Urganchda yangi savdo kompleksi qurilishi tadbirkorlar noroziligiga sabab bo‘lmoqda

Jamiyat 17:43 / 17.07.2020 22552

«Markaziy dehqon bozori» Urganch shahrining qoq o‘rtasida joylashgan. Bu yerda ochiq va yopiq turdagi savdo pavilonlari, ko‘plab rastalar va do‘konlar, umumiy ovqatlanish obektlari, avtobekat va katta hududni egallagan avtomobillar turar joyi bor.

2020 yil 20 mart kuni Urganch shahar hokimligi tomonidan «URGANCH ECO SHOPPING CENTER» MChJga «Urganch markaziy dehqon bozori» AJ hududiga chegaradosh joydan (avtomobillar turar joyidan) savdo va ishlab chiqarish kompleksi qurish uchun 1 gektar yer maydoni 405q-sonli qaror bilan ajratib berildi. Shundan so‘ng, maydon o‘rab olindi va qurilish ishlari boshlab yuborildi. «URGANCH ECO SHOPPING CENTER» MChJ esa «Urgench Karvon Shopping Center» deb nomlangan savdo kompleksidan rastalar va do‘konlarni sotuvga qo‘ydi.

Bu holat hududga yaqin joylashgan «8-blok»da savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ko‘plab tadbirkorlarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Ishbilarmonlar o‘z savdo do‘konlarining buzib tashlanishidan, faoliyatiga salbiy ta'sir qilishidan xavotirga tushib, O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurori, Xorazm viloyati hokimi va Urganch shahar hokimiga shikoyat xatini yo‘lladilar. Uni 150ga yaqin tadbirkor imzolagan.

Tezkorlik bilan ajratilgan yer maydoni

Voqealar rivojiga e'tibor qaratilsa, shahar markazidagi 1 gektar yerni davlat zaxirasiga qaytarib olish, tegishli tashkilotlarning ruxsatnomalarini rasmiylashtirish, boshqa tadbirkorga ajratish jarayonlari tezkorlik bilan amalga oshirilganiga guvoh bo‘lish mumkin.

Jumladan, 2020 yil 18 mart kuni «Urganch markaziy dehqon bozori» AJ kuzatuv kengashining yig‘ilishi o‘tkaziladi. Unda jamiyatga tegishli 1 gektar yer maydonini Urganch shahar hokimligi zaxirasiga qaytarish haqida qaror qabul qilingan. Yig‘ilish bayonnomasida 1 gektar yerda «Go‘sht va sut mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash» obektlari tashkil qilinishi yozilgan.

2020 yil 19 mart kuni «URGANCH ECO SHOPPING CENTER» MChJ yer ajratilishini so‘rab Urganch shahar hokimligiga xat bilan murojaat qilgan.

2020 yil 20 mart kuni Urganch shahar hokimligi shu xat va «URGANCH ECO SHOPPING CENTER» MChJ bilan «Urganch markaziy dehqon bozori» AJ o‘rtasidagi kelishuv shartnomasi, Xorazm viloyat qurilish bosh boshqarmasi xulosasi, Urganch shahar SEOM, Urganch shahar FVB va Xorazm viloyati ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasining xulosalarini asos qilib olgan holda, 1 gektar yer ajratish haqidagi 405q-sonli qarorni chiqaradi.

Ya'ni 3 kun ichida yer maydoni davlat zaxirasiga qaytarilib, «tegishli tashkilotlarning xulosalari olinib», boshqa tashkilotga ajratib berilmoqda.

Tegishli tashkilotlarning xulosa va ruxsatnomalari olinganmi?

Urganch shahar hokimligining 20 mart kuni chiqarilgan 405q-sonli qarorida tegishli tashkilotlarning xulosasi olingani qayd qilingan.

Ammo mavjud hujjatlar o‘rganilganda Urganch shahar SEOMning «taklif qilinayotgan yer maydoni gigiyenik talablarga javob berishi» haqidagi xulosasi 26 mart (!) kuni berilgani, Xorazm viloyati ekologiya va atrof muhitni muxofaza qilish boshqarmasi esa 24 mart (!) kuni ruxsatnoma emas, balki «qurilish obektini ekspertizadan o‘tkazish shartligi» to‘g‘risida xat bergani, Urganch shahar FVB esa hech qanday xulosa bermagani ma'lum bo‘ldi.

Xorazm viloyatining qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi ham 1 gektar yer maydonida qurilishni boshlash mumkinligi haqida hech qanday ruxsatnoma bermagan. 31 mart kuni bergan xatida esa «qurilish obektining tasdiqlangan bosh rejasi buzilgani, Shaharsozlik Kodeksining 5-moddasi talablariga zid holda, qurilish ishlarini boshlash uchun hudud o‘zboshimchalik bilan o‘rab olingani» qayd etilgan. Bundan tashqari, ishchi loyihasi, ekspertiza xulosalari, qurilish ishlarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ommaviy oferta hujjatlari bo‘lmagani ko‘rsatilgan. Inspeksiya tomonidan qurilishni to‘xtatish va avtomobillar turar joyini o‘z holiga qaytarish bo‘yicha bozor ma'muriyati va quruvchiga ogohlantirish berilgan.

Prokuratura taqdimnomasi va qarorning bekor qilinishi

Urganch shahar prokuraturasi holatni o‘rganib, 1 gektar yerni ajratish jarayonida qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yilganini aniqlagan.

Prokuratura «Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qaroriga asosan yuridik va jismoniy shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish «E-IJRO AUKSION» yagona elektron savdo maydonchasida elektron auksion orqali amalga oshirish belgilangani sababli, Urganch shahar hokimligining 405q-sonli qarori qonunga zid qabul qilinganini aniqlab, uni bekor qilish haqida xulosa berib, taqdimnoma kiritgan.

2020 yil 28 may kuni Urganch shahar hokimligi tomonidan «URGANCH ECO SHOPPING CENTER» MChJga savdo va ishlab chiqarish kompleksi qurish uchun 1 gektar yer maydoni ajratish haqidagi 405q-sonli qaror bekor qilindi.

Shunday bo‘lsa-da, savdo kompleksining qurilish ishlari bu maqola e'lon qilingan vaqtda ham davom etmoqda.

Yangi savdo kompleksi nimani taklif qilmoqda?

«Urgench Karvon Shopping Center» savdo kompleksi loyihaga ko‘ra, 5 qavatli, shundan 1-qavati yerto‘lada bo‘lishi rejalashtirilgan.

Savdo kompleksining yerto‘la qismida oziq-ovqat, dehqonchilik mahsulotlari uchun mo‘ljallangan rastalar joylashadi. Ularning hududi 3 kv.m.dan boshlanadi va har 1 kv.m. kamida 10,2 mln so‘mdan taklif qilinyapti. Ya'ni oziq- ovqat mahsulotlari bilan savdo qilishni istagan tadbirkor 3 kv.m. rasta uchun kamida 30,6 mln so‘m to‘lashiga to‘g‘ri keladi.

Savdo kompleksining yuqori qavatlarida do‘konlar, umumiy ovqatlanish shoxobchalari joylashadi. Ularning hududi 11,2 kv.m.dan boshlanadi va har 1 kv.m. kamida 11,9 mln so‘mdan taklif qilinmoqda. Ya'ni tadbirkorlar do‘kon uchun kamida 133 mln so‘m to‘lashiga to‘g‘ri keladi.

Savdo kompleksi hududida avtomobillarning turar joyi bo‘lishi ko‘zda tutilmagan.

Tadbirkorlar nimadan norozi?

Qurilish ishlari davom etayotgan hududga yaqin masofada joylashgan «8-blok» savdo majmuasida faoliyat yuritayotgan ko‘plab tadbirkorlar bundan norozi bo‘lib turishibdi.

Ishbilarmonlar o‘z savdo do‘konlarining buzib tashlanishidan, qurilish ishlari olib borilishi natijasida savdo faoliyatiga zarar yetishidan xavotirga tushishmoqda. Bundan tashqari, avtomobillar turar joyi nima uchun buzib tashlangani, bozorga savdo qilish uchun kelgan mijozlar avtomobillarini qayerda qo‘yishi, nima uchun bunday qulaylikdan mahrum qilinganini bilishni istamoqdalar.

Qayd qilish joizki, ko‘p yillardan beri bozor hududida faoliyat yuritib kelgan tadbirkorlarning do‘koni bir necha marta buzilgan. Har safar ular juda katta mablag‘ evaziga yangi do‘kon olib, faoliyatini tiklashgan. Yangi savdo kompleksining ishga tushirilishi, undagi rastalar va do‘konlarning narxi juda qimmatligi ularning mulki va faoliyatiga qattiq zarar yetkazishi mumkinligidan xavotirga tushishmoqda.

Rasmiylar izohi

«URGANCH ECO SHOPPING CENTER» MChJ rahbariyati bilan bog‘lanib, qurilish ishlarini olib borish uchun zarur bo‘lgan tegishli tashkilotlarning qarorlari, xulosalari va ruxsatnomalarini so‘radik. Ammo javob bo‘lmadi.

Urganch shahar hokimligi qurilish ishlarini boshlash uchun zarur bo‘lgan qaror va tegishli tashkilotlarning xulosalari va ruxsatnomalaridan faqat Urganch shahar SEOMning «taklif qilinayotgan yer maydoni gigiyenik talablarga javob berishi» haqidagi ruxsatnomasi, shuningdek, Xorazm viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining ruxsatnomasi emas, balki «qurilish obektini ekspertizadan o‘tkazish shartligi» to‘g‘risidagi xatini taqdim qildi. Shuningdek, yer auksionga qo‘yilishini, yangi savdo kompleksi qurilishining davom etishini, bu borada zarur hujjatlar tayyorlanish jarayonida ekanini ma'lum qildi.

Urganch shahar bosh arxitektori Bahodir Atajanov yangi savdo kompleksi qurilganidan so‘ng, «8-blok» savdo do‘konlari buzilmasligini va tadbirkorlarning xavotiri o‘rinsiz» ekanini aytdi. Gapining isboti sifatida shahar bosh rejasidan ko‘chirmani ko‘rsatdi. Unda yangi savdo kompleksi bilan bir qatorda «8-blok» do‘konlari ham bor. Biroq, shahar bosh arxitektori buzib tashlangan avtomobillarning turar joyi o‘rniga yangisi barpo qilinishi shartligini alohida ta'kidladi.

Hokimlik va tadbirkorlar o‘rtasidagi ziddiyatning oldini olish mumkinmidi?

Ha, albatta. O‘zbekistonda aholi yashash joylarida qurilish ishlarini olib borish Shaharsozlik Kodeksi bilan tartibga solinadi. Uning 4-moddasi 7-qismida «Agar shaharsozlik faoliyati jamiyat, davlat, yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlariga zid bo‘lsa, bunday faoliyat tugatilishi kerak» deb belgilangan. Bu moddaga kengroq sharh beradigan bo‘lsak, har qanday qurilish ishlari loyihalashtirilishi va boshlanishidan oldin, shu hududdagi fuqarolar, korxona va tashkilotlarning manfaatlariga zid emasligi tekshirilishi, ularning roziligi olinishi shartdir. Kelib chiqqan ziddiyatdan bunday rozilik olinmagani va kodeks talablari bajarilmagani haqida xulosa qilish mumkin.

Nima uchun urganchliklar qulay bo‘lgan avtomobillar turar joyidan mahrum qilinmoqda?

Shaharsozlik Kodeksining 5-moddasida «Har bir fuqaro qulay yashash va faoliyat ko‘rsatish muhiti bilan ta'minlanish huquqiga ega ekani, shaharsozlik faoliyatining amalga oshirilishida fuqarolarning qulay yashash va faoliyat ko‘rsatish muhiti bilan ta'minlanish huquqi borligi, fuqarolarning shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda ishtirok etishi mumkinligi» ko‘rsatilgan. Bozordagi avtomobillar turar joyi esa shunday qulayliklardan biri edi. Uning bir qismi buzib tashlanishi natijasida, yon hududlarda, atrofdagi yo‘llarda juda katta tirbandliklar, aholi uchun noqulayliklar yuzaga kelgan. Bu esa bozor faoliyatiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

Nima uchun yirik savdo kompleksiga shahar markazidagi bozor hududidan yer ajratildi?

Shahar markazidagi bozor hududida yangi savdo kompleksining qurilishi iqtisodiy jihatdan qanchalik asoslangan? Bu holat shu yaqin atrofda faoliyat yuritayotgan ko‘plab do‘konlar, shuningdek, yirik savdo kompleksi hisoblanadigan gipermarket faoliyatiga qanday ta'sir qiladi? Yangi savdo kompleksi shaharning boshqa hududida barpo qilinishi maqsadga muvofiq emasmidi? Afsuski, bu savollar ham javobsiz qoldi. Tadbirkorlar yangi savdo kompleksi ishga tushirilsa, o‘z do‘konlarining buzib tashlanmasligiga ishonishmayapti. Chunki amalda bunday va'dalar shu paytgacha bajarilmay kelgan.

Nurmuhammad Said

Ko‘proq yangiliklar: