Kaliforniyada MX-05 deb nomlangan elektr krossover taqdim etildi. Mashina Tesla avtomobillarining bosh raqobatchisi deb atalmoqda.
Car Buzz nashrining xabar berishicha, yangi model Mullen Technologies startapi tomonidan ishlab chiqilgan. Krossover 150 kVtli elektrobatareya bilan jihozlangan bo‘lib, u 35 daqiqada to‘liq quvvatlanadi.
Ishlab chiquvchilarning ta'kidlashicha, MX-05 bir quvvatlanishda 1030 kmgacha yo‘l bosa oladi. Buning uchun avtomobil tekis yo‘lda 88,5 km/soat tezlik bilan harakatlanishi kerak. Mashina tezligi 120 km/soat bo‘lganda bu ko‘rsatkich 885 kmni tashkil qiladi.
Elektrokar Tesla mashinalariga raqobatchi bo‘lishi aytilmoqda, chunki Tesla Model Y Long Range bir quvvatlanishda faqatgina 508 km yo‘l o‘ta oladi.
Yangi mashinani 2022 yildan seriyali ishlab chiqarishga qo‘yish rejalashtirilmoqda.