Uning so‘zlariga ko‘ra, bizda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashni asosan kuchishlatar usullar: taqiqlash va jazolash orqali olib borishni yaxshi ko‘rishadi.
«Prezident yashirin iqtisodiyot masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Bizda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashni asosan kuchishlatar usullar: taqiqlash va jazolash orqali olib borishni yaxshi ko‘rishadi.
Shu bilan birga, yashirin iqtisodiyotning ikki xil turini ajratib olish kerak: jinoiy iqtisodiyot (giyohvand moddalar, qurol savdosi - taqiqlangan narsalar) va norasmiy iqtisodiyot (qonuniy ravishda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan, ammo ba'zilarida norasmiy ish yuritish afzal ko‘rilgan tadbirkorlik faoliyati turlari). Agarda jinoiy iqtisodiyot bilan haqiqatan ham uni yo‘q qilish uchun kurashish kerak bo‘lsa, unda norasmiy iqtisodiyotni yo‘q qilish kerak emas (axir u yerda foydali tovarlar va xizmatlar ishlab chiqariladi). Norasmiy iqtisodiyotni qonuniylashtirish lozim, ya'ni biznesni «soya»dan olib chiqish. Bunga taqiq va nazoratni kuchaytirish orqali erishib bo‘lmaydi.
Nima uchun biznes «soya»ga o‘tib ketmoqda? Ularda hammasi joyida ekani shunchaki tashqi illyuziya: ya'ni, soliq to‘lanmaydi, standartlarga rioya qilinmaydi, ruxsat olinmaydi va hokazo. Aslida, qonuniy bo‘lmagan biznesning o‘ziga xos va juda katta muammolari bor: nazorat organlariga pora berish va/yoki jinoyatchilarga pul berib qutulish, biznesni sotish yoki garovga qo‘yishning imkonsizligi, rasmiy kredit ololmaslik. Bundan tashqari, hammasidan bir zumda ayrilish hamda qamalib ketish tahdidi ostida yashash. Agar odamlar bunday jihatlarga ko‘z yumishni afzal ko‘rishsa, bu faqat qonuniy biznesning xarajatlari yuqoriligi sabablidir: ya'ni, katta soliqlar va ma'muriy to‘siqlar, rasmiy «o‘yin qoidalariga» rioya qilinsa, raqobatdosh bo‘la olmaslik.
Shuning uchun, agar biz norasmiy iqtisodiyotni o‘ldirish emas, balki uni qonuniylashtirmoqchi bo‘lsak, unda nazoratni kuchaytirishga emas (bu korrupsiya ko‘lamini yanada oshiradi), qonuniy biznes yuritish xarajatlarini kamaytirishga e'tibor qaratishimiz kerak. Soliqlar va bojxona to‘lovlarini kamaytirish, ro‘yxatga olish va ruxsat berish tartib-qoidalarini bekor qilish yoki soddalashtirish, nazorat qilish mexanizmlari ko‘lamini qisqartirish va takomillashtirish, biznes uchun resurslar va xizmatlar bozoridagi monopoliyalarni yo‘q qilish, barcha tadbirkorlar uchun teng sharoit yaratish lozim.
Prezident aynan shu yondashuvga e'tibor qaratmoqda - biznes yuritish uchun shart-sharoitlarni yengillashtirishga: ortiqcha ruxsat beruvchi va litsenziyalovchi jarayonlarni bekor qilish, soliq tizimini takomillashtirish, davlat idoralarining vakolatlari va nazorat funksiyalarini qisqartirish, davlat xaridlari, investitsiya loyihalari hamda bojxona nazorati sohasidagi korrupsiyani yo‘qotish.
Menimcha, bu mutlaqo to‘g‘ri va qo‘llab-quvvatlashga loyiqdir. Asosiysi, rejalashtirilgan ishlarni amalga oshirish», - deb yozadi iqtisodchi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 iyul kuni yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokamasi yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishda mamlakatda yashirin iqtisodiyot darajasi yuqori ekani aytilgandi.
Davlat rahbari yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda ehtiyot bo‘lish, iqtisodiy faollikka zarar yetkazib qo‘ymaslik, buning uchun davlat organlari, biznes va jamoatchilik hamjihatlikda ishlashi muhimligini ta'kidladi.