Urgutda ushbu targ‘ibot tadbirining o‘tkazilishi bejiz emas, tumanda oxirgi ikki kunda sodir bo‘lgan ayanchli YTH oqibatida 5 nafar inson halok bo‘ldi, yana bir necha kishi turli darajada jarohat oldi.
Targ‘ibot tadbirida Farhod Shayzokov urgutlik haydovchilarga murojat qilib, yo‘llarda ehtiyot bo‘lib harakatlanish, tezlikni oshirmaslikni, ota-onalardan esa yosh bolalarning velosipedda katta ko‘chalarga chiqib ketishini nazorat qilishni so‘radi.
Farhod Shayzokov tadbirda qatnashayotgan haydovchilar va aholi vakillariga Samarqand viloyatida yil boshidan beri sodir bo‘lgan YTH va ularning sabablari, bundan tashqari Samarqand viloyati IIB YHXB da YTH va harakat xavfsizligini ta'minlash sohasida qilinayotgan ishlar borasida hisobot berdi.
Ma'lum bo‘lishicha, 2020 yilning 15 avgust kunidan buyon Samarqand viloyat IIB YHXB xodimlariga 285 ta planshet tarqatilib, xodimlaining fuqarolar bilan muloqotini kamaytirish va korrupsion holatlarning oldini olish maqsadida ma'muriy bayonnomalarni planshetlar orqali rasmiylashtirish joriy etilmoqda.
IIB YHXB boshlig‘i bergan ma'ulumotlarga ko‘ra, ko‘rilgan chora-tadbirlarga qaramasdan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Samarqand viloyati hududidan o‘tuvchi xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llariga o‘rnatilgan onlayn rejimida ishlovchi jami 22 ta, shundan 14 ta statsionar, 7 ta mobil radarlar yordamida 41 768 qoidabuzarliklar aniqlangan. Bundan tashqari, viloyat yo‘llarida jami 321 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, oqibatda 127 kishi halok bo‘lgan, 248 nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olgan.
Jumladan, yil boshidan beri birgina Urgut tumanida 28 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, oqibatda 18 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 21 nafar fuqaro turli darajada tan jaroxati olgan.
«Yo‘l harakati hodisalarining tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, ularning 45 foizi piyodalar bilan bog‘liq holda sodir etilmoqda. Piyodalarning svetofor ishoralariga, yo‘l belgilariga, yo‘l chiziqlarining talablariga rioya etmasligi, yo‘lning piyodalar uchun ta'qiqlangan qatnov qismida bo‘lishi va boshqa xavfsizlik qoidalariga rioya etmasligi ular bilan bog‘liq YTHlarga sabab bo‘lmoqda», dedi Shayzokov. Uning ma'lum qilishicha, Samarqand viloyati hududida sodir bo‘lgan YTH oqibatida halok bo‘lganlarning 14 nafarini voyaga yetmaganlar, 18 nafarini ayollar tashkil etadi.
Samarqand viloyatida sodir etilgan YTH jami 358 ta transport vositasi ishtirok etgan. Shundan 207 tasi yoki 58 foizi mahalliy transport vositalari haydovchilari tomonidan, 151 tasi yoki 42 foizini viloyat hududidan tranzit o‘tuvchi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg‘ona, Namangan, Navoiy, Buxoro, Xorazm, Jizzax va Toshkent viloyatlari) transport vositalari haydovchilari tomonidan sodir etilgan.
Yo‘l-transport hodisalarining sodir bo‘lish sabablari o‘rganilganda, aksariyat YTHga haydovchilar tomonidan yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzish sabab bo‘layotgani aniqlangan. Jumladan, ular tomonidan belgilangan tezlikni me'yordan oshirish, qarama-qarshi yo‘nalishga o‘tib harakatlanish yoki noto‘g‘ri quvib o‘tishi, mast holda transport vositasini boshqarish, charchash oqibatida rul boshqaruvida uxlab qolish yoki haydovchilarga oddiy bo‘lib ko‘ringan yo‘l belgisiga amal qilmaslik og‘ir oqibatli YTHlarni sodir etilishiga sabab bo‘lgan.
Shundan so‘ng targ‘ibot tadbiri doirasida Urgut tumanida YTHga uchrashi oqibatida yaroqsiz holga kelib kelib qolgan avtomobillarni Urgut shahri va tumani bo‘ylab ko‘chalar bo‘ylab olib o‘tishdi va aholi gavjum joylarda YHXB xodimlari tomonidan targ‘ibot olib borildi.
Tadbir so‘ngida Farhod Shayzakov fuqarolarga murojaat qildi: «Yo‘lga chiqishdan avval avtomobilingizning sozligini yana bir bor ko‘rikdan o‘tkazing. Tegishli hujjatlar bo‘lmagan holda yoki spirtli ichimliklar ta'sirida avtomobil boshqarmang.
Hurmatli haydovchilar, ko‘cha faqat avtomobil boshqarayotgan haydovchilarga tegishli emas. Unda piyodaning ham, mototsikl boshqarib ketayotganlarning ham, velosipedda harakatlanayotganlarning ham haqqi bor. Ular ham ko‘chaga chiqqach, yo‘l harakati ishtirokchilariga aylanishadi. Shunday ekan, yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilariga ham e'tiborli bo‘ling», dedi Farhod Shayzokov.