Xitoylik olimlar dunyoda birinchi bo‘lib II turdagi qandli diabetga chalingan bemorni davoladi

Jahon 22:27 / 30.05.2024 6559

Tibbiyot tarixida birinchi marta xitoylik olimlar II turdagi qandli diabetga chalingan bemorni to‘liq davolashga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda South China Morning Post xabar berdi. 

Bemor kasallik davrida insulin ishlab chiqarish uchun mas’ul bo‘lgan oshqozon osti bezi hujayralarining ko‘p qismini yo‘qotgan. Bu esa uni har kuni gormon olishga majbur qilgan. U hatto buyrak ko‘chirish operatsiyasini ham boshidan o‘tkazgan. 

«U diabetning jiddiy asoratlari bilan kurashayotgan edi», dedi Shanxayning Chanchjyen shifoxonasi tadqiqotchisi Yin Xao. 

Bemor 2021 yil iyul oyida innovatsion hujayra transplantatsiyasini oldi. Transplantatsiyadan o‘n bir hafta o‘tgach, u tashqi insulinga ehtiyojdan butunlay xoli bo‘ldi. Qondagi qand miqdorini nazorat qilish uchun yuboriladigan dori dozasi asta-sekin kamaytirildi va bir yildan so‘ng butunlay to‘xtatildi. 

«Kuzatuvlar bemorning oshqozon osti bezi faoliyati samarali tiklanganini ko‘rsatdi», dedi Yin. Endi bemor 33 oy davomida insulin qabul qilmayapti. 

Shifokorlar va tadqiqotchilar jamoasi erishgan tibbiy yutuq 30 aprel kuni Cell Discovery jurnalida chop etildi. Xitoylik mutaxassislar ildiz hujayralaridan yangi oshqozon osti bezi hujayralarini yetishtirdi. Usulning o‘ziga xosligi shundaki, bu hujayralar sharoitga qarab har qanday turga aylanishga qodir. 

«Menimcha, bu tadqiqot qandli diabet uchun hujayra terapiyasi sohasidagi muhim yutuqdir», dedi Kanadadagi Britaniya Kolumbiyasi universitetining hujayra va fiziologiya fanlari kafedrasi professori Timoti Kiffer. 

Qandli diabet - bu inson tanasida oziq-ovqatni energiyaga aylantirishiga salbiy ta’sir qiladigan surunkali kasallik. Inson iste’mol qiladigan oziq-ovqat glyukoza, ya’ni shakarga aylanib, qonga chiqariladi. Oshqozon osti bezi tomonidan ishlab chiqariladigan insulin qondagi shakar darajasini tartibga solish uchun juda muhimdir. Qandli diabetda bu tizim buziladi yoki tana yetarli miqdorda insulin ishlab chiqarmaydi yoki u ishlab chiqaradigan insulinni samarali ishlata olmaydi. Qandli diabetning bir nechta turlari mavjud, ulardan II tur eng keng tarqalgani bo‘lib, bemorlarning deyarli 90 foizida uchraydi. 

Ko‘proq yangiliklar: