Otabek Nazirov: «Xorijiy valutada ifodalangan tashqi qarz miqdorini nazorat qilib borishimiz kerak» 

Iqtisodiyot 11:34 / 15.08.2020 10519

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu O‘zbekiston iqtisodiyoti ushbu inqiroz davrini boshqa davlatlarga qaraganda kamroq yo‘qotishlar bilan o‘tkazishi mumkinligini ko‘rsatadi. 

“Mamlakatning mavjud moliyaviy imkoniyatlarini, shuningdek, amaldagi cheklov va to‘plangan (hamda uzoq vaqt tan olinmagan) muammolarni, shu jumladan sog‘liqni saqlash tizimidagi kamchiliklarni hisobga olgan xolda, hukumat pandemiya oqibatlarini yumshatish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda. Asosiy vazifa virus tarqalishini va shunga mos ravishda kasallanganlar sonini kamaytirish edi”, - dedi O. Nazirov.

Shuningdek, u iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mamlakatning oltin-valuta zaxiralaridan foydalanish to‘g‘risidagi taklifiga ham izoh berdi.

“Bugungi kunda Markaziy bankimizning oltin-valuta zaxiralari YaIMga nisbatan 56 foizni tashkil etadi, qo‘shni Qozog‘istonda bu ko‘rsatkich 18 foizga yaqin, Rossiyada 37, Xitoyda 22, Hindistonda 16, Braziliyada 19, Meksikada 15, Indoneziyada esa 12 foizga teng.

Oltin narxining tez sur'atlar bilan o‘sishini hisobga olgan holda, davlat budjetida ko‘zda tutilmagan qo‘shimcha daromadlarni milliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish mumkin edi”, - deydi Nazirov. 

Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktorining ta'kidlashicha, boshqa rivojlanayotgan davlatlar bilan taqqoslaganda O‘zbekistonning tashqi qarzi maqbul darajada. 

“Biz xorijiy valutada ifodalangan hamda budjet tanqisligi va joriy xarajatlarni moliyalashtirishga qaratiladigan tashqi qarzimiz miqdorini nazorat qilib borishimiz kerak. 

Investitsiyaviy loyihalar va tadbirkorlik sub'yektlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan tashqi kreditlarga keladigan bo‘lsak, bunda qarzlarni qaytarish manbalari aniq (kompaniya daromadidan kelib tushadigan pul oqimlari), kreditlar hisobiga xarid qilinadigan aniq aktivlar mavjud. Bunday qarz mablag‘lardan optimal foydalanilsa, xatarlar to‘g‘ri tahlil qilinsa, shartnomalar oqilona tuzilsa, bunday majburiyatlarni bajarish borasida muammoga duch kelmaymiz. 

Bunday hollarda (bu yerda gap asosan xususiy sektor majburiyatlari hamda xorijiy valutadagi kreditlar haqida bormoqda) majburiyatlar xejlanishi kerak (valutadagi daromadning mavjudligi va h.k.)”, - dedi u.

Nazirov kapital bozorini rivojlantirish strategiyasi haqida ham gapirdi.

“Umid qilamizki, strategiya yaqin kunlarda hukumat tomonidan tasdiqlanadi va qabul qilinadi. Ma'lumki, ushbu strategiya yetakchi jahon ekspertlari tavsiyalari asosida, YeTTB hamda OTB ko‘magida tayyorlangan bo‘lib, eng ilg‘or xorijiy tajribani o‘zida mujassam etgan. Strategiyaning asosiy vazifasi butun kapital bozorini mamlakat moliya infrastrukturasining asosiy unsuri sifatida rivojlantirishdan iborat bo‘lib,  biz strategiyada yuqori maqsadlar va ko‘rsatkichlarni belgiladik. Masalan, iqtisodiyotimizning salohiyatidan kelib chiqib va muvaffaqiyatli rivojlanayotgan boshqa bozorlarning bosib o‘tgan yo‘lini e'tiborga olib,  5 yil ichida birlamchi bozorda YaIMning kamida 10 foiziga teng mablag‘ – 50 trln. so‘mni jalb qilishimiz (va ikkilamchi bozor hajmini oshirishimiz) mumkin. 

Strategiyada qanday choralar taklif etilgan? 

Birinchidan, 50 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlarning o‘rnini bosadigan “Kapital bozori to‘g‘risida”gi va “”Kapital bozorini tartibga soluvchi to‘g‘risida”gi qonunlarni qabul qilish orqali normativ-huquqiy bazani kompleks takomillashtirish. 

Ikkinchidan, likvidlikni, tranzaksiya xarajatlari samaradorligini ta'minlash va xarajatlarni kamaytirish uchun kapital bozori va moliya bozori infrastrukturasining barcha qismlarini takomillashtirish va integratsiyalash. 

Uchinchidan, aksiyadorlar huquqlarini to‘liq himoya qilish hamda xorijiy investorlar uchun investitsiyalarni repatriatsiya qilish kafolatini taqdim etish orqali kapital bozorida investorlar sonini oshirish. 

To‘rtinchidan, eng yaxshi milliy kompaniyalarning qimmatli qog‘ozlarni joylashtirishi uchun sharoit yaratish va bunday harakatlarini hamda kapital bozoriga investitsiya kiritishlarini rag‘batlantirish. 

Va, eng asosiysi, milliy bozorimizga O‘zbekiston moliya bozorini shakllantiradigan tajribali professional ishtirokchilar, institutsional investorlar, brokerlar va treyderlarni, investitsiya bankirlarini jalb etish. Taassufki, pandemiya oldimizga qo‘ygan vazifalarni tezkor bajarishimizda ko‘pgina vaqtinchalik to‘siqlarni yuzaga keltirdi, ammo biz yangi sharoitlarda ishlashga ko‘nikyapmiz, rejalarimizni amalga oshira olishimizga ishonchim komil”, - dedi u.

Ko‘proq yangiliklar: