Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.
“Valutani tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonun 11-1-modda bilan to‘ldiriladi. Unda muddatlar buzilganligi uchun ko‘riladigan choralar belgilab qo‘yiladi.
Qayd etilishicha, Qonunning 11-moddasida (Tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha aktivlarni repatriatsiya qilish) belgilangan muddatlar tamom bo‘lgandan keyin 30 bank kunidan (kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari uchun – 60 bank kunidan) ortiq chet eldan xorijiy valutadagi tushumning tushishini kechiktirilishiga yo‘l qo‘ygan eksport qiluvchilar, shuningdek, tovarlarning respublikaga olib kirilishini va ularning “erkin muomalaga chiqarish (import)” rejimiga rasmiylashtirilishini, ishlar bajarilishi va xizmatlar ko‘rsatilishini ta'minlamagan import qiluvchilar respublika budjeti daromadiga:
belgilangan muddatlardan 180 kungacha kechikkanda – tushmagan valuta mablag‘lari yoki “erkin muomalaga chiqarish (import)” rejimiga rasmiylashtirilmagan tovarlar (bajarilmagan ishlar, ko‘rsatilmagan xizmatlar) summasining 10 foiziga teng miqdorda;
belgilangan muddatlardan 180 kundan 365 kungacha kechikkanda – tushmagan valuta mablag‘lari summasining yoki “erkin muomalaga chiqarish (import)” rejimiga rasmiylashtirilmagan tovarlar (bajarilmagan ishlar, ko‘rsatilmagan xizmatlar) summasining 20 foiziga teng miqdorda;
belgilangan muddatlardan 365 kundan ortiq kechikkanda – tushmagan valuta mablag‘lari summasining yoki “erkin muomalaga chiqarish (import)” rejimiga rasmiylashtirilmagan tovarlar (bajarilmagan ishlar, ko‘rsatilmagan xizmatlar) summasining 70 foiziga teng miqdorda respublika budjeti daromadiga qo‘shimcha jarima to‘laydilar.
Agar jarimani qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish paytiga kelib, valuta mablag‘larining kelib tushishi yoki respublikaga tovarlarni olib kirish hamda “erkin muomalaga chiqarish” rejimiga rasmiylashtirish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatish ta'minlangan bo‘lsa, jarima qo‘llanilmaydi.
Agar jarima qo‘llanilganidan keyin 90 kunlik muddat ichida valuta mablag‘larining kelib tushishi yoki tovarlarni “erkin muomalaga chiqarish (import)” rejimiga rasmiylashtirish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatish ta'minlangan bo‘lsa, to‘langan jarima O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan qaytarib beriladi yoki undirilishi lozim bo‘lgan qo‘llanilgan jarima undirilmaydi.
Eksport shartnomasining sug‘urta polisi bo‘yicha tadbirkorlik sub'yektlarining hisobvarag‘iga sug‘urta tovon puli (milliy va (yoki) xorijiy valutalarda) kelib tushganida ushbu eksport shartnomasi bo‘yicha debitor qarzdorligi summasi, moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash maqsadlarida, kelib tushgan sug‘urta tovon puli miqdorida kamaytiriladi.
Quyidagi hollarda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun jarima qo‘llanilmaydi:
asbob-uskunalar va (yoki) butlovchi buyumlar yetkazib berish bo‘yicha import kontraktlari shartlarida asbob-uskunalar va (yoki) butlovchi buyumlarni yetkazib berish muddati ularning texnik xususiyatlari va o‘ziga xosligidan kelib chiqqan holda 180 kalendar kundan ortiq belgilangan bo‘lsa;
chet eldagi korxona nomiga olib chiqilgan hamda transportda tashish va saqlash jarayonida eksportchiga va chet eldagi korxonaga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra yaroqsiz bo‘lib qolgan yoki import qiluvchi davlat organi tomonidan musodara qilingan tovarlarga tegishli vakolatli organning ekspertizasi dalolatnomasi va (yoki) tovarlar turgan mamlakat bojxona organining bojxona nazorati ostida ularning yo‘q qilinganligi yoki musodara qilinganligi to‘g‘risidagi tasdiqnomasi taqdim etilganda;
ayni bir qarzdorlik predmeti va tovarlarning (ishlar, xizmatlarning) amaldagi eksport va import hajmi bo‘yicha aynan o‘sha foizdagi jarimalar qo‘llanilgan bo‘lsa.
Yuridik shaxs – O‘zbekiston Respublikasi rezidentining oxirgi hisobot sanasidagi joriy aktivlari summasining 20 foizidan ortiq bo‘lgan jarima sanksiyalarini undirish unga undiriladigan summani undirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan boshlab 6 oy mobaynida to‘lovlarni har oyda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkonini bergan holda amalga oshiriladi.