O‘zbekistonda 2 mingdan ortiq maktabga ichimlik suvi tashib keltiriladi, shundan yarmi filiallar - vazirlik

Jamiyat 17:03 / 20.08.2020 1761

«Ichimlik suvi tashib keltiriladigan maktablarning 1000dan ortig‘i maktab filiallariga to‘g‘ri keladi. Umumiy hisobda 604 mingdan ortiq o‘quvchi ichimlik suvi tashib keltiriladigan shanday maktablarda ta'lim olmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti rahbarligida joriy yil

17 iyul kuni kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan zarur hollarda respublika budjetidan mablag‘ ajratib, respublikadagi ichimlik suvi bilan ta'minlanmagan, ya'ni tashib keltiriladigan 2 270ta umumta'lim maktablariga suvni tozalovchi qurilmalar o‘rnatish orqali toza ichimlik suv bilan uzluksiz ta'minlash topshirilgan», dedi Xalq ta'limi vazirligi matbuot kotibi AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda.

Bundan tashqari, tadbirda joriy o‘quv yilida maktablarda yaratilishi ko‘zda tutilgan qo‘shimcha o‘quv o‘rinlari haqidagi savolga ham javob berildi.

«2020 yilda xalq ta'limi tizimidagi 475ta obektda qurilish-montaj ishlari olib borildi. Shundan, 39ta maktab yangidan qurilmoqda, 249ta maktabda rekonstruksiyalash va 186ta maktabda mukammal ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. Ushbu maqsadlarga 2 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan.

Ushbu dasturlar asosida jami 70 mingdan ortiq qo‘shimcha o‘quv o‘rinlari yaratilishi belgilangan. Bu, o‘z navbatida 2 va undan ortiq navbatda (smena) o‘quv tashkil etilgan maktablar hisobiga to‘g‘ri keladi», dedi vazirlik rasmiysi.

Laylo Rustamova o‘quv qurollari va kiyim-kechaklarni maktab boshlanganidan keyin xarid qilish mumkinligini aytib o‘tdi.

«Ota-onalarimizdan bozor va do‘konlar ochildi deb maktab bozori qilishga shoshmasliklarini, bozorlarga borgan taqdirda ham sanitariya qoidalariga qat'iy amal qilib, ijtimoiy masofa saqlashlarini so‘rab qolgan bo‘lardik. O‘quv qurollari va kiyim-kechaklarni maktab boshlanganidan keyin xarid qilish mumkin, eng asosiysi bu - o‘zingiz va farzandlaringizning salomatligini asrash», dedi u.

Shuningdek, maktablarda elektron kundalik joriy etilayotganini eslatib o‘tildi.

«Toshkent shahridagi barcha maktablar va respublika hududidagi mingdan ortiq maktablar elektron kundalikka o‘tayotgani bois, kundalik daftar xarid qilmasligingizni yana bir bor eslatib o‘tamiz.

Hududlarda qaysi maktablar elektron kundalik bilan qamrab olingani to‘g‘risidagi ma'lumotni maktabingiz ma'muriyatidan aniqlashingiz mumkin», dedi u.

Ko‘proq yangiliklar: