Joriy yilning 19 avgust kuni soat 18:30larda, Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani 4R-84 “Yakkabog‘-Chiroqchi-Sho‘rbozor” avtomobil yo‘lining 38-kilometrida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, haydovchi, 1987 yilda tug‘ilgan B.E. “Neksiya” rusumli avtomobilni boshqarayotib, quvib o‘tish qoidalarini buzishi oqibatida qarshisidan harakatlanib kelayotgan haydovchi, 1983 yilda tug‘ilgan O.S. boshqaruvidagi NOWO rusumli yuk avtomashinasi bilan to‘qnashgan.
Natijada, “Neksiya” rusumli avtomobil haydovchisi, 33 yoshli B.E. hamda yo‘lovchilari, 67 yoshli B.X. va 1 yoshli A.N. og‘ir tan jarohatlari bilan voqea joyida vafot etishgan. Ushbu avtomobil yo‘lovchisi, 26 yoshli O.T. tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan.
Mazkur YTH yuzasidan Chiroqchi tumani IIO FMB huzuridagi TB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Barcha yo‘l harakati qatnashchilaridan yo‘llarda harakatlanganda yo‘l harakati qoidalariga amal qilishlarini, o‘zi va o‘zgalar hayotini xavf ostiga qo‘ymasliklarini so‘rab qolamiz”, - deyiladi ma'lumotda.