«Ko‘p bolali oila» tushunchasiga aniqlik kiritilmoqda. Tegishli qonun qabul qilindi

O‘zbekiston 22:52 / 05.08.2020 47490

5 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda palata saytida ma'lum qilindi.

Yig‘ilishda ko‘p bolali oilalarning huquqiy maqomini aniq belgilash qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotida ushbu tushunchaning bir xilda qo‘llanilishini ta'minlash maqsadida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilindi.

Ta'kidlanishicha, «ko‘p bolali oila» tushunchasiga aniq mezonlar belgilanmagani davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlardan turlicha foydalanish holatlariga sabab bo‘lmoqda. Bu esa o‘z navbatida amaliyotda huquq normalarini qo‘llashda ijtimoiy adolat prinsiplarining buzilishiga olib kelmoqda.

Hozirda «ko‘p bolali oila» tushunchasi 21ta qonun hujjatida, 5ta qonunda qo‘llanilib, ularda bu tushunchalarga turli talqinlar berilgan.

Endilikda mazkur qonun bilan Oila kodeksiga «ko‘p bolali oila» tushunchasi va uning huquqiy maqomini belgilovchi qo‘shimcha kiritilmoqda.

Unga ko‘ra, 4 nafar va undan ortiq 18 yoshga to‘lmagan bolasi bo‘lgan oila ko‘p bolali oila hisoblanadi.

Bunda agar 4 nafar va undan ortiq bolalaridan bir nafari yoki undan ko‘prog‘i ta'limning kunduzgi shaklida o‘qiyotgan hamda 22 yoshga to‘lmagan bo‘lsa, bu oila ham ko‘p bolali oilalar toifasiga kiritiladi.

Izohlanishicha, mazkur qonun davlat himoyasiga muhtoj ko‘p bolali oilalarga ijtimoiy adolat prinsipi asosida imtiyozlar berilishiga, jumladan turar-joy, yer ajratish, soliq to‘lovlari va boshqa bir qator imtiyozlardan keng foydalanishga huquqiy asos yaratadi.

Eslatib o‘tamiz, qonun loyihasi aprel oyida Adliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: