Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan «Koronavirus pandemiyasining salbiy ta'sirini kamaytirish uchun aholi, tadbirkorlik sub'yektlari, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmon umumiy ovqatlanish korxonasini yurituvchi ishbilarmonlar tomonida juda qizg‘in qarshi olindi.
Chunki prezident farmoniga ko‘ra, aholini qo‘llab-quvvatlash, ish o‘rinlarini saqlab qolish maqsadida 2020 yil oxirigacha tadbirkorlik sub'yektlari ayrim soliqlardan ozod etilmoqda, qator imtiyoz va yengilliklar taqdim etilmoqda.
Masalan, umumiy ovqatlanish korxonalari uchun kichik tadbirkorlik sub'yektlariga tatbiq etilgan imtiyozlar va preferensiyalarni qo‘llagan holda, ularni kichik korxonalar toifasiga kiritish maqsadida 2020 yil 1 iyuldan boshlab umumiy ovqatlanish korxonalari uchun belgilangan xodimlarning yillik o‘rtacha soni 25 nafardan 50 nafarga oshiriladi.
Farmonda 2021 yil 1 iyulga qadar karantin cheklovlari bekor qilinishiga qarab tadbirkorlik sub'yektlariga avtodo‘kon, avtomagazin, avtotirkama, avtosisterna va fudtraklar orqali savdo qilish huquqi taqdim etilishi belgilangan.
Shaharlardagi umumiy ovqatlanish korxonalarini anchadan buyon qiynab kelayotgan masala — iste'molchilarga ovqatlanish yoki hordiq chiqarish xizmatlarini ko‘rsatish uchun yengil konstruksiyalarni joylashtirish huquqi ham taqdim etilmoqda.
Spot.uz nashri davlat tomonidan bunday qo‘llab-quvvatlashga hayotlari davomida ilk marta duch kelayotgan tadbirkorlarning fikrlarini jamlab chiqqan.
«Umid qilamizki, bu so‘nggi qadam emas. Biz, davlat va biznesga nafaqat sohani talafotlarsiz saqlab qolish, uning dinamik o‘sishini davom ettirish uchun hali ko‘p ishlar qilish kerak», deb ta'kidlagan Yapona Mama restoranlar tarmog‘i asoschisi Yevgeniy Pak.
«Shaxsan mening hayotimda hukumat kichik va o‘rta biznes vakillariga shunchaki muloqot taklif etibgina qolmasdan, fikrlarimizga quloq tutib, aniq harakatlar amalga oshirgani birinchi bor ro‘y bermoqda», — deb yozgan «ChayKof» qahvaxonalari tarmog‘i boshqaruvchi sherigi Alina Tsimerman o‘zining Facebook’dagi sahifasida.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2020 yil mart oyida 7151ta korxonada 41448 nafar xodim ishlagan. Ularning xodimlar soni 25 nafargacha bo‘lgan 6980tasida (97 foiz) 31813 (76 foiz) ishchi, 25–50 nafargacha 109tasida 3780 ishchi, 50 nafardan ortiq xodimlarga ega 62tasida jami 5855 kishi ishlagan.
Ma'lum sabablarga ko‘ra, joriy yilning I va II choragida ularning faoliyatida keskin o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. 7151ta korxonadan 2989tasida (42 foiz) yilning II choragida I chorakka nisbatan tovar aylanmasi oldingi chorakka nisbatan oshgan. 3106ta umumiy ovqatlanish korxonalarida (43 foiz) o‘zgarish sezilmagan. 1056ta korxona (15 foizida) kamayish kuzatilgan.
Karantin choralari qo‘llanilgan davrda salbiy ko‘rsatkichlar qayd etgan 1056ta korxonada I chorakka nisbatan tovar aylanmasi 5,5 trillion so‘mga kamaygan. 3 mingta korxonada 14,8 ming ish o‘rni qisqartirilgan. 5620ta korxonada (78,5 foiz) mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi hajmi 65,2 milliard so‘mga qisqargan. Budjetning hisobiy yo‘qotishlari 60,6 milliard so‘mni tashkil etgan
Biroq shunga qaramasdan, sohani tiklash zaruriyati to‘g‘ri anglangan holda prezident farmoni bilan bir qator imtiyozlar va yengilliklar berildi. Lekin bu hali hammasi emas.
Koronavirus pandemiyasi davrida kichik va o‘rta biznesga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan e'tibor va yordam masalasida tadbirkorlar tomonidan o‘rtaga tashlangan boshqa takliflar o‘rganilishda davom etmoqda. Xorijiy tajribalar o‘rganib chiqilmoqda.
Bular orasida xizmat ko‘rsatish sohasi va umumiy ovqatlanish korxonalari uchun QQS stavkasini 15 foizdan 7,5–5 foizgacha tushirish, umumiy ovqatlanish korxonalari mahsulotlarining chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarga vaqtinchalik soliq imtiyozlari taqdim etishni nazarda tutish, umumiy ovqatlanish korxonalarining (yetkazib berish xizmati) uchun transport vositalari harakatini cheklashni bekor qilish kabilar bor.
Qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarining umumiy summasi 1,4 trillion so‘mni tashkil etadi, bulardan taqdim etilayotgan imtiyozlar summasi 1,1 trillion so‘mga tengdir. Bu holatda davlat budjeti taqchilligi YaIMning (20 trln) 3,5 foizidan oshmaydi.
Shuhrat Shokirjonov tayyorladi.