Zargarlik sohasida nohalol tadbirkorlar reyestrini yuritish tartibi tasdiqlanadi

O‘zbekiston 09:47 / 05.08.2020 2217

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasining zargarlik sohasidagi nohalol tadbirkorlik sub'yektlari reyestrini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasining zargarlik sohasidagi nohalol tadbirkorlik sub'yektlari reyestrini yuritish tartibi to‘g‘risidagi Nizom;

O‘zbekiston Respublikasining zargarlik sohasidagi nohalol tadbirkorlik sub'yektlarini reyestrga kiritish va undan chiqarish uchun ma'lumotlarni taqdim etuvchi mas'ul vakolatli organlari ro‘yxati tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasini belgilash palatasi 2021 yilning 1 yanvaridan zargarlik sohasidagi nohalol tadbirkorlik sub'yektlari reyestrini O‘zbekiston Respublikasining ochiq ma'lumotlar Portalida yuritilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasining zargarlik sohasidagi nohalol tadbirkorlik sub'yektlari reyestrini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, vakolatli organlar taqdim qilgan ma'lumotlarga asoslanib, reyestrni yuritish, shuningdek nohalol tadbirkorlik sub'yektlari haqidagi ma'lumotlarni elektron ko‘rinishda unga kiritish va chiqarib tashlash O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasini belgilash palatasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi ochiq ma'lumotlar Portalida joylashtirish orqali amalga oshiriladi.

Reyestr axborot resursi bo‘lib, davlat, ingliz va rus tillarida yuritiladi va boshqa tillarda teng ma'noli yoki qisqartirilgan ko‘rinishda bo‘lishi mumkin.

Reyestrdagi ma'lumotlardan hamma bepul va erkin foydalanishi mumkin.

 Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan tayyorlangan, davo qilingan asillik darajasiga to‘g‘ri kelmaydigan, zargarlik va boshqa buyumlarning asillik darajasini aniqlash va tamg‘alash tartibini buzilishiga yo‘l qo‘ygan hamda ularni realizatsiya qilayotgan mahalliy zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda ta'sir choralari ko‘rilgan holda, zargarlik sohasidagi nohalol tadbirkorlik sub'yektlari reyestriga kiritiladi.

Nizomning 1-ilovasidagi sxemaga muvofiq himoyalangan E – XAT elektron pochtasi orqali elektron shaklda nohalol tadbirkorlik sub'yektlari haqidagi ma'lumotlar vakolatli organlar tomonidan taqdim qilinadi. Kelib tushgan ma'lumotlarni Asillik palatasi 10 yil davomida saqlovini amalga oshiradi.

Reyestr quyidagi ma'lumotlarni o‘z ichiga oladi:

a) asosiy ma'lumotlar: yuridik shaxsning nomi va tashkiliy - huquqiy shakli, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR), yakka tartibdagi tadbirkorning familiyasi, ismi, otasining ismi (agar bo‘lsa) va uning soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR);

b) faoliyatni amalga oshirish joyi (viloyat, shahar, tuman, ko‘cha, uy raqami);

v) ishlab chiqaruvchining shaxsiy tamg‘asi izi shifri;

g) nohalol tadbirkorlik sub'yektini reyestrga kiritish haqida taqdimnoma kiritgan vakolatli organ nomi;

d) ma'lumotlar kiritilgan sana;

ye) tadbirkorlik sub'yektini reyestrdan chiqarish haqida ma'lumotlar kiritgan vakolatli organ nomi;

j) reyestrdan chiqarish sanasi;

z) izohlar (asoslar).

Reyestr, Qarorning 2–ilovasida ko‘rsatib o‘tilgan vakolatli organlar mas'ullari tomonidan taqdim qilingan ma'lumotlarni zargarlik sohasidagi nohalol tadbirkorlik sub'yektlari reyestriga kiritish (chiqarish) orqali shakllanadi.

Vakolatli organ O‘zbekiston Respublikasi zargarlik sohasidagi tadbirkorlik sub'yekti tomonidan asillik darajasini aniqlash va tamg‘alashda qonunchilikda belgilangan tartibni buzgan nohalol tadbirkorlik sub'yektlarini tegishli organ tomonidan aybdor deb qaror qilingan kundan so‘ng 5 ish kuni muddatidan kechiktirmay, nohalol tadbirkorlik sub'yektlari reyestriga kiritish uchun Asillik palatasiga ma'lumotlarni taqdim qiladi.  

Nohalol tadbirkorlik sub'yektlari haqidagi ma'lumotlarni vakolatli organ yo‘llanma xat bilan Nizomning 2-ilovasidagi shaklga muvofiq to‘ldirilgan jadvalga asosan, elektron shaklda himoyalangan E - XAT elektron pochtasi orqali yuboradi.

Asillik palatasi vakolatli organ taqdim etgan ma'lumotlar mavjudligini va ushbu Nizomning 8-bandiga muvofiqligini, shuningdek, ma'lumotlarning to‘liqligi va to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiradi.

Agar ma'lumotlar to‘liq hajmda taqdim etilmagan bo‘lsa, Asillik palatasi ma'lumotlarni vakolatli organga qaytarish sababini ko‘rsatgan holda, kelib tushgan sanadan boshlab bir ish kuni davomida qaytarib jo‘natadi, bunda nohalol tadbirkorlik sub'yekti haqidagi ma'lumotlar reyestrga kiritilmaydi.

Vakolatli organ tomonidan ma'lumotlarni qayta taqdim etish, qaytarilgan sanadan boshlab, ikki ish kuni davomida amalga oshirilishi kerak.

Asillik palatasi taqdim etilgan ma'lumotlarni ko‘rib chiqilishi natijalariga ko‘ra, nohalol tadbirkorlik sub'yekti to‘g‘risidagi ma'lumotlarni bir ish kuni davomida reyestrga kiritadi.

Asillik palatasining tegishli vakolatga ega bo‘lgan vakili tomonidan elektron imzo bilan imzolangan ma'lumot reyestr yozuvini tashkil etadi.

Tadbirkorlik sub'yekti u haqidagi ma'lumotlarni reyestrga kiritish haqida Asillik palatasiga murojaat qilgan vakolatli organning qarori ustidan sudga shikoyat qilish huquqiga ega.

Reyestrdan ma'lumotlarni chiqarib tashlash uchun quyidagilar asos bo‘ladi:

ma'lumot kiritilgan kundan boshlab bir yil o‘tgach;

yagona davlat tadbirkorlik sub'yektlari reyestridan chiqarilishi;

yuridik shaxs tugatilganligi yoki yakka tartibdagi tadbirkor vafot etganligi munosabati bilan (yakka tartibdagi tadbirkorning tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatishi bundan mustasno);

tadbirkorlik sub'yektini reyestrdan chiqarish to‘g‘risidagi sud qarori qonuniy kuchga kirganda;

tadbirkorlik sub'yekti bankrot deb topilish to‘g‘risidagi sud qarori qonuniy kuchga kirganda.

Nohalol tadbirkorlik sub'yekti haqidagi ma'lumotlar reyestrga kiritilgan kundan boshlab bir yil o‘tgandan so‘ng avtomatik ravishda reyestrdan chiqariladi.

Tadbirkorlik sub'yektini reyestrdan chiqarish, Nizomning 2-ilovasiga muvofiq va Nizomning 14-bandida ko‘rsatilgan vakolatli organ tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlar asosida Asillik palatasi tomonidan amalga oshiriladi.

Ma'lumotlar vakolatli organ tomonidan tegishli ma'lumot olingan kundan boshlab 3 ish kuni ichida taqdim etiladi.

Nohalol tadbirkorlik sub'yektini reyestrdan chiqarish uchun qabul qilingan qaror ijrosini tezlashtirish maqsadida, tadbirkorlik sub'yekti tegishli hujjatlarni mustaqil ravishda, u haqidagi ma'lumotlarni reyestrga kiritish uchun qaror qabul qilgan vakolatli organga yoki bevosita Asillik palatasiga taqdim qilish huquqiga ega.

Nohalol tadbirkorlik sub'yekti u haqidagi ma'lumotlarni reyestrga kiritish haqida Asillik palatasiga murojaat qilgan vakolatli organning qarori ustidan sudga shikoyat qilganda, Asillik palatasi tadbirkorlik sub'yektini reyestrdan chiqarish to‘g‘risidagi ma'lumotlarni sud qarori chiqmaguncha ko‘rib chiqishni rad etishi mumkin.

Taqdim etilgan ma'lumotlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha Asillik palatasi bir ish kuni davomida, nohalol tadbirkorlik sub'yekti to‘g‘risidagi ma'lumotni reyestrdan chiqarib tashlash to‘g‘risida ma'lumot kiritadi.

Asillik palatasining tegishli vakolatga ega bo‘lgan vakili tomonidan elektron imzo bilan imzolangan ma'lumot reyestr yozuvini tashkil etadi.

Reyestrga kiritilgan ma'lumotlarni himoya qilish uchun quyidagilar ta'minlanadi:

reyestrni joylashtirish va uning ishlashida foydalaniladigan texnik vositalarga bo‘lgan ruxsatni cheklash;

kelgusida tiklanishini ta'minlash uchun har kuni zaxira vositasiga reyestrda mavjud bo‘lgan ma'lumotlarni nusxalash;

nohalol tadbirkorlik sub'yektlari to‘g‘risidagi ma'lumotni reyestrga kiritilgan sanasidan bir yil o‘tgach, ko‘rsatilgan ma'lumotlarni arxivda saqlagan holda, avtomatik ravishda reyestrdan chiqarish.

Vakolatli organlarning mansabdor shaxslari nohalol tadbirkorlik sub'yekti to‘g‘risidagi ma'lumotlarni reyestrga kiritish (chiqarib tashlash) uchun ma'lumotlarni taqdim etmaganliklari uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgardirlar.

O‘zbekiston Respublikasining zargarlik sohasidagi nohalol tadbirkorlik sub'yektlari reyestriga (dan) kiritish (chiqarib tashlash) uchun ma'lumot berilishiga mas'ul bo‘lgan vakolatli organlar ro‘yxati

Ko‘proq yangiliklar: