Ichki ishlar vazirligi Jinoyatchilikning oldini olish bosh boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Berdialiyevning ta'kidlashicha, ayni paytda vazirlik tomonidan respublika bo‘yicha 96ta o‘yingohda xavfsizlikni ta'minlash ishlari olib borilmoqda. 30 avgustdan boshlab esa test sinovlari yo‘l patrul xizmati xodimlari tomonidan imtihon o‘tkaziladigan hududlarga yetkazib beriladi.
«Milliy gvardiya va IIV tomonidan imtihon o‘tkaziladigan hududlar tozalanib, shay holatga keltiriladi. Imtihon kuni abituriyentlar dezinfeksion yo‘laklardan o‘tkazilib, ijtimoiy masofa saqlagan holda ichkariga kiritiladi. Abituriyentning faqat bitta pasport va DTM qog‘ozi bilan imtihonga kirishini ta'minlash uchun introskop qurilmalari o‘rnatiladi.
Shuningdek, abituriyent kirishdan oldin o‘z niqobini tashlab yuboradi va unga yangi tibbiy niqob beriladi», dedi IIV rasmiysi.
Qayd etilishicha, imtihon hududi to‘liq kameralar bilan ta'minlanadi va har bir perimetrda IIV xodimi joylashtiriladi. Kameradagi ma'lumotlar 1,5 oy mobaynida arxivda saqlab turiladi. Shuningdek, jurnalistlarning imtihon jarayonida qatnashishi ta'minlanadi.
Imtihonga ota-onalarning kelishi, hududdan 150 metr uzoqlikda transport vositalari bo‘lmasligi nazorat qilinadi. 1 kilometr radiusda kuzatuv ishlari olib boriladi.
Milliy gvardiya jamoat tartibini saqlashga ko‘maklashish boshqarmasi boshlig‘i Sa'dulla Safoyevning qo‘shimcha qilishicha, imtihonga boshqa bir abituriyentning o‘rniga boshqa abituriyent kirmasligi uchun yuzni tanib olish kameralari o‘rnatiladi. Agar shubhali holat aniqlanadigan bo‘lsa, bunday abituriyentlar alohida tekshiruvdan o‘tkaziladi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi Jamoat salomatligi xizmati boshqarmasi boshlig‘i Rustam Ikromov kirish imtihonlariga kelgan abituriyentlarning tibbiy holati qay tartibda tekshirilishi haqida ma'lumot berdi.
Agentlik xodimining qayd etishicha, test hududiga kirishdan oldin imtihonga kelgan barcha abituriyentlarning tana harorati kontaksiz perometrlar orqali o‘lchanadi. Agar abituriyentning tana harorati me'yordan yuqoriligi aniqlansa, bu abituriyent test hududiga kiritilmaydi.
«Agar abituriyentda koronavirus tasdiqlanadigan bo‘lsa, u davolash jarayonidan o‘tishi kerak bo‘ladi. Davolash jarayoni test sinovlari belgilangan 14 kun muddatda tugaydigan va abituriyentning sog‘ligi tiklanadigan bo‘lsa, test yakunlangandan so‘ng unga test sinovida qatnashish imkoni beriladi.
Agar tana harorati yuqori bo‘lgan abituriyentda koronavirus tasdiqlanmasa, u keyingi sinovlarda qatnashishi mumkin bo‘ladi», dedi Rustam Ikromov.
Bundan oldinroq DTM tomonidan imtihonga kela olmagan, lekin koronavirusdan davolanayotgan abituriyentlar qayta tashkillashtiriladigan imtihonga kiritilmasligi haqida ham ma'lumot berilgan edi.