Tojikiston hukumati yangi koronavirus pandemiyasi oqibatlarini hisobga olgan holda Xitoydan kredit majburiyatlari bo‘yicha yengillik taqdim etishni so‘ragan, deb xabar qilmoqda Asia-plus Tojikiston iqsodiy rivojlanish va savdo vazirligi xabariga asoslanib.
Tojikistonning Xitoy «Eksimbank»i oldidagi qarzi mamlakat jami tashqi qarzi hajmining qariyb 40 foiziga teng: respublika Xitoy bankidan 1,2 milliard AQSh dollar qarz, mamlakatning umumiy tashqi qarzi esa 3,1 milliard dollarga teng.
Tojikistonning shuningdek Jahon banki oldidagi qarzi — 338,5 million dollar, Osiyo taraqqiyot banki oldidagi qarzi — 287,3 million dollar, Islom taraqqiyot banki oldidagi qarzi — 131,9 million dollar, yevrobondlar bo‘yicha qarz majburiyatlari 500 million dollarga yaqin.
Bir vaqtning o‘zida Tojikiston tomoni to‘g‘ridan to‘g‘ri Xitoy investitsiyalarini respublika iqtisodiyotiga jalb qilishni ko‘paytirishni taklif etmoqda.
Tojikistonning Investitsiyalar va davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, Xitoy 2007–2019 yillarda mamlakat iqtisodiyotiga 2,8 milliard dollar investitsiya kiritgan.
O‘tgan davr ichida Xitoy investitsiyalari aloqa, qurilish, moliyaviy xizmatlar, geologik qidiruv va qazib olish, texnik uskunalar montaji kabi iqtisodiyot sektorlariga yotqizilgan.
Tojikiston Investitsiyalar va davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasi rahbari Farrux Hamralizoda iyul oyining oxirlarida jurnalistlarga koronavirus pandemiyasi tufayli mamlakat iqtisodiyotiga investitsiyalar hajmi 30–50 foizga kamayganini aytib bergan edi.
U shuningdek, mamlakatdagi investitsiyaviy loyihalarning aksariyati xitoyliklar sarmoyasi evaziga amalga oshirilayotganini ham qo‘shimcha qilgandi.