Uzbekistan Airways’ga 406 mlrd, Uzbekistan Airports’ga 101 mlrd so‘m. Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi xarajatlari ma’lum qilindi

Iqtisodiyot 19:43 / 20.07.2020 17600

«Bugungi kunga qadar Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasidan 6,5 trillion so‘mga yaqin mablag‘ sarflandi. Sarf-xarajatlarning birinchi yo‘nalishi koronavirus tarqalishining oldini olish bilan bog‘liq. Bu yo‘nalishda dori vositalari, tibbiy buyumlar va shifokorlarga to‘lab beriladigan moddiy rag‘batlar, test tahlillari uchun pul ajratilgan», dedi Dilshod Sultonov press-klubda.

Vazir o‘rinbosarining qayd etishicha, jamg‘armadan infrastruktura tuzilmalari uchun, ya’ni ichimlik suvi, irrigatsiya, melioratsiya, maktablar ta’miri va shifoxonalar qurilishi uchun ham mablag‘lar sarflangan.  

Ta’kidlanishicha, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash chora tadbirlari doirasida ishsiz qolgan fuqarolarni vaqtincha ishlarga jalb qilish uchun 200 milliard, ishsiz, kam ta’minlangan oilalarning shaxsiy tomorqasini rivojlantirish uchun 50 milliard sarflangan.  

Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarini va biznesni qo‘llab quvvatlash uchun 2 trillion so‘m ajratilgan. Eng ko‘p zarar ko‘rgan «O‘zbekiston havo yo‘llari» AJ va karantin davrida ish faoliyati to‘xtagan Toshkent metropoliteni kabi kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘lar ajratilgan.

«Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasidan sarflanayotgan xarajatlar Moliya vazirligi saytida ham ochiq tarzda e’lon qilib borilmoqda», deya qo‘shimcha qildi Dilshod Sultonov.

Moliya vazirligi 17 iyul kuni vazirlik huzuridagi jamg‘arma xarajatlari va daromadlari bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, daromadlar 7,44 trillion so‘m, xarajatlar 6,4 trillion so‘mga teng bo‘lgan.

Daromadlarning 7,32 trln so‘mlik qismini xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlari tashkil etadi, 123,5 mlrd so‘m davlat budjeti hisobidan ajratilgan.

Xarajatlar
Koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirishga 907 mlrd so‘m:

  • Shaxsiy himoya, dezinfeksiya va izolyatsiya vositalari, test (PZR) diagnostikumlari, dori va tibbiy texnika vositalarini xarid qilishga 375 mlrd so‘m;
  • Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolayotgan tibbiyot xodimlariga maxsus hamda qo‘shimcha rag‘batlantirishga, karantin tadbirlariga jalb qilingan xodimlarga kunlik 6 foizlik qo‘shimcha to‘lovlar uchun 202 mlrd so‘m;
  • Fuqarolarni karantinda saqlash bilan bog‘liq xarajatlar uchun 202 mlrd so‘m;
  • Karantindagilarni ovqatlantirish xarajatlari - 76 mlrd so‘m; 
  • Jamoat joylarini dezinfeksiya qilish xarajatlari - 25 mlrd so‘m;
  • Maxsus avtotransport vositalari xarid qilishga 11 mlrd so‘m;
  • Epidemik holat bilan kurashish bo‘yicha boshqa tadbirlarga - 9 mlrd so‘m.

Ijtimoiy sohaga - 2,2 trln so‘m:

  • Kasaba uyushmalari federatsiyalari kengashiga kam ta’minlangan oilalarda yashovchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 80 mlrd so‘m;
  • Jamoat ishlari jamg‘armasiga band bo‘lmagan fuqarolarni vaqtinchalik ishlarga jalb qilish uchun 200 mlrd so‘m;
  • «Toshkent metropoliteni» va «Toshshahartransxizmat» xodimlariga ish haqi to‘lovlari uchun 24 mlrd so‘m;
  • «O‘zavtotransservis» va «Toshshahartransxizmat» transport xarajatlari uchun 9 mlrd so‘m;
  • Shaharlar va aholi yashash punktlarining ko‘cha yo‘llarini qurish va ta’mirlashga - 512 mlrd so‘m;
  • Toshkent shahar mahalliy budjetig ssuda - 181 mlrd so‘m;
  • Mahalliy budjetlarga soliq imtiyozlari berilishi natijasida daromadlar yetishmovchiligini qoplash uchun - 78 mlrd so‘m;
  • Ijtimoiy nafaqalar - 311 mlrd so‘m;
  • Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga ishsiz, kam ta’minlangan oilalarga tomorqalarini rivojlantirish uchun 50 mlrd so‘m;
  • «O‘ztemiryo‘lovchi» AJning moliyaviy barqarorligini ta’minlash uchun ssuda - 54 mlrd so‘m;
  • Karantindagi fuqarolarni doimiy yashash manzillariga olib borib qo‘yish hamda xorijiy davlatlardan qaytib kelgan fuqarolarni karantin hududlariga tashish xarajatlari - 20 mlrd so‘m;
  • «Agrobank» ATBga aholi bandligini ta’minlash uchun kredit liniyalari - 20 mlrd so‘m;
  • Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga subsidiya - 117 mlrd so‘m;
  • Umumta’lim va ixtisoslashtirilgan maktablarni qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash ishlariga - 298 mlrd so‘m;
  • Prezident maktablarini qurish va jihozlash ishlariga - 100 mlrd so‘m;
  • Maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash ishlariga - 138 mlrd so‘m.

Shifoxonalar va karantin majmualarini qurish va jihozlash uchun - 684 mlrd so‘m:

  • 10 000 o‘rinli maxsus shifoxonalar qurish uchun - 354 mlrd so‘m;
  • 20 000 o‘rinli aholini vaqtinchalik karantinda saqlash majmuasi qurish uchun - 251 mlrd so‘m;
  • Diagnostika laboratoriyasi majmuasini rekonstruksiya qilish uchun - 10 mlrd so‘m;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida tashkil etiladigan maxsus shifoxonalar va vaqtinchalik karantinda saqlash majmualari qurish uchun - 69 mlrd so‘m.

Iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashga - 2 trln so‘m

  • «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ korxonalariga subsidiya mablag‘lari - 500 mlrd so‘m;
  • «Hududiy elektr tarmoqlari» AJga ssuda - 250 mlrd so‘m;
  • «O‘zbekneftgaz» AJga subsidiya mablag‘lari - 401 mlrd so‘m;
  • Inqirozga qarshi kurashish dasturi doirasida ajratilgan mablag‘lardan yer maydonlarini foydalanishga kiritish uchun tuman budjetlariga ajratilgan mablag‘lar - 300 mlrd so‘m;
  • Uzbekistan Airways AJga ssuda - 406 mlrd so‘m;
  • Uzbekistan Airports AJga ssuda - 101 mlrd so‘m;
  • Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga - 20 mlrd so‘m;
  • «Birinchi rezinotexnika zavodi» MChJning birinchi darajali xarajatlarni amalga oshirish uchun ssuda - 40 mlrd so‘m.

Suv ta’minoti va irrigatsiya tadbirlari bilan bog‘liq xarajatlar - 502 mlrd so‘m

  • Irrigatsiya obektlarini qurish va rekonstruksiyasi uchun - 335 mlrd so‘m;
  • «Hududiy suv ta’minoti» MChJga ssuda mablag‘lari - 61 mlrd so‘m;
  • Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv chiqarish tizimlarini qurish uchun - 153 mlrd so‘m;
  • Davlat ekologiya qo‘mitasiga ssuda mablag‘lari - 53 mlrd so‘m.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 19 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekistonda Inqirozga qarshi jamg‘arma tuzilib, unga 10 trln so‘m ajratilishi ma’lum qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: