Joriy yilning 25 iyul kuni O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzoqov Eron Islom Respublikasi iqtisodiy masalalar bo‘yicha vitse-prezidenti M.Nahavandian bilan videokonferensiya orqali muzokaralar o‘tkazdi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga ko‘ra, unda pandemiyaning har ikki mamlakat iqtisodiyotiga ta'sirini yumshatish doirasidagi hamkorlik hamda O‘zbekiston - Eron savdo - iqtisodiy, investitsiyaviy, moliya – texnikaviy, transport va logistika sohalaridagi sheriklikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida urg‘u investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalasiga qaratildi: O‘zbekiston - Eron qo‘shma korxonalar soni barqaror o‘sishni ko‘rsatayotgani qayd etildi - o‘tgan yil davomida ularning soni 1,5 barobar ko‘paydi. Qishloq xo‘jaligi, elektroenergetika, kimyo va neft-kimyo sohalarida sanoat kooperatsiya qilishga bo‘lajak o‘zbekistonlik va eronlik hamkorlarni faol jalb etishga kelishib olindi.
Erondagi "Kish", "Chobahor", "Aras" erkin iqtisodiy zonalari va O‘zbekistondagi "Navoiy" va "Angren" EIZ o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi asosida muvaffaqiyatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari alohida ko‘rib chiqildi.
Suhbat davomida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlar ko‘rib chiqildi. O‘zaro savdo hajmini oshirish uchun bir qator shart-sharoitlar xususan, ikki mamlakatning geografik jihatdan yaqinligi va rivojlangan transport infratuzilmasining mavjudligi ta'kidlandi. 1993 yilda O‘zbekiston va Eron o‘rtasida imzolangan “Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim”ning yangi tahririni ishlab chiqish va tasdiqlash bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, ikki mamlakatning tranzit salohiyatidan yanada samarali foydalanish uchun yangi imkoniyatlar yaratish va Eron va O‘zbekistonni bog‘lovchi transport yo‘laklari orqali yuk tashish hajmini oshirish maqsadida transport va logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish borasidagi kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.
Muzokaralar natijasida joriy yilning ikkinchi yarmida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston-Eron hukumatlararo komissiyasining yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish ishlarini boshlashga qaror qilindi. Tadbirning o‘tkazilishi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash va o‘zaro manfaatli tashabbuslarni amalga oshirishga yangi turtki beradi. Shu munosabat bilan muhokama etilgan hamkorlik yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhi tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ishchi guruh a'zolari Eron tomoni bilan erishilgan kelishuvlarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirishning o‘ziga xos mexanizmlarini nazarda tutuvchi birgalikda amalga oshiriladigan “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqadi.