Agar 1980-90 yillarda kimdir “o‘n yilliklar o‘tib, G‘arbiy Yevropadagi asosiy siyosiy kuchlar – ultra o‘nglar, ashaddiy millatchilar, ksenofoblar, islomofoblar bo‘ladi” deganida edi, hech kim ishonmasdi, balki masxara qilib kulgan bo‘lardi. Hozir esa ular Yevropada ikkinchi yirik siyosiy kuchga aylanib ulgurdi.
O‘tgan asrlardagi jahon urushlaridan keyin to 21-asrgacha ultra o‘ng kuchlar Yevropa siyosiy sahnasida marginallar edi. Oxirgi paytlarda esa g‘arbiy Yevropa va AQShdagi eng katta o‘zgarishlar – ultra o‘nglarning, ya’ni ultra millatchilarning kuchayishi atrofida bo‘lyapti.
Ikkinchi jahon urushi – insoniyat tarixidagi eng qirg‘inbarot urush bo‘ldi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, taxminan 50 milliondan 60 milliongacha inson halok bo‘ldi. Bu urushning bosh sababchisi – mafkura edi. Italiyadagi fashizm va Germaniyadagi natsizm butun Yevropani urush o‘chog‘iga aylantirdi. Hitler Germaniyasi qo‘shni davlatlarga birin-ketin hujum qildi. Fashizm va natsizmga ko‘ra, insonlar, millatlar, xalqlar, sivilizatsiyalar teng emas va teng bo‘lishi ham mumkin emas; oliy va past millatlar bo‘ladi; qudratli davlatlar va millatlar zaif davlatlar va millatlarni “yeb, oziqlanadi”.
Ikkinchi jahon urushidan keyin Germaniya va Italiya o‘zining qilgan tarixiy jinoyatlarini anglay boshladi. Natijada butun g‘arb sivilizatsiyasidagi eng katta siyosiy konsensus, ya’ni kelishuvning markazida bitta siyosiy aqida turar edi – nima bo‘lganda ham, bundan keyin millatchilikka, ksenofobiyaga yo‘l qo‘ymaymiz, inson huquqlari va demokratiyaga amal qilamiz, deyildi.
Lekin, mana, bugun yana G‘arbiy Yevropa va AQShda ashaddiy o‘nglar bosh ko‘tarmoqda. Dastavval, 2000 yilda Fransiyada bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida asosiy nomzod Jak Shirakning bosh raqibi Jan-Mari Le Pen bo‘ldi. U ashaddiy millatchi, ksenofob “Milliy front” partiyasining lideri edi. O‘shanda ko‘pchilik “bu shunchaki tasodif, o‘tib ketadi” degandi.
Bugun Jan-Mari Le Penning qizi Marin Le Pen boshchilik qilayotgan “Milliy birlik” partiyasi Fransiyada eng katta ikkinchi siyosiy kuch. Marin Le Pen 2027 yilgi prezidentlik saylovlarida Fransiya prezidenti bo‘lish niyatida.
2016 yilda Britaniyada Brekzit yuz berdi. Bu ashaddiy o‘nglarning yirik g‘alabasi edi. Oradan bir yil o‘tib, 2017 yilda AQSh hokimiyatiga millatchi, ksenofob va islomofob Donald Tramp keldi. Tramp hokimiyatga kelganda, AQSh siyosiy elitasi “to‘rt yil chidaymiz, va bundan keyin bunaqa ultra o‘nglar hokimiyatga kela olmasligi uchun, barcha choralarni ko‘ramiz” degan edi. Lekin mana, Tramp yana hokimiyatga qaytdi. Qaytganda ham, o‘tgan safargiga nisbatan ancha ishonchli qaytdi.
Bir vaqtlar ikkinchi jahon urushiga sababchi bo‘lgan Germaniyaning o‘zida ham vaziyat qaltis. 2013 yilda tuzilgan ashaddiy o‘ng hisoblanmish “Germaniya uchun muqobillik” partiyasi, borgan sari kuchayib bormoqda. Germaniya hududlaridagi saylovlarda, federal parlament saylovlarida bu partiya 20-25 foizlik o‘rin olib, ikkinchi katta siyosiy kuch darajasiga ko‘tarildi.
Niderlandiyada “Erkinlik partiyasi” lideri, 1989 yildan buyon parlament deputati bo‘lib kelayotgan Gert Vilders ashaddiy islomofbiligi bilan ajralib turadi.
Italiya va Vengriyada esa ultra o‘nglar allaqachon hokimiyatda o‘tirishibdi. Italiya bosh vaziri Jorjyeo Meloni va Vengriya bosh vaziri Viktor Orban nisbatan ksenofobiya darajasi biroz pastroq, lekin ular ham migrantlarga qarshi, yevroskeptik kayfiyatda.
Donald Tramp AQSh hokimiyatida to‘rt yil bo‘ladi, va keyin ketadi. Lekin Trampdan keyin uning izdoshlari kam bo‘lmaydi. Uning vitse-prezidenti Jyey Di Vens, milliarder Ilon Mask va yana ko‘plab siyosatchilar amerikadagi ultra o‘ng yo‘nalishni davom ettirishadi.
Ikkinchi jahon urushi arafasida Yevropada ikkinchi katta konfessiya va ancha keng tarqalgan millat – yahudiylar edi. Shuning uchun Hitler natsizmi yahudiylarni nishonga olgan edi. Bugun Yevropada ikkinchi katta din – islom, masjidlar va musulmonlar soni ortgan. Bu safargi g‘arb ksenofobiyasi, ashaddiy o‘nglari yahudiylarni emas, islom va musulmonlarni ta’qib qilish niyatida.
Aslida, ashaddiy o‘nglarning kuchayishi zamirida, ijtimoiy-iqtisodiy muammolar turadi. Lekin o‘ng populistlar, ksenofoblar jamiyatdagi qo‘rquv va xavotirlardan foydalanib, katta va murakkab muammolarga oson yechimlar taklif qiladi. Populizmning shu va boshqa asosiy xususiyatlari haqida keyingi dasturimizda so‘z yuritamiz.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos