Andijonda mutasaddilar mukofot pulini ola olmayotgan SEOM xodimlari bilan uchrashdi

Jamiyat 20:32 / 11.08.2020 12400

Bugun, 12 avgust kuni Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari O‘tkirbek Shukurov hamda viloyat moliya, sog‘liqni saqlash, sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi boshliqlari Andijon shahar SEOM xodimlari bilan uchrashdi.

Viloyat hokimi o‘rinbosari murojaatchi xodimlarning arzlarini tinglab, muammoli holatni hal etish yuzasidan moliya, sog‘liqni saqlash mutasaddilari bilan vaziyatni tahlil qildi. Viloyat hokimligi moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i Sardorbek Rahmonov, viloyat SEOM rahbari Dilmurod Nabiyev murojaatchilarning tomonidan berilgan savollariga javob berishdi.

Kun.uz muxbiri uchrashuvdan so‘ng viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilyorbek Rasulovdan Andijon shahar SOEM xodimlarining muammosi qachon hal bo‘lishini so‘ragan.

«Ayni paytgacha Andijon SEOM xodimlariga bizdagi mavjud hujjatlarga asosan 6 foizli qo‘shimcha haqlarni to‘lab kelmoqdamiz. Xodimlarga maxsus rag‘batlantiruvchi to‘lovni berish bo‘yicha yuqori turuvchi tashkilotdan zarur ko‘rsatmalar kelishi kutilmoqda», degan mutasaddi.

Eslatib o‘tamiz, 11 avgust kuni Kun.uz saytida «Andijon shahar SEOM xodimlariga bir necha oydan beri mukofot puli berilmayapti. Moliya bo‘limi nimani kutmoqda?» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi. Unda Andijon shahar SEOMning koronavirus virusini aniqlash bo‘yicha, ish joyi va shahar ichiga chiqib test tahlillari olayotgan 3 nafar shifokori va 7 nafar laboranti shu kungacha prezident qaroriga muvofiq berilishi ko‘zda tutilgan maxsus rag‘batlantiruvchi to‘lov to‘lanmayotgani muammosi keltirilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: