Shakardan 150 barobar shirin, qandli diabetda foydali o‘simlik haqida bilasizmi?

Light 19:30 / 19.08.2020 116857

Masalan, shakarni doimiy ravishda me'yordan ortiq qabul qilish organizmda glikogen zaxirasini oshiradi. U yog‘ to‘qimasiga aylanadi, qorinda va oyoqlarda to‘plana boshlaydi, shundan so‘ng semirishga olib keladi.

Mutaxassislarga ko‘ra, shakarni me'yoridan ortiqcha iste'mol qilish terida ajinlar paydo bo‘lishini ham tezlashtiradi. Radikallar chaqirishi oqibatida organizmning ichki hujayralari nobud bo‘ladi.

Shakar yurak mushaklariga ham nojo‘ya ta'sir o‘tkazadi, tiamin miqdorining kamayishi yurak mushaklarida distrofik o‘zgarishlarga hamda tomirdan tashqari suyuqlik to‘planishiga olib keladi.

Buni qarangki, hammaga ham yaxshi tanish bo‘lmagan steviya o‘simligi nafaqat foydali, balki shakarga nisbatan 150 barobar shirin o‘simlik hisoblanar ekan. Steviozidni qayta ishlash natijasida olinadigan rebadiozid moddasi bilan esa 300 barobargacha totli. Ya'ni u shakarning o‘rnini bemalol bosa oladi.

Bu o‘simlik hozirda O‘zbekistonning bir qator xududlarida va uncha katta bo‘lmagan maydonlarda yetishtiriladi.

Kun.uz muxbiri Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida bo‘ldi va hududining kichik bir qismida steviya va boshqa foydali o‘simliklar yetishtirilayotgan «Yulduz sitora» agrofirmasidan reportaj tayyorladi.

«O‘simlikni shakardan ko‘ra 100-200 barobar shirinroq deganlaricha bor ekan. Haqiqatan ham ta'mi tilni yorar darajada», – deydi safar davomida bizga hamrohlik qilgan O‘zbekiston eksportchilari uyushmasi rahbari Muxtor Umarov.

Uning aytishicha, steviya o‘simligi insoniyatga XV asrdan buyon ma'lum. Insonlar uni odatda suvga qo‘shib iste'mol qiladi. O‘simlik O‘zbekistonga 1986 yilda keltirilgan.

O‘zbekiston eksportchilari uyushmasi rahbari Muxtor Umarov

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, steviya ekishni ko‘paytirish bo‘yicha hukumat darajasida bir necha bor harakatlar bo‘lgan. Ammo haligacha unga yetarli darajada e'tibor bo‘lmayapti.

«Bunga ekin maydonlarining katta qismiga doimiy tarzda paxta va g‘alla ekinlari ekib kelinayotgani sabab», – deydi u.

Steviya shifobaxshligi bilan jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan o‘simlik hisoblanadi.

«Bu o‘simlikning quritilgan holdagi bir kilogrammi jahon bozorida 350-400 dollarni tashkil qiladi. Ekstraksiya holida esa uning narxi 5 ming dollarga yetadi.

O‘zbekiston xalqaro savdoga chiqishi uchun ikkita davlat chegarasini bosib o‘tishi kerak. Tabiiyki, transport xarajatlarimiz ham juda yuqori. Bu mahsulotda esa bizning transport xarajatlarimiz deyarli sezilmaydi», – deydi uyushma rahbari.

Steviya O‘zbekistonda urug‘lantirish va qalamcha usuli bilan yetishtirib kelinmoqda. Natijalar esa hayratlanarli. O‘zbekistonda parvarishlangan o‘simlikdagi steviozid moddasi dunyoning boshqa mamlakatlarida yetishtirilganiga qaraganda ancha yuqori – 19,7 foizni tashkil qiladi. Bu ko‘rsatkich hatto steviya o‘simligini yetishtirishda ilg‘or bo‘lgan Janubiy Koreyada 16 foizga teng. Buning sababini bizning o‘ziga xos iqlimi bilan tasniflash mumkin.

Mutaxassislarga ko‘ra, steviya o‘simligi inson immunitetini oshirishda qo‘l keladi. U qandli diabetni davolashda ham samarali vosita bo‘lib, qon aylanishini va qon bosimini maromiga keltiradi. Miya qobig‘ini mustahkamlaydi, parishonxotirlikni yaxshilaydi. Moddalar almashinuvini tiklaydi, endokrin bezlari faoliyatini mo‘'tadillashtiradi, nobud bo‘lgan hujayra va to‘qimalar tiklanishiga yordam beradi. Og‘riqni bartaraf qilib, bakteriya va zamburug‘larga qarshi kurashishda yaxshi vosita. Me'da-ichak yo‘llari faoliyatiga foydasi katta. Tanadagi ortiqcha yog‘larni parchalash xususiyati borligi bois, semirishning oldini oladi.

Eksporti orqali davlatga katta iqtisodiy foyda keltirishi mumkin bo‘lgan yana bir o‘simlik rozmarin hisoblanadi. Biz mehmon bo‘lgan «Yulduz sitora» agrofirmasi maydonida rozmarin ham yetishtirilar ekan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, rozmarin efir moyiga boy o‘simlik hisoblanadi. Ushbu moy o‘z tarkibida 50 foiz pinen, kamfen, sineol, barneol va kamfora saqlangani sababli ulardan parfyumeriya sanoatida, dorivor va insektitsid vositalarini tayyorlashda foydalaniladi.

«O‘simlikning yer ustki barglari va yosh poyalaridan tayyorlangan damlama va spirtdagi eritma (tindirmasi)lari bosh og‘rig‘i, me'da-ichak kasalliklari, gripp, O‘RVI, xotin-qizlarda uchraydigan ayrim xastaliklarni davolashda ijobiy naf beradi. Shu bilan birga, organizmni tetiklashtirib, quvvat bag‘ishlash xususiyatiga ham ega», – deydi Muxtor Umarov.

Agrofirma rahbari Anvar Rashidovning bizga tanishtirishicha, rozmarin o‘simligi bir necha yildan buyon agrofirmaga qarashli issiqxonaning kichik maydonida yetishtirilmoqda.

Anvar Rashidov

«Agrofirmamiz jami 92 gektar maydondan iborat. Asosan g‘alla, paxta, meva sabzavot va dorivor o‘simliklarni yetishtirib kelamiz (ma'lumot uchun, O‘zbekiston prezidenti qarori bilan, 2010 yilda Asaka, Yangiyo‘l va Jomboy tumanlari paxtachilikdan chiqarilgan va bu tumanlarda xomashyo uchun paxta yetishtirilmasligi belgilangan).

Rozmarin ham xuddi shunday ekinlarimizdan biri. Bu kabi o‘simliklarni shifo uchun iste'mol qilishning ham o‘z qoidalari bor. Nafaqat rozmarinni, balki boshqa o‘simliklarni ham davo uchun iste'mol qilishda 45 gradusdan ortiq bo‘lmagan iliqlikdagi suvga tayyorlab olish kerak. Shunda iste'mol qilayotgan kishi uning bor shifosini, foydasini to‘liq sezadi», – deydi Anvar aka.

Afsuski, ham shifobaxsh, ham iqtisodiy jihatdan foydali bu kabi o‘simliklardan dehqonlarimiz hali yetarli darajada xabardor emas.

Shu boisdan ham, bizningcha, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi kabi mas'ul idoralar har tomonlama foydali hisoblangan ekinlarni yetishtirish bo‘yicha dehqonlar xabardorligini va ekinlar targ‘ibotini oshirishi juda muhim.

Odatda biz bilan muloqotda bo‘ladigan fermerlar qaysi ekinni yetishtirish bo‘yicha qaror qabul qilish huquqi ularda emasligi, barcha reja aniq raqamlar bilan yuqoridan tushishini aytishadi. Bu esa biz aytayotgan tashkilotlar tomonidan o‘ylanishi kerak bo‘lgan yana bir jihat.

Dehqonga erkinlik bermay turib yerdan yuqori daromad olib bo‘lmasligi borasida esa bizda keragidan ham ortiq tajriba bor.

Ilyos Safarov tayyorladi.
Tasvirchi: Otaxon Yusupov.

Ko‘proq yangiliklar: