«Avvalgi ikki yilgi tajribadan kelib chiqqan holda, test sinovlari birinchi smenda soat 8da boshlanadigan bo‘lsa, abituriyentlar kamida yarim soat oldin tegishli binoda, test sinovlari o‘tkaziladigan sektorda o‘ziga tegishli joyda o‘tirgan bo‘lishi kerak. Shuni inobatga oladigan bo‘lsak, test sinovlari soat 8:00da boshlanadigan bo‘lsa, abituriyentlarni soat 6:30dan kiritishni tashkillashtirish bo‘yicha ishlar olib borilyapti.
Ikkinchi smena ham xuddi shu tartibda. Abituriyentlar o‘ziga belgilangan joylarga kamida 16:30da o‘ziga tegishli joyda o‘tirgan bo‘lishi kerak. Belgilangan vaqtdan kechikkan abituriyentlarni kiritilmasligi bo‘yicha qoidalar bor», - dedi DTM boshqarma boshlig‘i Diyorbek Qo‘chqorov.
Test sinovlari stadion va xiyobonlarda o‘tishi va abituriyent ruxsatnomasining shakli va tarqatish tartibi masalalariga bag‘ishlangan brifingda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, ona tili fanidan rasmli testlar tushishi haqidagi savolga ham javob berildi.
«O‘tgan yili ba'zi fanlardan rasmli testlar bo‘lgan edi. O‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqib, joriy yilda bu boshqa fanlarga ham qo‘llangan.
Savollar qiyinligiga keladigan bo‘lsak, abituriyentlarga qo‘shimcha sharoit yaratib berish maqsadida test savollari ham ancha soddalashtirilgan. Birinchi, ikkinchi, uchinchi qiyinchilik darajasi bo‘lsa, uchinchi qiyinchilik darajasidagi (eng qiyin savollar) savollar soni kamaytirilib, birinchi qiyinchilik darajasidagi (eng oson savollar) savollar soni ko‘paytirildi.
Bundan tashqari, 3 soat vaqt ajratilyapti. Buni abituriyentlar uchun qo‘shimcha qulaylik sifatida ko‘rish mumkin», dedi Davlat test markazi direktor o‘rinbosari Sardor Rajabov.
Avvalroq, DTM boshqarma boshlig‘i Barno Rajabov Test sinovlariga haydovchilik guvohnomasi yoki pasport nusxasi bilan kirib bo‘lmasligini aytgandi.