Transport vazirligi Toshkent shahar boshqarmasi poytaxt aholisini jamoat transporti uchun elektron to‘lovdan foydalanishga chaqirdi.
«15 avgustdan boshlab Toshkent shahrida barcha jamoat transportlari – avtobus, mikroavtobus, metropoliten harakati tiklandi. Qatnov chog‘ida aholi orasida infeksiya tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rilgan.
Avtobuslarda ham, metropolitenda ham avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, yo‘lovchilardan imkon qadar shu tizim xizmatlaridan foydalanishni so‘ragan bo‘lardik. Bu pul orqali kontakt bo‘lishini minimallashtiradi. Transport kartasini Toshkent shahri bo‘ylab mavjud bo‘lgan 89ta oylik yo‘l chiptalarini sotish shoxobchalarida va metropolitenning barcha kassalarida xarid qilish mumkin», dedi Transport vazirligi Toshkent shahar boshqarma boshlig‘i Anvar Jo‘rayev AOKA shtabidagi brifingda.
Boshqarma boshlig‘i jamoat transportlarida amal qilayotgan sanitar me'yorlar haqida ma'lumot berdi.
«Toshkent shahrida 149ta yo‘nalishda 1100dan ortiq avtobus, 97ta yo‘nalishda 900dan ortiq mikroavtobus hamda 3ta (O‘zbekiston, Chilonzor, Yunusobod) liniyalarida metropoliten o‘z harakatini boshlagan.
Avtokorxonadan chiqayotganda va 32ta avtoshohbekatda avtobuslarning salonlari dezinfeksiya qilinadi. Haydovchi va chiptachilarning tana harorati tekshiriladi, ularning qo‘lqop va tibbiy niqobda bo‘lishi ta'minlanadi.
Metropolitenga kirish joylari dezinfeksiya tonnellari bilan jihozlangan, qo‘llarni dezinfeksiya uchun antibakterial suyuqliklar bilan ta'minlangan. Vagonlar har 3 soatda, stansiyalar kun davomida 4 marta dezinfeksiya qilinadi.
Shuningdek, yo‘lovchilardan ham sanitariya talablariga rioya qilish so‘ralmoqda. Avtobusga chiqishda ular tibbiy niqobda bo‘lishi, transport ichida ijtimoiy masofaga rioya qilishlari lozim. Yo‘lovchilardan metropoliten stansiyalariga kirishda tana haroratini o‘lchashlariga to‘sqinlik qilmasliklarini, bu zaruriy choraga tushunish bilan yondashishlarini so‘rab qolamiz», deya Jo‘rayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.