Fizika va kimyoda shunday qonun bor – har qanday modda bir joydan yo‘qolsa, yo o‘z shaklida, yo o‘zga shaklda boshqa joyda paydo bo‘ladi. Shuningdek, bu qoida iqtisodiyotda ham amal qiladi – pul biror joyda kamaysa yoki yo‘qolsa, boshqa bir joyni to‘ldiradi. Ammo na tabiat, na huquqiy-demokratik jamiyat qonunlarini toptab o‘tgan holda oz emas, ko‘p emas 310 ming dollar butunlay yo‘qolib qolishi va buning uchun biror kishi aybdor bo‘lmasligi mumkinmi? Mumkin emas, deysizmi? Adashasiz. Qizig‘i, bu pullarni kimdir o‘g‘irlab ketmagan, biror sehrgar bir so‘z bilan yo‘q qilib yubormagan. Lekin ular yo‘q, tamom!
2014-2015 yillar. Toshkent viloyati Qibray tumanida faoliyat olib borgan «Yutm parranda» MChJ yirik parrandachilik fabrikasini yuritadi. MChJ Qozog‘istonning «Astana biznes» mas'uliyati cheklangan shirkati bilan xalqaro shartnoma tuzadi va qozog‘istonliklar fabrikani mahsulot bilan ta'minlashni zimmalariga oladilar.
Oradan ma'lum muddat o‘tib, «Yutm parranda» MChJ «Astana biznes» kompaniyasi oldida yetkazib berilgan mahsulot uchun qarz bo‘la boshlaydi.
«Astana biznes» vakillari qarzni MChJning o‘zidan ololmagach, sudga murojaat qiladilar. Natija esa kutilganiday – Qozog‘iston Xalqaro Arbitrajining 2016 yil 10 martdagi 20/2015/AP-sonli ish bo‘yicha chiqargan hal qiluv qaroriga ko‘ra, da'vogar «Astana biznes» mas'uliyati cheklangan shirkatining da'vo talablari qanoatlantirilib, javobgar «Yutm parranda» MChJdan da'vogar foydasiga 502 152,20 AQSh dollari (shu raqamni yodda tuting, uni yaxlitlab 502 ming dollar deb olamiz) asosiy qarz, ro‘yxatga olish yig‘imlari uchun 78 400 qozoq tangasi, arbitraj yig‘imlari uchun 5 106 800 qozoq tangasi, vakil xarajatlari uchun 150 000 qozoq tangasi undirilishi belgilanadi.
Xalqaro amaliyotga ko‘ra, bu qaror O‘zbekistonda ham ko‘rib chiqiladi va Toshkent viloyati xo‘jalik sudining 2016 yil 5 avgustdagi 11-635/8976-sonli ajrimiga ko‘ra, Qozog‘iston Xalqaro Arbitrajining 2016 yil 10 martdagi hal qiluv qarorini O‘zbekiston Respublikasi hududida majburiy ijroga qaratish haqidagi iltimosnomasi qanoatlantirilib, qarzdor «Yutm parranda» MChJdan undiruvchi «Astana biznes» mas'uliyati cheklangan shirkatining foydasiga yuqoridagi mablag‘larga qo‘shimcha iltimosnomani ko‘rish uchun to‘langan 90 AQSh dollarini ham undirish haqida ijro varaqasi beriladi.
Bir qarashda hammasi risoladagidek, ammo eng qizig‘i shundan keyin boshlanadi. Sud ijrochilarining Qibray tuman bo‘limi tomonidan ushbu ijro hujjatida ko‘rsatilgan pul mablag‘lari AQSh dollarining amaldagi kursi bo‘yicha qarzdordan to‘liq (ayrim hujjatlarga ko‘ra 57 mln so‘m ortig‘i bilan) undirib olinadi. Ya'ni, 19.09.2016 yilda inkasso topshiriqnomasiga asosan qarzdor «Yutm parranda» MChJ hisob raqamidan sud qaroridagi mablag‘ga mutanosib tarzda 1 549 125 688,31 so‘m pul mablag‘lari yechib olinib, Sud ijrochilarining Qibray tuman bo‘limi depozit hisob raqamiga o‘tkazilgan.
Qisqasi, sud ijrochilari (keyinchalik MIB xodimlari) 502 ming AQSh dollari ekvivalentidagi mablag‘ni undirib oladilar va «Invest Finance Bank» ATBdagi o‘zlariga tegishli hisob raqamiga tushiradilar. So‘mda undirilgan summani AQSh dollariga o‘tkazish to‘g‘risida ko‘rsatma beriladi.
Oradan 4 oy o‘tibgina bank tomonidan bu mablag‘ni konvertatsiya qilish bo‘yicha qaror qabul qilinib, «O‘zbekiston Respublika valuta birjasi» AJ (birja)ga buyurtma beriladi.
Sud ijrochilari bir qarashda o‘zlariga yuklangan vazifani bajaradilar – pulni undirib, bankka beradilar. Endi bank bu pulni 7 oy-u 8 kun o‘zida saqlab turadi. Ammo mana shu 7 oylik saqlash katta muammo keltirib chiqaradi – 2016-2017 yillar oralig‘ida valuta siyosatida jiddiy burilishlar sodir bo‘ladi. Bu orada MIB tashkil etiladi va o‘ziga «Ipotekabank» ATBdan hisob raqami ochadi hamda u mablag‘ni yangi bank hisob raqamiga xat orqali o‘tkazib oladi. 2017 yilning 10 oktyabriga kelib «Ipotekabank» o‘z hisobida turgan mablag‘ni konvertatsiya qiladi va 192 515,30 AQSh dollari (bu raqamni ham yodda tuting, uni ham yaxlitlab 193 ming dollar deb olamiz) miqdoridagi pul mablag‘larini «Astana biznes» mas'uliyati cheklangan shirkatining hisob raqamiga o‘tkazib beradi.
Qozog‘istonliklar biroz cho‘zilish bilan bo‘lsa-da, pullarining bir qismi undirilganidan, tabiiyki, xursand bo‘ladilar. Endi ularni pulning qolgan 310 ming dollarini undirish haqidagi savol qiynay boshlaydi.
Javob ularni butkul hayratga tushiradi – ularga undirilgan jami pullar shu ekani ma'lum qilinadi. 502 ming dollar undirilishi kerak bo‘lgani holda, konvertatsiyadan keyin 193 ming dollargina undiriladi.
«Astana biznes» vakillari darhol advokatlari, diplomatik korpus a'zolari va o‘z huquqshunoslarini to‘plab, O‘zbekistonga chopadilar. Ish qayta sudga oshadi va «Astana biznes» vakillari quyidagi juda jiddiy savollarni qo‘yadilar (mazmunan keltirilmoqda):
1. Bizga berilishi kerak bo‘lgan 502 ming dollarning qolgan 310 ming dollari qayerda?
2. Qanday asoslarga ko‘ra, bizning mablag‘imiz 7 oy bank hisobida turdi va oxir oqibat 60 foizi «chegirib» qolindi?
3. Bank xuddi shu amaliyotni bizga nisbatan qo‘llay oladimi – ya'ni 502 ming dollar pulni 7 oyga shunchaki berib qo‘ya oladimi?
4. Eng muhimi, biz O‘zbekistonga investor sifatida, hamkorlikdan daromad ko‘rish maqsadida kelganmiz. Kimlarningdir harakati (yoki harakatsizligi) tufayli 310 ming dollar zarar ko‘rmoqdamiz va bu mablag‘dan voz kecha olmaymiz. Ikki davlat iqtisodiy munosabatlari va davlat imijiga putur yetkazuvchi bu holatlarga yo‘l qo‘yganlar kimlar hamda ular javobgarlikka tortiladimi?
Yana bir bor tushuntiramiz, ushbu ijro hujjatida ko‘rsatilgan pul mablag‘lari qarzdordan to‘liq undirilgan bo‘lsa-da, Sud ijrochilarining Qibray tuman bo‘limi va «Invest Finance Bank» ATB mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari (harakatsizligi) natijasida qariyb 1 yil-u 2 oy o‘tgach, ya'ni 03.10.2017 yilda 2-sonli chet el valutasidagi to‘lov topshiriqnomasiga asosan 193 ming AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘lari «Astana biznes»ga o‘tkazib berilgan bo‘lib, qolgan 310 ming AQSh dollari hozir hech qayerda yo‘q.
Turli tashkilotlar mansabdor shaxslarining o‘ziga xos tarzda munosabatda bo‘lishi natijasida bu mojaro 3 yildan beri davom etib kelyapti va haqdor amalda hech narsasiz qolyapti.
Shu bois, «Astana biznes» MChSh Majburiy ijro byurosi Qibray tuman bo‘limi davlat ijrochisining ijro ishi bilan bog‘liq hatti-harakatlari (harakatsizligi) ustidan Qibray tuman ma'muriy sudiga murojaat qilgan.
Toshkent viloyati Qibray tumani ma'muriy sudining 2019 yil 5 martdagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, MIB Qibray tuman bo‘limi davlat ijrochisi Sultonov Shahboz Oybek o‘g‘lining Toshkent viloyati xo‘jalik sudining 2016 yil 5 avgustdagi 11-635/8976-sonli qarzdor «Yutm parranda» MChJdan undiruvchi «Astana biznes» MChSh foydasiga 502 ming AQSh dollarini undirish haqidagi ijro hujjati bilan bog‘liq xatti-harakatlari (harakatsizligi) g‘ayriqonuniy deb topilgan va sudning ushbu hal qiluv qarori 2019 yil 25 martda qonuniy kuchga kirgan.
Shuningdek, «Astana biznes» MChSh «Invest Finance Bank» ATB mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari (harakatsizligi) ustidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga murojaat qilgan. «Invest Finance Bank» ATB mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari (harakatsizligi) Markaziy bankning Toshkent shahar bosh boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasiga ko‘ra o‘z tasdig‘ini topgan bo‘lib, bu haqda 2019 yil 21 yanvarda berilgan 10-16/18-sonli javob xatida Sud ijrochilarining Qibray tumani bo‘limi tomonidan tijorat bankining Qibray filialiga sud hujjatlariga ko‘ra va sud ijrochisining qaroriga muvofiq javobgardan undirilgan so‘mdagi pul mablag‘lariga xorijiy valuta xarid qilish majburiyati yuklangani va tijorat banki o‘ziga yuklatilgan majburiyatni o‘z vaqtida bajarmagani aniqlangani rasman ma'lum qilingan.
Yuqoridagi mansabdor shaxslarning aybli harakatlari tasdiqlanganidan keyin, xorijiy davlatning tadbirkorlik sub'yekti ushbu dalillarni keltirgan holda Toshkent shahar iqtisodiy sudiga mansabdor shaxslarning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari oqibatida yetkazilgan zararni undirish masalasida murojaat qilgan.
Ish dastlab Toshkent shahar iqtisodiy sudida, keyinchalik shu sudda apellyatsiya instansiyasi doirasida ko‘rib chiqildi. Javobgarlarni aniqlash va chora ko‘rish jarayonida zanjirli reaksiya hosil bo‘ldi (jarayon so‘zma-so‘z emas, mazmunan keltirilmoqda):
1. Sud ijrochilari (hozirda MIB vakillari): «Biz sud qarorida ko‘rsatilgan pulni undirib, bankka berganmiz, u yog‘iga javobgar emasmiz».
2. Bank: «Pul bizda shunchaki saqlangan, biz pulni konvertatsiya qilmaymiz. Bu valuta birjasining ishi».
3. Valuta birjasi: «Biz faqat savdo maydonimiz, kimdir dollar sotmoqchi va olmoqchi bo‘lsa, biz orqali oladi yoki sotadi xolos. O‘zimiz konvertatsiya qilmaymiz».
4. Markaziy bank: «Biz bu jarayonda ishtirok etmaganmiz, bu ikki xo‘jalik sub'yekti o‘rtasidagi holat».
5. Prokuror: «Yutm parranda» MChJga – nega shu mablag‘ni har doimgidek o‘zlaring konvertatsiya qilib uzmadilaring?
«Yutm parranda» MChJ: «Biz sud qaroriga bo‘ysundik, unga ko‘ra, hisob raqamlarimiz muzlatildi va belgilangan mablag‘ 57 mln so‘m ortig‘i bilan undirib olindi. Axir biz bir mahsulotga ikki marta pul to‘lamaymizku?»
6. Sud eng ko‘p shubha tushayotgan bank vakillariga shunday savol beradi: O‘tgan 7 oy davomida boshqa jismoniy yoki yuridik shaxslarning pullarini konvertatsiya qilib berganmisizlar?
Bank: Ha, qilingan.
Sud: Unda nega O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqarilgan sud qarorining amalda bajarilishini ta'minlamagansizlar?
Bank: Biz o‘z vakolatimiz doirasida harakat qilganmiz.
Sud valuta birjasiga: shu o‘tgan 7 oy davomida boshqa sub'yektlar uchun konvertatsiya amalga oshirilganmi?
Valuta birjasi: Bu bank siri hisoblanadi, buni sudda hammani oldida aytolmaymiz.
Sud: Sudga aytishga majbursiz!
Valuta birjasi: Keyin alohida aytishimiz yoki o‘zingiz o‘qishingiz uchun yozma berishimiz mumkin.
Ko‘rinib turibdiki, 310 ming dollar yo‘qolib ketayotgan jarayonda pichoqqa ilingudek biror vajning o‘zi yo‘q.
Bunga qadar, Toshkent shahar iqtisodiy sudi 2020 yil 17 fevralda chiqargan hal qiluv qaroriga ko‘ra, da'vogar «Astana biznes»ning da'vo talablari qisman qanoatlantirilib, javobgar – O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi MIB Toshkent viloyat boshqarmasidan da'vogar foydasiga 310 ming AQSh dollari undirilishi belgilangan hamda MIB Qibray tumani bo‘limi yuridik shaxs emasligi sabab qilib keltirilib, unga nisbatan ish yuritish tugatilgan.
Da'vo talabida summani javobgarlar Toshkent viloyati Moliya bosh boshqarmasi, «Invest Finance Bank» aksiyadorlik tijorat banki, «O‘zbekiston Respublika valuta birjasi» aksiyadorlik jamiyati, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasidan undirish qismi rad qilingan.
Ya'ni, ma'lum ma'noda da'vogar «Astana biznes» MChShning zarar ko‘rgani, da'vosi asosli ekani sudlarning qarorlariga asosan e'tirof etilgan.
Ammo, bu yana boshi berk ko‘chaga kirib qolishni anglatadi. Chunki Toshkent shahar iqtisodiy sudida bo‘lib o‘tgan sud instansiyalarining biri MIBning Qibray tuman bo‘limi alohida yuridik shaxs maqomiga ega emas, desa, ikkinchisi yo‘q, bo‘lim yuridik shaxs maqomiga ega, deydi. Sudda shu masalaga tugal oydinlik kiritilmagan.
Qolaversa, MIB davlat tashkiloti bo‘lsa, o‘z mablag‘i bo‘lmasa, undirganini ham hamisha boshqa tomonga yo‘naltirsa, bu pulni qayerdan olib va qanday qilib to‘laydi?
Da'voning davlat organi – Majburiy ijro byurosiga nisbatan qismi qanoatlantirilishi ham o‘z-o‘zidan ushbu pul mablag‘lari uchun davlat, ya'ni Moliya organi solidar javobgar bo‘lishini bildiradi.
Ammo, sudlar da'voning bu boradagi qismini ham asossiz ravishda qanoatlantirmasdan, amalda sud qarori ijrosini bajarib bo‘lmaydigan qilib qo‘ygan.
Shunday qilib, sarlavhada tilga olingan holatga keldik – unisi u yoqqa tortdi, bunisi bu yoqqa tortdi, o‘rtada 310 ming dollar pul ham, biror aybdor ham yo‘q. Deyarli 4 yillik mojarodan esa qozog‘istonlik investorlar hayron... Bu yoqda prezident investorlarning huquqlarini himoya qilish haqida bot-bot ko‘rsatma beradi. Pastdagilarga esa qonunlar va ushbu ko‘rsatmalar yetib bormayotgandek...
Abror Zohidov, Kun.uz muxbiri.