Samarqand viloyati tuman va shaharlarining o‘sish nuqtalari sifatida qator yo‘nalishlar rivojlantiriladi

Jamiyat 08:23 / 12.08.2020 4950

Vazirlar Mahkamasining “Samarqand viloyatining iqtisodiy salohiyatini oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Qayd etilishicha:

respublika ishchi guruhi tomonidan Samarqand viloyatining barcha tuman va shaharlarining salohiyati, tabiiy xom-ashyo resurslari, ijtimoiy-iqtisodiy holati kompleks o‘rganib chiqilgan;

o‘rganish natijalariga ko‘ra tuman va shaharlarning iqtisodiy o‘sish nuqtalari (drayverlari) aniqlangan, viloyat hududlarida sanoat salohiyatini oshirish va yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Dastur ishlab chiqilgan.

Samarqand viloyati tuman va shaharlarining o‘sish nuqtalari (drayverlari) sifatida quyidagi yo‘nalishlarni rivojlantirish belgilanadi:

Samarqand shahri, Urgut va Jomboy tumanlarida – elektrotexnika, metallni qayta ishlash sanoati;

Narpay, Nurobod, Paxtachi, Ishtixon va Qo‘shrabot tumanlarida qurilish materiallarini (marmar, granit, kvars, sement) ishlab chiqarishni va qayta ishlashni kengaytirish;

Samarqand, Bulung‘ur, Urgut, Jomboy va Toyloq tumanlarida meva-sabzavotlarni qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish;

Samarqand shahri, Oqdaryo, Jomboy, Ishtixon, Narpay va Past Darg‘om tumanlarida to‘quv-trikotaj sohasida brendlar orqali mahsulotning qo‘shilgan qiymatini keskin ko‘paytirish;

Samarqand shahri, Samarqand, Payariq, Urgut, Nurobod va Qo‘shrabot tumanlarida ziyorat turizmi, ekoturizmni va xizmat ko‘rsatish sohalarini yanada rivojlantirish;

Samarqand shahar va Jomboy tumanida avtomobilsozlik korxonalarida import qilinayotgan butlovchi buyumlarni sanoat kooperatsiyasi asosida mahalliylashtirishni chuqurlashtirish;

Samarqand shahar, Jomboy, Past Darg‘om, Samarqand va Urgut tumanlarida metallni qayta ishlash, plastmassa mahsulotlari hamda elektr jihozlari ishlab chiqarish korxonalaridagi mavjud jihozlardan foydalangan holda import qilinayotgan butlovchi buyumlarni mahalliylashtirishni kengaytirish.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Samarqand viloyati hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda Paxtachi tumanining “Sh.Qahhorov shogirdlari” massivi hududidagi 80 gektar maydonda sanoat zonasini tashkil etish va mazkur hududni “Urgut” erkin iqtisodiy zonasiga qo‘shish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.Xo‘jayev) Samarqand viloyati hokimligi (E.Turdimov) bilan birgalikda 2020-2021 yillarda paxta va g‘alladan qisqaradigan maydonlarda hamda yangi o‘zlashtiriladigan maydonlarda 3,1 ming gektardan ortiq yangi bog‘lar va 12,7 ming gektar yangi uzumzorlar barpo etish va viloyatning eksport salohiyati oshirilishi bo‘yicha choralarini ko‘radi.

Bunda, belgilangan tartibda meva-sabzavotlarni saralash, qadoqlash, saqlash va qayta ishlash bo‘yicha klasterlar tashkil qilib, ushbu klasterlarga bog‘dorchilik va uzumchilik sub'yektlari biriktirilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Taraqqiyot va tiklanish jamg‘armasi:

2020-2024 yillarda Kattaqo‘rg‘on shahrini ichimlik suv ta'minoti va oqova tizimlarini yaxshilash uchun 40 km oqova suv tarmoqlarini va 50 km dan ortiq magistral va ichimlik suv tarqatish tarmoqlarini qurish uchun Jahon bankining 66,0 mln. dollar mablag‘larini;

2023-2027 yillarda viloyatning 44 km avtomobil yo‘llari (M39 «Olmaota-Bishkek-Toshkent-Shahrisabz-Termiz» 1037-1081 km qismini) ta'mirlab, rekonstruksiya qilish uchun Osiyo taraqqiyot bankining 105,6 mln. dollar mablag‘larini jalb etish choralarini ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq qo‘mitasi Samarqand viloyati hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda sanoati past rivojlangan Qo‘shrabod, Nurobod, Ishtixon, Payariq, Paxtachi va Oqdaryo tumanlarida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiyot tarmoqlari rivojlantirish bo‘yicha salohiyatli investorlarni jalb qilish, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilning 1 oktyabrdan boshlab uch yil muddatga:

ushbu tumanlarda yangi loyihalarni, shu jumladan, sanoat loyihalarini amalga oshiradigan yuridik va jismoniy shaxslar loyihalar doirasida kiritilgan investitsiyalari hajmiga qarab, yer solig‘i, mol-mulk solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni to‘lashdan ozod etish tarzidagi soliq imtiyozlari belgilash;

yakka tartibdagi tadbirkorlarning daromad solig‘i stavkasi faoliyat turi bo‘yicha amaldagi soliq stavkasining 50 foizi miqdorida belgilash bo‘yicha taklif ishlab chiqadi va kiritadi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bir oy muddatda sanoati past rivojlangan Qo‘shrabod, Nurobod, Ishtixon, Payariq, Paxtachi va Oqdaryo tumanlarida tadbirkorlarning biznes loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida, kredit foiz stavkasining 10 foizdan oshgan qismini biroq, Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasining 1,75 barobaridan oshmagan miqdorini Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan kompensatsiya qilish tartibini joriy etish taklifini kiritadi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining sanoati past rivojlangan Qo‘shrabod, Nurobod, Ishtixon, Payariq, Paxtachi va Oqdaryo tumanlarida tuman hokimlariga, istisno tariqasida, 2022 yil 1 yanvarga qadar Samarqand viloyati hokimligi, mahalliy kengashlar bilan kelishilgan holda tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga kiritilgan loyihalarga yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish huquqini berish taklifiga rozilik beriladi.

Ko‘proq yangiliklar: