Vazir o‘rinbosari: «Temir daftar»ga kirgan mehnatga layoqatli fuqaro ish bilan ta'minlangandan keyingina daftardan chiqariladi

Jamiyat 18:00 / 31.07.2020 7286

Bugun, 31 iyul kuni tegishli vazirlik mutasaddilari ishtirokida  prezidentning koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir farmoni ijrosiga bag‘ishlangan onlayn matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Akmalxon Ortiqov ehtiyojmand oila sifatida ro‘yxatga olingan («temir daftar») va ishga layoqatli fuqarolarning bu ro‘yxatdan qaysi holatda chiqarilishiga ham aniqlik kiritdi.

«Biz hozir bu ro‘yxatga kirgan fuqarolarni oziq-ovqat, dori-darmon yoki moddiy ta'minot bilan ta'minlayapmiz.

E'tiborli tomoni «temir daftar»ga kiritilgan 400 mingdan ortiq oilada yashaydigan 1,7 mln aholining har biriga 1 oyga yetadigan 14 turdagi oziq ovqat mahsulotlaridan kelib chiqib, bir kishiga 220 ming so‘mdan, 4-5 kishilik oilaga esa 1 mln 100 ming so‘mdan naqd pul shaklida moddiy yordam ko‘rsatiladigan bo‘ldi.

Shu yilning 15 avgustiga qadar bu yordamlar egalariga yetib borishini ta'minlaymiz.

Bizning keyingi yagona yo‘limiz bu ro‘yxatdagi mehnatga layoqatli fuqarolarni bandligini ta'minlash, ularga ish topib berish bo‘ladi. Ularni doimiy daromadli faoliyatga yo‘naltirishimiz kerak. Shundan keyingina bu fuqarolar ro‘yxatdan chiqariladi. Bu yordamni oldi degani «temir daftar»dan chiqib ketdi degani emas» – deya Ortiqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlaridan keyin unga ro‘yxatdagi ishga yaroqli fuqarolar qanchani tashkil etadi va ularni to‘liq hamda qoniqtiradigan mablag‘ga ega ish bilan ta'minlash va'dangiz qanchalik real, mazmunida savol berildi.

Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, ushbu ro‘yxatni shakllantirish davomida mutasaddi vazirliklar unga kirgan mehnatga layoqatli fuqarolarni ham aniqlab olgan.

«To‘g‘ri, bularning hammasi davlat yoki xo‘jalik yurituvchi tashkilotlarda ish bilan ta'minlanadi degani emas. Oxirgi vaqtda e'tibor berayotgan bo‘lsangiz, har bir ishimiz moddiy ta'minoti orqali qilinmoqda. Masalan, oilaviy tadbirkorlik ochish hisobiga o‘zini-o‘zi band qilgan fuqarolar uchun joriy yilda 5 trln.dan ortiq mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, xizmatlar ko‘rsatish dasturi orqali fuqarolar bandligini ta'minlash. Bunga ham 1 trln.ga yaqin mablag‘ ajratilmoqda. Bunga ham shunday shaffof mehnizm qilindiki, fuqaro soliq idoralarining maxsus dasturi orqali ro‘yxatdan o‘tsa, uning bandligi hisobga olinadi. Shuningdek, u belgilangan ma'lum to‘lovlarini to‘lab borsa, yillik mehnat stajiga ham ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, hududlardagi rahbarlar amalga oshirilayotgan investitsion loyihalarga aynan mana shu ro‘yxatdagi fuqarolarni jalb qilishni ham tashkil etadi», – Akmalxon Ortiqov.

Ko‘proq yangiliklar: