Uning aytishicha, “Feysbuk”dagi o‘z shaxsiy sahifasida post e'lon qilgan. Postning skrinshotlari turli bloglarda tarqaldi. Kravchenko postni bir qator blogerlar va fuqarolar noto‘g‘ri tushunishganini bildirgan.
“Ucell kompaniyasining rahbari etib tayinlanganimdan so‘ng meni hammasidan ham ko‘p ta'sirlantirgan narsa – bu har kuni millionlab insonlarga xizmat ko‘rsatish va ular uchun ishlash bo‘ldi. Bu ulkan mas'uliyat odamga kuch beradi, ammo o‘z o‘rnida ma'naviy charchatib ham qo‘yadi. Ayniqsa hozirgi pandemiya, karantin davrida bu mas'uliyat ham, ish ham karrasiga oshib ketdi.
Shu kunlarda Feysbukdagi o‘zimning shaxsiy sahifamda bir post e'lon qilgan edim. Uning skrinshotlari turli bloglarda tarqaldi. Men o‘z so‘zlarimdan tonmayman, ammo shuni aytmoqchimanki, o‘sha postni bir qator blogerlar va boshqa hamyurtlarimiz sal boshqacharoq tushunishibdi.
Balkim, bu mening aybimdir, ochig‘i, gapga unchalik usta emasman. Menga ishlash yoqadi va atrofimdagilarni ham doimo shunga undayman. Jamoamiz bilan qilgan mehnatimizning natijalari ham namoyon bo‘lmoqda: shu kunlarda Ucell abonentlar soni bo‘yicha O‘zbekistonda birinchi o‘ringa chiqdi. Bunday yutuqlar yanada ko‘payishi uchun bundanda ko‘proq ishlashga tayyorman.
Bo‘lib o‘tgan vaziyat haqida uzoq gapirib o‘tirishni lozim ko‘rmayapman. Yagona narsani tasdiqlamoqchi edim: men barcha mehnatkash insonlarni, shu qatorda blogerlarni ham hurmat qilaman. Har kuni turli yangilik va fikrlarni aynan ularning kanal va sahifalaridan o‘qib boraman. Bu vaziyatdan shunday xulosa chiqardimki, men rahbar sifatida jamoatchilik e'tiborida ekanman. Bu meni ko‘proq quvontirdi xam va albatta aytayotgan gaplarim va ularning oqibatlari borasida mas'uliyatni sezishimga turtki bo‘ldi.
Shuni aytish joizki, Ucell kompaniyasining bosh direktori sifatida barcha ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar bilan hamkorlikka doimo tayyorman”, - deydi Vladimir Kravchenko.