Bugun, 23 iyul kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Islom Jasimov tomonidan tadbirkorlar faoliyati bilan bog‘liq vaziyat haqida ma'lumot berildi.
Ma'lum qilinishicha, joriy yilda 69 ming tadbirkorlik sube'kti pandemiya bilan bog‘liq bo‘lmagan tarzda o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Savdo-sanoat palatasi oldiga joriy yilning 9 oy yakuniga ko‘ra, ularning 70 foizi faoliyatini qayta tiklash vazifasi qo‘yilgan.
«Bu tadbirkorlik sub'yektlarining nima sababdan faoliyati to‘xtagani o‘rganilganda 2ta asosiy muammo aniqlandi. Yangi korxonalar faoliyatining ilk 2-3 oylik davrida davlat tomonidan belgilangan imtiyozlar va ko‘maklardan foydalanmasa, tegishli organlar ularga yordam bermasa, tadbirkorlik sub'yektlari o‘z ishini to‘xtatyapti. O‘tgan yilning o‘zida endi tashkil etilgan 23 ming tadbirkor o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Bu birinchi muammo hisoblanadi.
Hozir tadbirkorlik sub'yektini tashkil qilish qiyin emas: ularni yarim soatda qayd etish mumkin. Lekin doimiy faoliyat yuritish qiyin hisoblanadi. Agar tadbirkorda biznes yuritish bilan bog‘liq yetarli bilim bo‘lmasa, u faoliyatini davom ettirishga qiynalishi mumkin. Bu keyingi asosiy muammodir», deya ma'lumot berdi Islom Jasimov.
SSP vakili palata tadbirkorlarni biznes asoslari bo‘yicha o‘qitib borishni yo‘lga qo‘ygani va joriy yilda 11 mingdan ortiq fuqaro va tadbirkor o‘qitilgani haqida ma'lumot berdi.