Dunyodagi vaziyat: Fransiya va Germaniyada virus tarqalishi yana tezlashdi

Jahon 00:34 / 07.08.2020 40103

Dunyo bo‘ylab koronavirusdan zararlanish holatlari soni 18,8 milliondan ortdi. Pandemiya boshidan beri 708,3 ming kishi hayotdan ko‘z yumgan. 

Yevropadagi yangi kasallanish holatlari sonida keskin o‘sish

Yevropaning bir necha davlatlari, xususan Fransiya, Ispaniya va Gretsiyada koronavirus yuqtirib olgan bemorlar soni ortib bormoqda. Mutaxassislar ta'tillar mavsumining ushbu hududlarda pandemiyaning ikkinchi to‘lqini avj olishiga turtki bo‘lishidan xavotirda.

Fransiya bo‘ylab bir kunda 1695ta kasallanish holati qayd etildi. Bu so‘nggi ikki oy ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Pandemiya boshidan beri mamlakatda 228,5 ming kishi yangi koronavirusni yuqtirib olgan.

Fransiya o‘lim holatlari bo‘yicha Yevropada Britaniya va Italiyadan keyingi uchinchi o‘ringa ko‘tarildi (30 mingdan ortiq).

Tuluza shahrida virus yuqtirish holatlari ko‘payishi ortidan hatto ochiq osmon ostidagi ko‘p odam to‘planadigan joylarda niqobda bo‘lishi majburiy etib belgilandi. Bu kabilarga, misol uchun, gavjum savdo ko‘chalari va parklar kiradi. Avvalroq xuddi shunday choralar bir nechta boshqa katta shaharlarda, masalan Lillda joriy etilgan va Parij uchun ham tavsiya qilingan.

Karantin choralari iyun oyida yengillashtirila boshlangan Ispaniyada so‘nggi 24 soat ichida 1772 nafar insonning koronavirus testida musbat natija qayd etildi. Mamlakat bo‘ylab umumiy kasallanish holatlari soni 305,7 mingdan ortiq.

Shveytsariya Ispaniyadan kelganlar uchun ikki haftalik majburiy karantin joriy etdi. Kanar va Balear orollarida bo‘lib qaytgan sayohatchilar qoidadan istisno qilingan. Xuddi shu kabi choralar boshqa bir necha davlatlarda ham amal qilmoqda.

Shuningdek, Gretsiyada ham yangi kasallanish holatlarida katta o‘sish kuzatilgan. U yerda bir kun ichida qayd etilgan yangi holatlar soni 124ta. Bosh vazir Kiriakos Mitsotakis mamlakat aholisiga qilgan murojaatida, qat'iy choralar ko‘rishga majburligini bildirib, beparvolikka yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgan.

Germaniya Antverpenni xavf hududi deb atadi
Germaniyaning sanitar-epidemiologik nazorat xizmati Belgiyaning Antverpen shahrini xavf hududi deb atadi va shu sababli u yerdan keluvchilar o‘zini izolyatsiya qilishi kerak bo‘ladi.

Robert Kox instituti Germaniyaning o‘zida kunlik kasallanish holatlari bo‘yicha so‘nggi uch oydagi eng yuqori holat kuzatilganini xabar qildi - 1045 bemor. 7 may sanasidan buyon bu ko‘rsatkich birinchi marta mingtadan ortib ketdi.

Kasallanish holatlari ortishi iyun oyida Shimoliy Reyn-Vestfaliyadagi go‘sht fabrikasida ro‘y bergani kabi biror mahalliy avj olish o‘chog‘iga bog‘liq emas. Ma'lum qilinishicha, holatlar mamlakat bo‘ylab deyarli bir xilda tarqalgan. Mutaxassislar voqealarning bu kabi rivojini alohida hududlarda karantin joriy etish to‘xtatib qololmasligidan xavotirda.

Taxminlarga ko‘ra, kasallanish holatlari minglab nemislarning ta'tildan qaytishi va ba'zi hududlarda yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan aloqador bo‘lishi mumkin.

Polsha sog‘liqni saqlash vaziri Lukash Shumovskiy ba'zi tumanlarda, jumladan mamlakat janubi va sharqida, niqob taqish qaytadan majburiy hisoblanishini e'lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Covid-19'ni yuqtirish holatlari soni ortishi sababli ushbu cheklov kasallanish darajasi yuqori bo‘lgan 19 administrativ birlikka taalluqlidir.

Los-Anjyelesda ziyofatlarga qarshi kurash
Los-Anjyelesda aksariyat hollarda virus tarqalish o‘chog‘iga aylanayotgan yirik ziyofatlarga qarshi kurashish usuli o‘ylab topildi. Shahar meri Erik Garsetti o‘z administratsiyasiga juma kunidan boshlab ziyofatlar uyushtirilgan binolarda elektr va suvni o‘chirish huquqini berdi.

Avvalroq JSSTning sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlar bo‘yicha dasturi ijrochi direktori Mayk Rayan koronavirus tarqalishini sekinlashtirish uchun barcha mamlakatlardagi yoshlar ziyofatlarga nisbatan o‘z qarashlarini o‘zgartirishlari kerakligini aytgandi.

«Yoshlar javobgarlik ularning zimmasida ekanini tushunishlari kerak. O‘zingizga savol bering - ushbu kechaga borishim shartmi? Klubga yoki diskotekaga borishim o‘rinlimi?», degan Rayan.

JSST direktori Tedros Adxanom Gebreyyesus ham yoshlarni fikrlashga chaqirib, ularning tanlovi kimningdir hayotiga teng bo‘lishini bildirgan.

Ko‘proq yangiliklar: