20-25 avgust kunlari Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi qoshidagi Turizmni rivojlantirish instituti va Butunjahon sayyohlik gidlar assotsiatsiyalari federatsiyasi hamkorligida «Do‘stlik ko‘prigi. Gid 2020: yangi imkoniyatlar va istiqbollar» onlayn-marafoni o‘tkaziladi. Institut bo‘lim boshlig‘i Zarina Valiyevaning Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, mazkur tadbir gidlarning kelgusi faoliyati uchun muhim ahamiyatga ega.
«Pandemiya gidlar uchun murakkab keldi. Ular ishsiz qolishdi. Lekin oldinda yuksak marralar bor. O‘tkazilayotgan marafonda, avvalo pandemiya sharoitida gidlarning faoliyat olib borish tartibini ishlab chiqish maqsad qilingan. Bu borada 20dan ortiq davlatdan qatnashayotgan mutaxassislar o‘z tajribalari haqida muloqot qilishadi.
Bugun murakkab davrda yashamoqdamiz. Sayyohlik tashkilotlari faoliyati bir muddat to‘xtab qoldi. Ammo yaqin orada barchasi iziga tushishiga ishonch bildirilmoqda. Shunday sharoitda sayyohlar bilan ishlashda gidlar e'tibor qaratishi kerak bo‘lgan muhim jihatlar aniqlab olinadi. Shuningdek, turizmga oid yangi texnologiyalar, startap loyihalar, ishlab chiqilgan ilovalar to‘g‘risida tajriba almashinadi.
Onlayn marafonda ishtirokchi davlatlar vakillari o‘z hududidagi vaziyat, gidlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida taqdimotlar qilishadi. Hozir O‘zbekistonda 2200ta gid rasmiy faoliyat yuritmoqda. Tadbirda ishtirok etayotgan o‘zbek gidlari nafaqat dunyo tajribasi haqida ma'lumotga ega bo‘ladi, balki hamkorlar topish, dunyoning turli mamlakatlarida malaka oshirish imkoniyatlariga ham ega bo‘lishadi», deydi Zarina Valiyeva
Marafonda 25ga yaqin davlatdan 1000dan ortiq ishtirokchi qatnashadi. Xususan, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Rossiya, Ukraina, Ozarboyjon, Armaniston, Buyuk Britaniya, Avstriya, Ispaniya, Italiya, Fransiya, Serbiya, Turkiya, Isroil, Eron, Kanada, Yaponiya, Belgiya, Hindiston, Janubiy Afrika, Xitoy mamlakatlari mutaxassislari ishtirok etishi belgilangan.