Davergeodezkadastr qo‘mitasi Tuproqqal'a tumanida ro‘y bergan korrupsion holatga munosabat bildirdi

Jamiyat 15:14 / 20.08.2020 6111

Bosh prokuratura huzuridagi departament va DXXning Xorazm viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Tuproqqal'a tumani yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i R.M. tumandagi Gurlan massivi hududidan baliqchilik ko‘li tashkil qilish uchun 15 gektar yer maydoni ajratib berish evaziga 20 000 AQSh dollari pora talab qilib olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangani haqida xabar berilgan edi. Bosh prokuratura ayni paytda ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilayotganini ma'lum qilgan. R.Mga nibatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Davergeodezkadastr qo‘mitasi Tuproqqal'a tumanida ro‘y bergan korrupsion holatga rasmiy munosabat bildirdi. Ma'lum bo‘lishicha, 20 ming dollar pora obekti bo‘lgan 15 gektar yer maydoni aslida R.M.ning akasi B.U.ga tegishli sun'iy baliq hovuzi bo‘lgan. R.M. bu yerni «D» MChJ nomiga o‘tkazib berishni va'da qilib, buning uchun pul so‘ragani audioyozuv bilan tasdiqlangan. Natijada mansabdor jinoyat ustida qo‘lga olingan.

«Aslida bu jarayonda yer maydonini ajratish qanday bo‘lishi kerak edi? B.U nomida bo‘lgan 15 gektar sun'iy baliq hovuzi tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilishi va undan so‘ng mazkur yer maydoni belgilangan tartibda tanlovga qo‘yilib, tanlov g‘olibiga tuman hokimining qarori bilan ajratilishi va Yer kodeksining 5-moddasi beshinchi xatboshisiga asosan «yuridik shaxslarga qishloq xo‘jalik ehtiyojlari hamda boshqa davlat va jamoat ehtiyojlari uchun egalik qilishga, foydalanishga va ijaraga yer berish» viloyat hokimining qarori bilan tasdiqlanishi lozim bo‘lgan», deyiladi Davergeodezkadastr qo‘mitasi axborot xizmati tomonidan e'lon qilingan munosabatda.

Qo‘mita davlat yergeodezkadastr tizimida faoliyat olib borayotgan rahbar va xodimlar yer ajratib berish vakolatiga ega emasligi, agar ushbu tizimda ishlovchi qaysidir xodim ana shunday va'da bergan bo‘lsa, u firibgar ekanini eslatib, bu haqda qo‘mitaga yoki huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berish kerakligini ta'kidlagan.

Rasmiy munosatda keltirilishicha, R.M 2020 yil 13 may kuni Tuproqqal'a tumani bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan. U bunga qadar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Xorazm viloyati Hazorasp tumani bo‘limi inspektori lavozimida faoliyat yuritgan.

Ko‘proq yangiliklar: