O‘zbekistonda yiliga 7,2 mln tonna chiqindi ishlab chiqariladi, shundan bor-yo‘g‘i 20 foizi qayta ishlanadi - Qo‘mita raisi

Jamiyat 18:14 / 13.08.2020 1612

«O‘zbekistonda yiliga 7 million 200 ming tonna chiqindi ishlab chiqariladi va ularning bor-yo‘g‘i 20 foizi qayta ishlanadi yoki saralanib, boshqa maqsadlarda ishlatiladi.

Shuning uchun yil oxirigacha respublika bo‘yicha chiqindi yig‘ish ko‘rsatkichini 90 foizga, kelgusi yilda esa 100 foizga yetkazish, chiqindini qayta ishlashni esa yil oxirigacha 25 foizga, kelasi yil 40 foizga yetkazish maqsadi qo‘yilgan», dedi Shavkat Abdurazzoqov.

Qo‘mita raisining aytishicha, chiqindini qayta ishlashga davlat hisobidan pul sarflash to‘g‘ri emas, chunki bu yo‘nalish xususiy sektor uchun qiziqarli hisoblanadi. Ayni paytda respublika bo‘yicha faqat 119ta chiqindini qayta ishlash korxonalari ishlamoqda.

Muammolardan yana biri sanatiriya normalariga javob bermaydigan norasmiy chiqindini qayta ishlash shoxobchalari hisoblanadi. Respublika bo‘yicha hozirgacha 713ta norasmiy chiqindi yig‘ish shoxobchalari faoliyat yuritayotgani aniqlangan.

Shuningdek, Shavkat Abdurazzoqov qurilish tizimi bilan bog‘liq chiqindilar haqida ham ma'lumot berdi.

«Respublikada qurilish hajmi keskin oshishi qurilish chiqindilarining ham keskin oshishiga sabab bo‘lmoqda. Masalan, o‘tgan yili 1 million tonna qurilish chiqindisi chiqarilgan bo‘lsa, 2020 yilda bu hajm 2 million tonnaga yetdi.

Lekin bu chiqindilarni maishiy chiqindilarga qo‘shish mumkin bo‘lmagani uchun tadbirkorlar, fuqarolar ularni suv bo‘ylari, qishloq xo‘jaligi yerlari va bog‘larga to‘kib ketayotgani holatlari uchramoqda. Shuning uchun respublika bo‘yicha 27ta qurilish chiqindilari poligoni tashkil qilindi. Toshkent viloyatida esa Toshkent shahri uchun 20 gektarlik poligon qurilish chiqindilari uchun ajratildi», deya ma'lumot berdi qo‘mita rahbari.

Ko‘proq yangiliklar: