Raddiya: «Research and Global» MChJ qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlardan emas

Jamiyat 21:30 / 11.08.2020 3968

Namangan viloyatida faoliyat yurituvchi «Research and Global» MChJ Kun.uz saytida e'lon qilingan «Vazirlik ota-onalarni xorijdagi soxta OTMlarga aldanib qolmaslikka chaqirdi» nomli maqolaga raddiya bildirdi.

«Joriy yilning 10 avgust kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Abduvali Holiqov so‘zga chiqdi.

U Kun.uz muxbirining xorijdagi oliy ta'lim muassasalariga yuboruvchi xususiy tashkilotlar faoliyatiga oid savoliga «Hududlarda, tegishli joylarda turli shakldagi, qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlar faoliyat olib boryapti... Hattoki televideniyeda, ijtimoiy tarmoqlarda e'lon berilyapti.

Mana masalan, ma'lumot uchun aytish kerakki, televideniyeda ko‘rdim (shundaylardan biri – tahr.) Namanganda Yoshlar ittifoqi binosida joylashgan. Albatta, bu o‘sha yerdagi mas'ullarning e'tiborsizligi deb o‘ylayman. Ertaga shu yerdagi yoshlarda muammo keltirib chiqaradi, u vaqtda biz o‘sha qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlarni topolmay qolamiz» deb javob berdi.

Mas'ul xodimning bu so‘zlari Kun.uz saytida mazmuni aslidan farq qiladigan shaklda e'lon qilindi.

Ta'kidlash lozimki, Namangandagi «Yoshlar markazi» binosida «Research and Global» MChJ faoliyat olib boradi. Asosiy faoliyat turi konsalting xizmati bo‘lib, xorijiy davlatlarga o‘qishga borish istagini bildirgan abituriyentlarga o‘zining tavsiya xarakteridagi ko‘magini berib kelmoqda. Mazkur MChJ 2019 yilning fevral oyidan buyon faoliyat olib boradi. O‘tgan davrda Polsha, Latviya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Janubiy Koreya, Amerikadagi nufuzli davlat oliygohlari bilan o‘zaro shartnoma tuzgan.

Keyingi ikki yil davomida Namangan viloyatidan 300 nafar abituriyentning hujjatlari rasmiylashtirib yuborildi. Ularning aksariyati talaba bo‘lib, birinchi kurs bitiruvchilari o‘z o‘qishlarini O‘zbekistondagi oliy ta'lim muassasalariga ko‘chirib o‘tkazishdi ham.

Jamiyatimizning «Yoshlar markazi» binosida faoliyat yuritishi aslo u yerdagi mas'ullarning e'tiborsizligi emas. Binodan foydalanish bo‘yicha tegishli ijara shartnomasi imzolangan va barcha harakatlarimiz qonun talablari doirasida amalga oshirilmoqda.

Bu yil yurtimiz va jahondagi pandemiya sharoitida hujjatlarning masofaviy qabuli tashkil etilgan. Ushbu MChJ faoliyati to‘laqonli qonuniy bo‘lib, abituriyentlar va ularning ota-onalarini norozi qiladigan holatlar qayd etilmagan», deyiladi «Research and Global» MChJ raddiyasida.

Ko‘proq yangiliklar: