roziligisiz oshkor qilingan.

O‘zbekiston Respublikasining «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi Qonunining 10-moddasiga ko‘ra, prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchining yozma ruxsatisiz surishtiruv yoki dastlabki tergov materiallarini e'lon qilish, muayyan ish bo‘yicha sud qarori chiqmasdan turib yoki sudning qarori qonuniy kuchga kirmay turib, uning natijalarini taxmin qilish yoxud sudga boshqacha yo‘l bilan ta'sir ko‘rsatish ta'qiqlanadi», – deyiladi viloyat prokuraturasining tahririyatga yo‘llagan bayonotida.

Ko‘proq yangiliklar: