Zafarobodda tadbirkor faoliyatini noqonuniy tekshirgan veterinariya bo‘limi boshlig‘i jazolandi

Iqtisodiyot 00:50 / 18.08.2020 6277

Biznes-ombudsman matbuot xizmati tadbirkorlarni tekshirish davomida qonunchilikka rioya etmaslik holatlari kuzatilayotgani haqida xabar berdi.

«Ishbilarmonlik muhitida nazorat qiluvchi organlar qonun talablariga rioya etilishi ustidan nazorat qilib, tadbirkorlar esa belgilangan tartibga rioya etishi kerak. Shuning uchun, faqatgina jamoaviy va samarali muloqot orqali ishbilarmon muhitini yaratish mumkin.

Shu bilan birga, ishbilarmonlik muhiti va nazorat qiluvchi organlar o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘qligini, nazorat qiluvchi organlarga nisbatan ishonchsizlik borligini tan olish kerak.

Buning sababi ko‘plab omillar bo‘lishi mumkin, ammo biz ko‘p tarqalganlaridan biri – nazorat qiluvchi organlar xodimlarining noqonuniy harakatlariga to‘xtalamiz. Tartibga soluvchi qonun xujjatlari haqida yetarli darajada bilim ega emaslik, o‘z lavozim majburiyatlariga lozim darajada yondashmaganlik, ba'zida atayin amaldagi qonun xujjatlari talablariga rioya qilmaslik natijasida nazorat qiluvchi organlar xodimlari tadbirkorlarning tinchligini buzishadi. Noqonuniy xarakatlar kimningdir tadbirkorlik faoliyatiga zarar yetkazishiga yoki mas'ul xodimning qonun talablarini buzgani uchun javobgarlikka tortilishiga olib keladi.

Misol uchun, joriy yilning may oyida Zafarobod tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Sh.Jumashev va bir guruh qishloq xo‘jaligi tashkilotlari xodimlari Jizzax viloyatida faoliyat yuritayotgan «Saodat ona» MChJning faoliyati yuzasidan tekshiruv o‘tkazishgan.

Tekshiruv Zafarobod tuman hokimining qarori asosida, tumanda yerdan samarasiz foydalanish holatlariga barham berish va qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanuvchilar mas'uliyatini oshirish maqsadida o‘tkazilgan. Mas'ul xodimlar tadbirkor tomonidan qonun talablariga rioya etilishini ta'minlab, ammo o‘zlari tekshiruv o‘tkazish tartibiga rioya etishni unutdilar.

Noqonuniy tekshiruvlarning oldini olish maqsadida 2018 yilda Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimi ishga tushirilgan va ushbu davrdan so‘ng tadbirkorlar faoliyatidagi barcha tekshiruvlar nazorat qiluvchi organlar tomonidan ushbu tizimda ro‘yxatga olinishi shart.

Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatga olinmagan tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar noqonuniy hisoblanadi.

«Saodat ona» MChJning faoliyatida tekshiruv o‘tkazgan mas'ullar mazkur tekshiruv tadbirlarini Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatga olmagan va shunga ko‘ra o‘tkazilgan tekshiruv noqonuniy hisoblanadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Biznes-ombudsman tomonidan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi nomiga taqdimnoma kiritildi. Natijada Zafarobod tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Sh. M. Jumashevga nisbatan Mehnat kodeksining 181-moddasi 1-bandi bilan intizomiy jazo chorasi ko‘rildi», – deyiladi Biznes-ombudsman matbuot xizmati xabarida

Ko‘proq yangiliklar: