Joriy yilning 8 avgust kuni Jizzax viloyati Do‘stlik tumani, "G‘ofur G‘ulom" mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi, 1971 yil tug‘ilgan L.S. tuman ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilgan.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, u noma'lum shaxslar yashash uyidan 35 million so‘m pul va 13 dona har xil turdagi taqinchoqlarini o‘g‘irlab ketganini bildirgan.
Holat yuzasidan tuman IIB jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida, mazkur jinoyat "Navro‘z" mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi, 1994 yilda tug‘ilgan A.N. va "G‘ofur G‘ulom" mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi, 1994 yilda tug‘ilgan I.B. tomonidan sodir etilgani aniqlandi.
Gumondorlardan 5 million so‘m pul hujjatlashtirib olingan.
Qayd etilishicha, har ikkala ayblanuvchi ham muqaddam jinoyat sodir etishgan.