«O‘zbekistonda karantin paytida odamlarga pul tarqatishning ijobiy tomoni shundaki, birinchidan, ma'muriy ishlarni bajarishdan qutulamiz. Aholiga dori tarqatilishi haqida aytilyapti. Avval shu dori xarid qilinadi. Uni tarqatish bo‘yicha qanchadan qancha qog‘oz to‘ldiriladi. Bunga ham resurs (xodimlarga maosh, transport xarajatlari va boshqalar) sarflanadi.
Aholiga pul tarqatish tizimi elektronlashtirilishi kerak, deb o‘ylayman. Bunda ma'muriy xarajatlarga o‘rin qolmaydi. Masalan, oziq-ovqat ko‘rinishidagi yordam beriladigan bo‘lsa, non narxi qo‘shib yozilishi mumkin.
Pul ko‘rinishida yordam berishni tashkil qilish uchun elektron platforma yaratish, call-markazlarni ishga tushirish lozim. Nima uchun pul tarqatishda o‘g‘rilik bo‘lmaydi? Elektron platforma orqali yordamga muhtoj inson pasport ma'lumotlarini kiritadi. Shu tariqa, STIR (INN) raqamini aniqlab olish mumkin. So‘ng murojaat qilgan shaxsning daromadlari to‘g‘risidagi ma'lumotni olsa bo‘ladi. Ushbu usul orqali fuqaroning haqiqatan yordamga muhtoj yoki aksinchaligini bilib olsa bo‘ladi. Elektron ma'lumot kiritolmaganlarga esa call-markazlar ko‘makchi bo‘ladi.
Aholiga naqd pulda emas, plastik karta orqali yordam beriladigan bo‘lsa, bank hisob raqamidan pul o‘g‘irlash ehtimoli juda kam bo‘ladi. Fuqarolar moddiy yordam olish maqsadida ahvoli haqida yolg‘on ma'lumot berish xavfini kamaytirish uchun ular o‘z ma'lumotlarini tizimga kiritganidan so‘ng sharoiti haqida yolg‘on axborot berishi tegishli ma'muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirish kerak.
Elektron pulning aniq manzili bo‘ladi. Muhtoj fuqaroga berilgan pul qay maqsadda sarflanayotganini ham bank kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi», dedi Hoshimov.