Qoraqalpog‘iston SSV matbuot xizmati vazir koronavirusdan kasallangani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Kun.uz’ga ma'lum bo‘lishicha, vazir 18 kundan buyon davolanmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Kallibek Xudaybergenovning xabar qilishicha, vazirga bo‘yin umurtqa grijasining og‘ir holati tashxisi qo‘yilgan.
«Vazir koronavirus yuqtirib olgani haqidagi xabarlar hech qanday asosga ega emas. Otajon Karimovichda bo‘yin umurtqa grijasi bor va hozir davolanyapti.
Bu kasallikdan faqat operatsiya yo‘li bilan forig‘ bo‘lish mumkin. Amaliyotni esa Nukusda qilishning iloji yo‘q. Karantin choralari ancha yumshatildi. Endi yo‘llar ochilsa, Toshkentda operatsiya bo‘lishi mumkin.
Davlat ishida ishlaydigan shaxslarning ham kasal bo‘lishiga haqqi bor. Buni to‘g‘ri qabul qilish kerak», deydi vazir o‘rinbosari.
Bundan avvalroq ijtimoiy tarmoqda Otajon Hamroyev koronavirus bilan kasallangani haqida xabarlar tarqalgandi.
Bu ma'lumotlarning tarqalishiga vazirning M.Yerniyazov dafn marosimida ko‘rinish bermagani va shundan keyingi ish jarayonlaridagi yig‘ilishlarda ishtirok etmayotgani sabab bo‘lgan.
Vazir bugun bo‘lib o‘tgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdagi oltinchi sessiyasida ham ishtirok etmagan.
Ma'lumot uchun, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining 14 may kungi qarori bilan Otajon Karimovich Hamroyev Sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlangandi.
Eslatib o‘tamiz, 30 iyul kuni Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida statsionar sharoitda rejali davolash muolajalarini olayotgani, bemorning ahvoli qoniqarli ekan haqida xabar berilgandi.
Keyinroq bosh vazirning ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Behzod Musayev zimmasiga Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini vaqtincha bajarish yuklangani ma'lum qilindi.