Markaziy Osiyo va Afg‘onistonda xususiy sektor loyihalarini moliyalashtirishga imkon beruvchi investitsiya jamg‘armasi tashkil etiladi

Iqtisodiyot 12:48 / 23.07.2020 1983

Joriy yilning 21 iyul kuni “O‘zbekiston – AQSh – Afg‘oniston” hamkorligining uch tomonlama formati doirasida iqtisodiyot bo‘yicha kichik komissiyasining videokonferensiya shaklidagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Kun tartibiga muvofiq keng ko‘lamli masalalar, jumladan davlatlarning bir-biriga bog‘liqligini mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, energetika va transport infratuzilmasini rivojlantirish, transchegaraviy savdo, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, transchegaraviy ishlab chiqarish va sotish zanjirlarini yaratish, ayollarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish va uchala mamlakat xususiy tadbirkorlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Tadbir davomida hamkorlikning uch tomonlama formati ishtirokchi mamlakatlar savdo-iqtisodiy sherikchiligini rivojlantirishda yangi bosqichni anglatishi va yuzaga kelayotgan umumiy muammolarni hal etishning samarali mexanizmi bo‘lishga mo‘ljallanganligi ta'kidlandi.

Yangi formatdagi ustuvor tashabbuslardan biri sifatida Amerika tomonining ko‘magi bilan O‘zbekistonda hamda Markaziy Osiyo va Afg‘oniston hududida xususiy sektor loyihalarini moliyalashtirishga imkon beradigan Investitsiya jamg‘armasining tashkil etilishi belgilandi.

Tomonlar hududda transport kommunikatsiyalarini rivojlantirishga, xususan, yuk tashishlarni faollashtirish va istiqbolli bozorlarga o‘zaro to‘siqsiz kirishni ta'minlash maqsadida transafg‘on yo‘lagini rivojlantirishga qiziqish bildirdilar.

Ayollarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha Ishchi guruh bilan shuningdek, AQSh va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida savdo va investitsiyalar bo‘yicha hadli bitim kengashi (TIFA) doirasida ko‘p tomonlama yaqin hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Ishbilarmon doiralarning o‘zaro hamkorligini kuchaytirishga alohida urg‘u berildi – yig‘ilish doirasida uch mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida "O‘zbekiston - AQSh - Afg‘oniston" uch tomonlama biznes-forumini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi. 

Ko‘proq yangiliklar: