Prezident Xorazm viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirishga oid qaror imzoladi

Iqtisodiyot 00:07 / 18.08.2020 7072

Hujjatda Xorazm viloyatining sanoat va ishlab chiqarish salohiyatidan samarali foydalanish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil qilish, investitsiyalar jalb etish va infratuzilmani takomillashtirish choralari sanab o‘tilgan.

«Khorezm Invest Project» MChJ investitsiya kompaniyasi tashkil etiladi

«O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki» AJning «NBU Invest Group» MChJ, «O‘zsanoatqurilishbank» ATBning «PSB Capital» MChJ hamda «Asaka» ATBning «Asaka Capital Invest» MChJ investitsiya kompaniyalari ta'sischiligida «Khorezm Invest Project» MChJ investitsiya kompaniyasi tashkil etiladi.

Ushbu kompaniya Xorazm viloyatidagi investitsiya loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish, loyihalarni amalga oshirishga mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilish bilan shug‘ullanadi. Ustav fondi dastlab 30 mln AQSh dollari ekvivalenti miqdorida shakllantiriladi. Keyinchalik bu qiymat investitsiya kompaniyasi ta'sischilarining qo‘shimcha hissalari va (yoki) jamiyatga qabul qilinadigan uchinchi shaxslarning hissalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan 100 million AQSh dollari ekvivalenti miqdorigacha ko‘paytiriladi.

Umumiy qiymati 2,2 trillion so‘mlik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi

Xorazm viloyatida 2020-2022 yillarda umumiy qiymati 2,2 trillion so‘mlik 84ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Shuningdek, umumiy qiymati 516,8 million dollarlik 26ta istiqbolli investitsiya loyihasi biznes-rejalari xalqaro standartlar asosida ishlab chiqiladi.

Shuningdek, bu loyihalar bilan bir vaqtda Xorazm viloyatining har bir tumanida qo‘shimcha yangi sanoat ishlab chiqarish loyihalari ishga tushiriladi.

Xorazm viloyatidagi tadbirkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha loyihalar ishlab chiqiladi va tadbirkorlarga taklif etiladi

Savdo-sanoat palatasi, Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tijorat banklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda Xorazm viloyatidagi tadbirkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha loyihalarni ishlab chiqadi va ushbu loyihalarni amalga oshirishni tadbirkorlarga taklif etadi.

Eksport qiluvchilarga temir yo‘l yuk qatnovi tariflari 50 foiz arzonlashtiriladi

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Transport vazirligi va «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ 1 sentyabrdan boshlab eksport qatnovlarda Xorazm viloyati va Toshkent shahri o‘rtasida eksport qiluvchilarga temir yo‘l yuk qatnovi tariflariga 50 foiz chegirma joriy etadi.

«Hazorasp» erkin iqtisodiy zonasining imkoniyatlari kengaytiriladi

«Hazorasp» EIZ qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan bo‘sh turgan yer uchastkalari hisobidan kengaytiriladi. Ularning bosh rejasini ishlab chiqish, shuningdek, yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini qurish hamda rekonstruksiya qilish bo‘yicha Xorazm viloyati hokimligi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» IK davlat unitar korxonasi buyurtmachi etib belgilanadi.

«Hazorasp» EIZning bo‘sh yer maydonlariga biriktirilgan O‘zbekiston Respublikasining Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gretsiya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Latviya, Polsha va Turkiya davlatlaridagi elchixonalari viloyat hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan «Hazorasp» EIZ yangi investitsiya loyihalarini joylashtirish choralarini ko‘radi.

Xorazm viloyati hokimligi huzurida yuridik shaxs tashkil etmasdan Infratuzilma jamg‘armasi tashkil etiladi va davlat, xorijiy va xalqaro tashkilotlarning grantlari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro moliya institutlari tomonidan ajratiladigan grant va kredit mablag‘lari, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilanadi.

Infratuzilma jamg‘armasi mablag‘lari «Hazorasp» EIZ kengaytirilgan hududlarida infratuzilma qurilishini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

«Hazorasp» EIZ kengaytirilgan hududlarida muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi obektlarini qurish uchun mablag‘ ajratiladi

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan «Hazorasp» EIZ kengaytirilgan hududlarida muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi obektlarini qurish uchun investitsiya kompaniyasiga 10 yil muddatga 2,5 foiz stavkasida 13 million AQSh dollari ekvivalentida mablag‘lar ajratiladi.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan ajratiladigan mablag‘larni so‘ndirishda «Hazorasp» EIZ hududida muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi obektlarini qurish xarajatlari tegishli ravishda investitsiya loyihalari tashabbuskorlari tomonidan mutanosib ravishda ajratilgan yer maydoni ko‘lamidan kelib chiqib bosqichma-bosqich qoplanadi, so‘ndirish uchun mablag‘lar yetarli bo‘lmagan taqdirda investitsiya kompaniyasi tomonidan qaytariladi.

Ushbu qaror natijadorligi to‘g‘risida 2020 yil 1 dekabrda va 2021 yilning har choragi yakuni bo‘yicha prezidentga axborot beriladi.

Ko‘proq yangiliklar: