O‘zbekistonda oxirgi 4 yilda aholi daromadi kamayib boryaptimi? Jahon banki izoh berdi

Iqtisodiyot 21:34 / 21.07.2020 13070

​Jahon bankining ochiq ma'lumotlar bazasi: Taraqqiyotning global indikatorlarida keltirilgan O‘zbekistonning iqtisodiy statistikasiga oid ma'lumotda mamlakat yalpi milliy daromadi oxirgi 4 yil ichida tushib borganini kuzatish mumkin.

Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi Kun.uz'ga taqdim etgan izohda ta'kidlanishicha, O‘zbekistonning aholi jon boshiga yalpi milliy daromadi (YaMD)ning “Atlas” metodikasi asosida hisoblangan ko‘rsatkichlari haqiqatan ko‘rsatkich 2016 yildan 2019 yilgacha bo‘lgan davrda 2 660 AQSh dollaridan 1 800 dollargacha qisqarganligini anglatmaydi. 

«Mamlakat iqtisodiyoti o‘lchamini milliy valuta o‘rniga AQSh dollarida baholash uchun ba'zida «Atlas»​ metoddan foydalaniladi. YaMD hisob-kitobi avval har bir mamlakatning milliy valutasida ifodalanib, so‘ngra «Atlas»​ metodikasi bo‘yicha konvertatsiya koeffitsiyentini qo‘llagan holda AQSh dollariga o‘giriladi. Mazkur koeffitsiyent valuta ayirboshlash kursining so‘nggi uch yil mobaynidagi o‘rtacha qiymatiga asosan hisoblanadi.

O‘zbekistonning rasmiy iqtisodiy statistikasi dastavval so‘mda ifodalanadi. So‘ngra u AQSh dollariga o‘tkaziladi, bunda so‘m dollarga hukumat tomonidan o‘rnatilgan rasmiy ayirboshlash kursi bo‘yicha konvertatsiya qilinadi. 2017 yilning sentabr oyida hukumat valuta kursini tartibga solish rejimini o‘zgartirish to‘g‘risida e'lon qildi, bu AQSh dollarini o‘zbek so‘miga ayirboshlash rasmiy kursining taxminan 50 foizga devalvatsiya bo‘lishiga olib keldi.

Buning natijasida, AQSh dollarida ifodalangan milliy daromad va boshqa iqtisodiy statistik ma'lumotlar ko‘rsatkichi 2017 yildan boshlab sezilarli darajada pasaygan, degan taassurot hosil bo‘ladi. Mamlakatda valuta rejimining o‘zgartirilishi oqibatida, AQSh dollarida ifodalangan daromadlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarning 2017 yilgacha bo‘lgan va undan keyingi davrdagi ko‘rsatkichlarini bir-biri bilan qiyoslash noto‘g‘ri xulosaga olib kelishi mumkin. Aslida, ko‘rsatkichlar pasayishini valuta ayirboshlash kursining o‘zgarishi bilan izohlash mumkin, binobarin o‘zbek so‘mida ifodalanuvchi rasmiy statistika ko‘rsatkichlari AQSh dollariga o‘girilganda kursning pasaygani hisobiga kamayadi», - deyiladi Jahon banki izohida.​

Ayirboshlash kursining devalvatsiya qilinishi o‘zbekistonliklar daromadi nuqtai nazaridan nimani anglatishi va nimani anglatmasligiga oydinlik kiritish zarur. 

«2017 yilda ayirboshlash kursi unifikatsiya qilingunga qadar, O‘zbekistonda yashovchi aksariyat aholi so‘mni xorijiy valutaga rasmiy ayirboshlash kursi bo‘yicha almashtira olmas edi. Bunday siyosat horijiy valutaning keng ko‘lamli muqobil bozori paydo bo‘lishiga olib kelgan edi. O‘sha paytda so‘mni AQSh dollariga ayirboshlash rasmiy kursining muqobil bozor bilan tenglashtirilishiga olib kelgan devalvatsiyasi o‘z-o‘zidan fuqarolarning xarid layoqati o‘zgarganligini bildirmas edi. Bunday vaziyatlarda, ya'ni ayirboshlash kursi devalvatsiya natijasida sezilarli ravishda o‘zgarganda, daromadlar oshgani yoki qisqargani o‘zbek so‘mida (horij valutasida emas) baholanishi va fuqarolarning o‘z daromadlari evaziga xarid qilishi mumkin bo‘lgan narsalarni solishtirish maqsadga muvofiq bo‘ladi», - deya qo‘shimcha qilinadi izohda.​

O‘zbekistonning so‘mda ifodalangan rasmiy hisobotlariga ko‘ra, aholi jon boshiga daromadlar 2016 yildan buyon, hatto inflatsiyani hisobga olganda ham, barqaror ravishda o‘sib kelgan. Boshqa ma'lumotlar manbalari ham xuddi shunday xulosaga kelishga imkon beradi. Masalan, 2018 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan Jahon bankining «O‘zbekiston fuqarolarini tinglab» tadqiqoti doirasida mamlakatning barcha hududlari: ham qishloq, ham shahar joylarini qamrab olgan holda, 1 500 dan ortiq oila xo‘jaliklarining daromadlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni to‘plab kelmoqda. Tadqiqot doirasida yig‘ilgan ma'lumotlarga ko‘ra, kishi boshiga o‘rtacha daromad 2019 yilning so‘nggi kvartalida avvalgi yilning ayni shu davri bilan solishtirganda, inflatsiyani hisobga olganda, taxminan, 5,2 foizga o‘sgan va 2020 yilda COVID-19 koronavirus pandemiyasi boshlangunga qadar o‘sish sur'ati bundan ham jadalroq bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: