Shavkat Mirziyoyev yil oxiriga qadar Janubiy Koreyaga tashrif buyurishi kutilmoqda - OAV

O‘zbekiston 19:34 / 10.08.2020 6718

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yil oxirigacha Janubiy Koreyaga amaliy tashrif bilan borishi mumkin. Bu haqda o‘z manbasiga tayanib The Korea Times xabar tarqatdi.

Manba ma'lumotiga ko‘ra, ayni paytda ikki mamlakat o‘rtasida erkin savdo bitimi imzolash masalasi ko‘rib chiqilyapti, buning iqtisodiy ta'siri o‘rganilmoqda.

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov 6-8 iyul kunlari Seulda bo‘lib qaytgan, Koreya Respublikasi hukumati a'zolari va boshqa qator rasmiylar bilan bevosita uchrashuvlar o‘tkazgan edi.

The Korea Times xabarida pandemiya tufayli ko‘plab tashriflar bekor qilingan bo‘lsa-da, O‘zbekiston tomoni delegatsiyasining mazkur rasmiy safari amalga oshgani o‘ziga xos ma'noga ega ekani ta'kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, ushbu tashrif davomida onlayn tarzda O‘zbekistonning JSTga kirishi bo‘yicha ishchi guruhning 4-yig‘ilishi bo‘lib o‘tgandi – mazkur ishchi guruhning 3-yig‘ilishi 2005 yilda o‘tkazilgan.

O‘zbekiston JSTga a'zo bo‘lish harakatlarini qaytadan boshlashi 2017 yil noyabrda – prezident Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga davlat tashrifi chog‘ida ma'lum bo‘lgan edi. Rasmiy Seul JSTga a'zo bo‘lib kirish jarayonida Toshkentni faol qo‘llab-quvvatlashi ta'kidlangan.

O‘tgan yilning aprelida Koreya Respublikasi prezidenti Mun Chje In O‘zbekistonga uch kunlik davlat tashrifi bilan kelgan edi

Ma'lumot uchun, Janubiy Koreya – Xitoy, Rossiya va Qozog‘istondan keyin O‘zbekistonning to‘rtinchi eng yirik savdo hamkori sanaladi. 2020 yilning 1-yarim yilligida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining 7,3 foizi Koreya Respublikasiga to‘g‘ri kelgan.

Yarim yil mobaynida Koreyadan O‘zbekistonga 925,7 mln dollarlik mahsulot kirib kelgan bo‘lsa, O‘zbekistondan Koreyaga 17,8 mln dollarlik tovar eksport qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: